Organizmda yod tanqisligi qanday ogʻir asoratlarni keltirib chiqaradi?
Jahon sogʻliqni saqlash tashkiloti maʼlumotlariga koʻra, dunyoda 665 million nafardan ortiq odam endemik buqoq va boshqa qalqonsimon bez kasalliklaridan aziyat chekmoqda. Qariyb 1,5 milliard kishida esa yod tanqisligi rivojlanishi xavfi mavjud.
Bunday xastaliklar Oʻzbekistonda ham oʻtkir muammoga aylanib borayotgani sir emas. Chunki Markaziy Osiyo yod tanqisligi kasalliklari keng tarqalgan endemik mintaqalar sirasiga kiradi.
Xoʻsh, bu modda nima uchun bu qadar muhim ahamiyatga ega?
Sevara FAXRUTDINOVA, tibbiyot fanlari nomzodi:
— Yod mikroelementini inson organizmi ishlab chiqara olmaydi. Shu sababli uni faqat tashqi muhit orqali qabul qilishi mumkin.
Bu modda organizmda qalqonsimon bez gormonlarining normal sintezlanishi uchun kerak. Agar yetarli darajada yod isteʼmol qilinmasa, qalqonsimon bez funksiyasi buzilishi kuzatiladi.
Ushbu muhim hayotiy mikroelimentga boʻlgan kunlik ehtiyoj chaqaloqlarda 50 mikrogramm, 1-6 yoshli bolalarda 90 mikrogramm, 7-10 yoshli oʻgʻil-qizlarda 120 mikrogramm, oʻsmirlar va kattalarda 150 mikrogrammni tashkil qiladi.
Homiladorlik va emiziklilik davrida esa ayollarning yodga boʻlgan kunlik talabi 200-300 mikrogrammgacha ortib ketadi.
Biroq hozir yurtimizda deyarli barcha aholi vakillari ratsionida mazkur mikroeliment tanqisligi kuzatiladi. Vaholanki, buning asoratlari yomon.
Masalan, yod tanqisligi aqliy zaiflikning asosiy omili. Bu modda yetishmasligi qalqonsimon bez va ovqat hazm qilish organlari faoliyati bilan bogʻliq turli jiddiy kasalliklarni keltirib chiqaradi.
Shuningdek, tirnoqlarning tabaqalanishi, soch toʻkilishi, teri quruqlashuvi, uyquchanlik, charchoq ham organizmda yod taqchilligi alomatlaridan.
Bu muammo bolalarda endemik buqoq, jismoniy va ruhiy jihatdan rivojlanishdan orqada qolishga sabab boʻladi.
Ana shundan kelib chiqqan holda, Prezidentimizning tegishli qarori asosida mamlakatimizda aholining kasallikka chalinish xavfi yuqori boʻlgan guruhlari, jumladan, bolalar, oʻsmirlar, homilador va emizikli ayollarni yod preparatlari bilan bepul taʼminlash amaliyoti yoʻlga qoʻyilgan.
Oʻz navbatida, respublikamizda ishlab chiqarilayotgan, sotilayotgan va isteʼmol qilinadigan osh tuzini istisnosiz 100 foiz yodlashtirishni taʼminlash qatʼiy nazorat qilib borilyapti.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sobiq bosh vazir uzoq muddatga qamaldi
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Turkiyada qalbaki alkogoldan yana 3 nafar oʻzbekistonlik hayotdan koʻz yumdi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring