Orolboʻyida qariyb 400 ta masala joyida hal etildi
Davlatimiz rahbari topshirigʻi asosida Orolboʻyida ham aholi murojaatlariga eng koʻp sabab boʻlayotgan masalalarni aniqlash va hal qilish borasida tizimli ishlar amalga oshirilmoqda. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining Qoraqalpogʻiston Respublikasidagi Xalq qabulxonasi Nukus shahrida tashkil qilgan Joʻqorgʻi Kenges raisi va sektorlar rahbarlarining ommaviy qabulida ham murojaatlarning aksariyati mehnat va bandlik, taʼlim, sogʻliqni saqlash, tadbirkorlik, kredit olish, uy-joy taʼmiri bilan bogʻliq masalalardan iborat boʻldi.
Hal boʻlayotgan har bir masala ortida esa kamida bir oila, oʻnlab insonlar hayotidagi rozilik mujassam. “Ishlab, daromad topaman, oʻz hayotimni oʻzim oʻzgartiraman”, degan murojaatchilarning masalasini hal qilishga ham bu qabullarda ustuvor ahamiyat qaratildi.
Deylik, nukuslik tadbirkor Qiyas Habibullayev biogomus yetishtirish bilan shugʻullanadi va bu Orolboʻyida nisbatan yangi ishbilarmonlik yoʻnalishlaridan biridir. Faoliyatini kengaytirish masalasida yordam soʻragan tadbirkorga yer uchastkasini auksionga chiqarish, hujjatlarni rasmiylashtirish masalasida amaliy koʻmak koʻrsatildi.
Muloqotlar jarayonida ish masalasida murojaat qilgan 13 nafar inson doimiy ish bilan taʼminlangan boʻlsa, oʻz uyida tadbirkorlik faoliyatini yoʻlga qoʻyib, daromad topish istagini bildirgan 235 nafar murojaatchiga pishiriq pishirish pechlari va tikuv mashinalari berildi. Ularning aksariyati “temir daftar”, “ayollar daftari” va “yoshlar daftari”ga kiritilgan xotin-qizlardir. Bu esa birgina shu qabulning oʻzida qariyb 250 nafar inson oʻz ishi, daromad manbaiga ega boʻldi, deganidir.
Bu galgi qabullar natijasida “Inson qadri uchun” gʻoyasining amaliy roʻyobi nukuslik Nargiza Qaypnazarova oilasiga ham yangi hayot olib kirdi. Ayolning oʻzi 2-guruh nogironi, necha yildan beri ijarama-ijara kun kechirib, ikki farzandini yolgʻiz oʻzi ulgʻaytirmoqda. Bugungi ommaviy qabulga najot istab kelgan Nargiza opaning masalasi shu yerda oʻrganilib, ularga Nukus shahridagi ijtimoiy uylardan turar-joy ajratib berishga qaror qilindi.
Nukus shahri “Jipek joli” mahallasida yashovchi Rinat Fayzullayev esa bu yil Nukusdagi yuridik texnikumga oʻqishga kirdi. Uning orzusi taʼlim olib, huquqshunos boʻlish, ammo kontrakt pulini toʻlashga imkoni yoʻq. Ayni masalada qabulga yordam soʻrab kelgan Rinatning ham bu masalasi shu yerda hal qilinib, shartnoma pullari toʻlab beriladigan boʻldi.
Yoki Nukusning “Tele oray” mahallasida yashovchi Almurat Jumamuratovning shu mazmundagi murojaati asosida ikki nafar talaba farzandining kontrakt pullari mahalliy byudjet hisobidan qoplab beriladigan boʻldi. Umuman, shu kuni qabulda jami ijtimoiy himoyaga muhtoj oilalarning 7 nafar talaba farzandlariga shu yoʻnalishda yordam qoʻllari choʻzildi.
Qabullar davomida nafaqat oliy taʼlim olish uchun kontrakt pullarini toʻlab berish, balki uy-joyini taʼmirlash, sogʻligʻini tiklash, davolanish uchun imkon topolmayotgan jami 92 nafar murojaatchiga amaliy koʻmak berildi. Aytaylik, nukuslik Amangeldi Boranbayevning yuragida jarrohlik amaliyotini oʻtkazish, Nazira Alimbetovaning esa farzandini davolatish uchun moddiy yordam koʻrsatildi.
Muxtasar aytganda, Prezidentimiz topshirigʻi asosida Orolboʻyida har bir soha boʻyicha hududiy masʼullar bir joyda jam boʻlib, har bir murojaatni sinchiklab koʻrib chiqib, ularga yechim topayotgani xalq bilan muloqot tizimini yangi bosqichga olib chiqmoqda.
Nukus shahrida tashkil qilingan ommaviy qabulda ham 586 nafar murojaatchining 616 ta masalasi koʻrib chiqilgan boʻlsa, ularning 382 tasi joyida hal qilindi, qolgan masalalarni oʻrganish-u yechim topish boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, Prezident Xalq qabulxonasi nazoratiga olindi. Qoraqalpogʻistondagi sektorlar rahbarlarining bu kabi ochiq muloqotlari Orolboʻyining boshqa hududlarida ham tashkil qilinmoqda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring