Oriyatli odam

12:08 20 Oktyabr 2025 Jamiyat
202 0

Illyustrativ foto

Mahalla raislaridan biri bilan suhbatlashganimizda u “Menga moddiy yordam bering” deya ostona hatlab keluvchilar tez-tez uchrayotganidan nolib qoldi. “Surishtirsangiz, toʻrt muchasi sogʻ, ammo ishlashni, jonini jindek koyitishni oʻziga ep koʻrmaydi”, dedi rais boqimandalikka berilgan ayrim fuqarolarni nazarda tutib. Shunda beixtiyor Shahobiddin Joʻrayev yodimizga tushdi.

Romitan tumani Navbahor mahallasida yashovchi bu yigitning bolaligi tashvishli kechdi. Tabiatan harakatchan, shoʻx boʻlgani uchun chaqaloqligida sandalga – bozillagan choʻgʻ ustiga tushib ketdi. Oqibatda ikki oyogʻi tizzasigacha kuyib qoldi.

Ota-onasi uni uzoq davolatishdi. Taassufki, kuygan joyini qayta tiklash iloji boʻlmadi. Mana, 35-yildirki, Shahobiddin 2 – guruh nogironi. Protez oyoqlar uning madadkori.

Bolaligidagidek hali ham tinib-tinchimaydi. Birovga ogʻirligi tushishini istamaydi. Oʻta oriyatli. Mahalladagilar, “Inson” ijtimoiy xizmatlar markazi vakillari uni tez-tez yoʻqlab turishadi. Shahobiddin esa odatiga koʻra, hammaning muruvvatini rad etadi. Halol mehnat bilan topganiga qanoat qiladi. Tez orada ikki nuri diydasi – Shamshodbek bilan Shahrillo qanotiga kirishini oʻylab koʻngli allanechuk boʻlib ketadi. Darvoqe, qanday mehnat, deysizmi? Shahobiddin oʻrta maktabni tugatgach, tadbirkorlik etagidan tutdi. Avtomobillarga ehtiyot qismlar sotish doʻkonida ishladi. Bu orada oyoq protezlari tez-tez taʼmirtalab ahvolga tushar, yangisi esa hadeganda topilavermasdi. Shunda qahramonimizda “Oʻzimga oʻxshagan nogironlarning ogʻirini yengil qilsam – chi?”, degan fikr tugʻildi.

Oʻychining oʻyi bitguncha tavakkalchining ishi bitibdi, deganlaridek, Shahobiddin ishga jiddiy kirishdi. Hatto joy tanlashda ham mijozlar uchun qulayroq boʻlishini oʻyladi. Shu tariqa Buxoro shahridagi Gazli shohkoʻchasida oʻzining “Neoprotez” deb nomlangan kichik korxonasini ochdi. Masʼuliyati cheklangan jamiyati shaklidagi bu korxona protez oyoq, qoʻl, karset, maxsus oyoq kiyimlari, hassa va boshqa jihozlarni tayyorlash va eskirganlarini taʼmirlashga ixtisoslashgan.Shahobiddin shogirdlar tayyorlab, ularni ham oʻz qavatiga oldi. Muhimi, aholining ijtimoiy himoyaga mahtal qatlami sanalgan nogironlarga halol – pokiza xizmat koʻrsatmoqda. Mijozlari koʻp. Buxoro tumanidagi Sheyxoncha qishlogʻida istiqomat qiluvchi Zayniddin Majidov shularning biri.

– Avtohalokat oqibatida salomatligimni yoʻqotdim, – deydi u. – Oʻn besh yildan buyon oyoq va qoʻllarim uchun protezga buyurtma berib kelaman. Shu matoh uchun 500 – 600 kilometr yoʻl bosib, Toshkentga borishimga toʻgʻri kelgan paytlar ham boʻlgan. Shahobiddin Joʻrayev shunday protezlar tayyorlaydigan korxona ochgach, ovoragarchilikka hojat qolmadi. Vaqtim ham, pulim ham tejalyapti. Mahsulotining sifati joyida. Oyoq va qoʻl protezlarimni avvalgidek har ikki yilda emas, toʻrt yilda almashtiryapman. Baraka topsin, Shahobiddinning oʻzi ham odamshavanda, samimiy inson...

Ha, oʻzi yordamga ehtiyojmand boʻlsa-da, boshqalarga ogʻirini solishni istamaydigan va aksincha oʻzgalar tashvishini yengil qilishga bel boylagan gʻururli, oriyatli insonlar oramizda koʻp. Nazarimizda, hayot ular bilan yanada mazmunli va goʻzaldir.

Maxfirat ATOYEVA,

Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi aʼzosi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?