Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasiga nega parlament soʻrovi yuborildi?
Oʻzgarishlar bor. Lekin yechimini kutayotgan masalalar ham yoʻq emas.
Keyingi yillarda mamlakatimizda oʻrmon xoʻjaligini rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Ayniqsa, Oʻzbekiston Respublikasi oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi qabul qilingani sohani tubdan isloh qilishda muhim rol oʻynamoqda. Oʻtgan davrda Konsepsiya doirasida oʻrmon xoʻjaligini tubdan rivojlantirishning huquqiy asoslari takomillashtirildi. Xususan, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining 2 ta qarori, Vazirlar Mahkamasining 1 ta qarori qabul qilindi.
Konsepsiyada belgilab berilgan ustuvor vazifalardan kelib chiqib 2020-2022-yillarda oʻrmon fondi yerlarini ijaraga olgan ijarachilarga qulay shartlarda ijara toʻlovining “nol” stavkasini qoʻllash amaliyoti joriy qilingan. Xususan, 1 mln. 387 ming gektar yaylov yerlari Pillachilik va qorakoʻlchilikni rivojlantirish qoʻmitasiga nol stavkasi boʻyicha ijaraga berilgan.
Oʻrmonlardan oqilona va tejamkorlik bilan foydalanish maqsadida 2020-yilda 2020 gektarga ihota daraxtzorlari va 11 ming gektarda yongʻoqmevali, 100 gektarda tez oʻsuvchi daraxtlar plantatsiyalari hamda joriy yil bahor mavsumida 1121 gektar maydonda ihota daraxtzorlari barpo etilgan. Oʻrmonlarda yetishtirilgan koʻchatlar soni 80 mln. donaga yetkazilgan.
Oʻrmon fondi yerlaridan samarali foydalanishni tashkil etilishi natijasida 4,3 ming gektar maydonda dorivor oʻsimliklar plantatsiyasi barpo etilib, madaniy holda yetishtiriladigan dorivor va ozuqabop oʻsimliklar turlari 61 turga yetkazilgan hamda 5,9 ming tonna mahsulot tayyorlangan, 34,7 ming gektar maydonda 28 ming tonna qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirilib, oʻrmon xoʻjaliklaridagi mavjud chorva bosh soni 37 mingtaga, parranda bosh soni 102 mingtaga, asalari oilasi soni 22,6 mingtaga yetkazilgan.
Muammolar hal qilinmas ekan, ular yana boshqasini yetaklab kelaveradi.
Shu bilan birga, deputatlar tomonidan hududlarda olib borilgan oʻrganishlar davomida Konsepsiyada belgilangan qator tadbirlarni oʻz vaqtida va samarali amalga oshirish uchun xalaqit berayotgan qator masalalar mavjudligi aniqlandi.
Xususan, 2030-yilgacha oʻrmon fondi yerlari maydonini 14 million gektarga, shundan oʻrmon bilan qoplangan yerlarni 6 million gektarga, urugʻ tayyorlash hajmini yiliga 840 tonnaga, asalari oilalari sonini 300 mingtaga, qishloq xoʻjaligi mahsulotlari yetishtirish hajmini yiliga 32 ming tonnaga, dorivor oʻsimliklar yetishtirish hajmini yiliga 11,6 ming tonnaga yetkazish boʻyicha bugungi kunda amalga oshirilayotgan ishlar yetarli emas deb hisoblanmoqda. Oʻrmonlarni muhofaza qilish, saqlab qolish, qayta tiklash, koʻpaytirish hamda ulardan oqilona foydalanishni taʼminlash maqsadida davlat-xususiy sheriklikning qoidalari va tartib-taomillarini joriy etish toʻliq taʼminlanmayapti. Oʻrmonlarni davlat-xususiy sheriklik asosida boshqarishning huquqiy asoslari toʻliq yaratilmagan.
Oʻrmon fondi yerlarining imkoniyatlarini joyiga chiqqan holda oʻrganish va baholash, salohiyatli oʻrmon fondi yerlarini sayyohlar tashrifi uchun moslashtirish boʻyicha ishlar holati yetarli darajada olib borilmayapti.
Mazkur muammolardan kelib chiqib, 2021-yil 6-iyul kuni boʻlib oʻtgan parlament quyi palatasining navbatdagi majlisida Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi OʻzLiDeP fraksiyasi va Agrar va suv xoʻjaligi masalalari qoʻmitasi tashabbusi bilan Oʻrmon xoʻjaligi davlat qoʻmitasi raisi N. Bakirovga “Oʻzbekiston Respublikasida oʻrmon xoʻjaligi tizimini 2030-yilgacha rivojlantirish konsepsiyasi ijrosi yuzasidan olib borilayotgan ishlar toʻgʻrisida”gi Qonunchilik palatasining parlament soʻrovini yuborish haqida qaror qabul qilindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring