“Oqqush” majmuasida Ginnes rekordlar kitobi sertifikati topshirildi

13:04 28 Avgust 2024 Jamiyat
228 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Davlatimiz rahbarining shu yil 20-avgust kuni tadbirkorlar bilan ochiq muloqoti “Oqqush” majmuasida qoraqalpoq milliy “Qora uyi”, yaʼni oʻtov shaklida qad rostlagan yangi imoratda oʻtkazildi. Mazkur inshootning shakli va bezatilishi muloqotga kelgan yurtimiz tadbirkorlari va chet ellik mehmonlarning ham diqqat-eʼtiborini tortgan edi.

Yaqinda ushbu qoraqalpoq oʻtovi Ginnes rekordlar kitobiga kiritilgani haqida xushxabar tarqaldi.

Shu munosabat bilan “Oqqush” majmuasidagi oʻtovning oʻzida Ginnes rekordlar kitobi sertifikatini tantanali topshirish marosimi oʻtkazildi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A.Orinbayev, Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti maslahatchisi T.Xudaybergenov va davlat idoralari rahbarlari, nuroniylar, yoshlar hamda OAV vakillari ishtirok etishdi.

Tantanali marosimda Nukusdagi “Oqqush” majmuasi hamda uning hududida barpo etilgan dunyodagi eng katta diametrli oʻtov davlatimiz rahbari koʻrsatmalari asosida qurilgani eʼtirof etildi.

— Prezidentimizning Qoraqalpogʻistonga har bir tashrifi quvonchli voqealarga boy boʻlayotir, — deydi Savitskiy nomidagi Qoraqalpogʻiston davlat sanʼat muzeyining etnografiya boʻlimi rahbari Aygul Pirnazarova. — Men juda baxtli insonman. Negaki, bir necha bor davlatimiz rahbari bilan uchrashib, sanʼat va madaniyat sohasini rivojlantirish borasidagi tavsiyalarini eshitganman. Prezidentimiz “Oqqush” majmuasida tashkil etilgan oʻtovlar koʻrgazmasini koʻzdan kechirganida men qoraqalpoq oʻtovlari haqida gapirib berdim.

Majmuada qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirgʻiz, boshqird kabi turkiy xalqlarning hamda Qoraqalpogʻiston tumanlarining oʻtovlari tashkil etilgan edi. Ularda qardosh ellarimiz tarixi, madaniyati va turmush tarzi oʻz ifodasini topgan, albatta.

Har bir xalqning, insonlarning hayoti, turmush tarzi uy-joydan boshlanadi. Shu nuqtayi nazardan qaraganda, xalqimizning qadimiy boshpanasi qora uy boʻlganini bilamiz. Qora uy qurish anʼanasi qoʻshni respublikalar xalqlarida ham boʻlgani bilan ular bir-biridan farq qiladi. Oʻtovni tiklash ham oʻziga xos mehnat talab etadi. Oʻtov tiklashda ishlatiladigan ashyolar tayyorlaydigan ustalarni “uychi” deyishadi. Qora uyni tiklashda har qanday yogʻochdan ham foydalanib boʻlmaydi. Oʻtov yasash qoraqalpoq xalqiga ota meros.

Oʻtov, umuman, u bilan bogʻliq urf-udumlar qoraqalpoqlarning ajdodlaridan meros qadim qadriyatlaridan sanaladi. Xalq orasida uning “qora uy”, “oq oʻtov”, “boʻz oʻtov”, “boʻz oʻrda” kabi nomlari ham boʻlib, olti, sakkiz, oʻn ikki qanotlilari mavjud.

Oʻtov chidamli, egiluvchan toldan ishlanadi. Qora uy 3 bosqichda boʻladi — dastlab kerege (yogʻoch panjara), undan soʻng shaniroq (qora uyning tom qismi), soʻnggi bosqich uviq (tirgak) deb yuritiladi.

Qora uyning 6, 8, 12 qanotli turlari bor. 5 qanotli uylar kam uchraydi. Odatda, 6 qanot uylar yosh oilalar uchun maxsus tikilgan. 8 qanotli uylar esa oiladagilar soni koʻpayganidan soʻng qurilgan.

Eng yirik – 12 qanotli uy qishloq tashqarisidagi “Maslahat tepa”ga tikilib, unda ogʻalar, yaʼni biylar va beklar el-yurt taqdiri bilan bogʻliq muhim masalalarni hal qilish uchun yigʻilgan. Qora uy bezak buyumlarining barchasi qoʻlda ishlangan, yaʼni oʻrmakda toʻqilgan. Kigiz asosan qoʻy, arqon esa tuya junidan tayyorlangan.

Qora uyga naqshli bezaklariga qarab oq oʻtov, boʻz oʻtov deb taʼrif berilgan. Qora uyning oʻrtasida toʻrt qirrali oʻchoq oʻrnatilib, tutuni uy tuynugidan chiqib ketadi.

Oʻtov tiklashda uning tashqi tomondan oʻraladigan jihozlariga ham alohida eʼtibor berilgan. Oʻtovning tarkibiy qismi sanalgan “chiylar” esa tashqi muhitdan himoya, shuningdek, turli hasharot va kemiruvchilardan saqlagan.

Nukus shahridagi “Oqqush” majmuasida eng katta oʻtovning diametri 42, balandligi 22 metrni tashkil etadi. Unda maʼmuriyat, oshxona va boshqa xonalar mavjud. Bu yerda turli madaniy tadbirlar, forumlar oʻtkazish mumkin. Majmuada qoraqalpoq, qozoq, turkman, qirgʻiz, boshqird kabi turkiy xalqlarning hamda Qoraqalpogʻiston tumanlarining oʻtovlari ham tashkil etilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер