«Oʻriklisoy»da kechayotgan ijod bayrami

21:01 05 Iyul 2021 Madaniyat
946 0

Adabiyot — millatning jon tomiridir. Qaysiki mamlakatda adabiyotga eʼtibor qaratilsa, unda ulgʻayuvchi avlod maʼnan yetuk va barkamol boʻladi. Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan Zomin tumanining «Oʻriklisoy» oromgohida tashkil etilgan Respublika yosh ijodkorlarining Zomin seminari bir necha yillardan buyon isteʼdodli yoshlarni kashf qilishga xizmat qilib kelmoqda.

5-iyul kuni erta tongdan yosh ijodkorlar, ustoz yozuvchi-shoirlar, publitsist-dramaturglar hamda ommaviy axborot vositalari xodimlari Yozuvchilar uyushmasi binosi oldida jam boʻldi. Yigʻilganlar dastlab Adiblar xiyobonidagi Alisher Navoiy haykali poyiga gul qoʻydi. Shundan soʻng ishtirokchilar avtobuslarga oʻtirib, Jizzax viloyati Zomin tumaniga yoʻl olishdi.

«Oʻriklisoy» oromgohida seminar ishtirokchilari badiiy adabiyotning nazm, nasr, dramaturgiya, badiiy publitsistika, badiiy tarjima, bolalar adabiyoti, adabiy tanqid yoʻnalishlari boʻyicha shoʻbalarga boʻlingan holda mahorat darslarini olib borishmoqda. Ishtirokchilarning asarlarini saralash va ular uchun mahorat saboqlarini oʻtkazish maqsadida taniqli ijodkor ustozlar, adabiyotshunos olimlardan iborat 35 kishilik ishchi guruh tashkil qilingan.

Bu yilgi seminarda Qoraqalpogʻiston Respublikasi, Toshkent shahri va barcha viloyatlardan 66 nafar yosh ijodkor hamda hamkor tashkilotlar tomonidan yuborilgan 9 nafar isteʼdodli yosh ijodkor — anʼanaviy qoʻshiq ijrochilari, bastakorlar, kinematografiya sohasi yosh ijodkorlari, rassomlar (kitobat sanʼati yoʻnalishida tahsil olayotgan talabalar) ham ishtirok etishmoqda.

Seminar 8-iyulgacha davom etadi.

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?