Oʻquv va talabalar turar joyining yangi binolari foydalanishga topshirildi

16:15 30 Sentyabr 2024 Jamiyat
319 0

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Toʻrt yildan buyon faoliyat olib borayotgan Samarqand davlat universiteti Kattaqoʻrgʻon filialida 2504 nafar talaba 21 ta yoʻnalishda tahsil olmoqda.

Ularga qulaylik yaratish maqsadida 2022-yilda SamDU Kattaqoʻrgʻon filialining yangi oʻquv hamda talabalar turar joyining yangi binolarini qurish ishlari boshlangan edi. Bularga 74 milliard soʻm mablagʻ safarbar etildi.

Natijada bugungi kunga kelib 4 ming oʻrinli oʻquv binosi, 500 oʻrinli talabalar turar joyi zamonaviy qulayliklarga ega holatda qurib bitkazildi.

Yangi oʻquv binosida 4 ta kompyuter xonasi, 5 ta biologiya, fizika va kimyo laboratoriyalari bor. Shuningdek, oʻnlab elektron doska hamda proyektor, televizorlar bilan jihozlangan auditoriyalar mavjud.

Mazkur binolarning ochilish marosimida SamDU rektori, Oʻzbekiston Respublikasi fan arbobi, senator R.Xolmurodov, Kattaqoʻrgʻon shahar hokimi G.Alimova hamda keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda soʻzga chiqqanlar yigʻilganlarni ilm-maʼrifat yoʻlidagi buyuk qadam, keng imkoniyat bilan qutladi. Bu ishlarning barchasi yurtboshimizning taʼlim yoʻlidagi islohotlari mevasi ekanligi taʼkidlandi. Shuningdek, mazkur inshoot bayramga munosib tuhfa boʻlganligi eʼtirof etildi.

Mehmonlar va keng jamoatchilik filial oʻquv binosi hamda talabalar turar joyida yaratilgan sharoitlar bilan tanishdi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?