Oʻqituvchiga ragʻbat boʻlmasa taʼlim sifati oshadimi?

14:25 23 Fevral 2023 Jamiyat
386 0

Arxiv surat

2023-yil — Insonga eʼtibor va sifatli taʼlim yili

Ayrim paytlarda hozirgi zamon bolalari bilimsiz boʻlib qolayotganida, taʼlim-tarbiya sifati sustligida maktabdagi oʻqituvchini osongina aybdorga chiqarib qoʻyamiz. Aslida minbarlarda takror va takror taʼkidlanayotgan muallim obroʻsini yuksaltirish uchun uning qadr-qimmatini joyiga qoʻyish haqidagi soʻzlar amalda oʻz aksini topyaptimi? Tinimsiz zahmat va koʻz nuri ila oʻquvchilarga qalb-qoʻrini ochgan fidoyi taʼlim xodimlari hamma vaqt ham oʻz mehnatiga yarasha ragʻbatga loyiq koʻrilyaptimi? Yoxud yosh qiziqchilar jamoasi kulgiga olganidek “unga mashina, bunga uy, oʻqituvchiga faxriy yorliq” beriladimi?

Bundan ikki yil muqaddam yurtboshimizning Buxoroga tashrifi chogʻida joylarda taʼlim sifatini oshirishga eʼtibor qaratish hamda lokomotiv maktablarni koʻpaytirish haqida soʻz borgandi. Prezidentimiz Sh.Mirziyoyevning buxorolik bir guruh mutasaddilar va xalq taʼlimi xodimlari bilan uchrashuvi chogʻida Buxorodagi mashhur Qorakoʻl xalqaro matematika maktabining filiallarini boshqa hududlarda ham ochish taklifi ilgari surilgandi. Eng asosiysi, oʻz uy-joyi va ona qishlogʻidan voz kechib yashash joyini oʻzgartirib ishlaydigan oʻqituvchilarni qoʻllab-quvvatlash haqida vazifalar belgilangan. Shundan soʻng koʻpgina oʻqituvchilar qatori buxorolik oʻqituvchi Shohruh Karimov ham Ohangarondagi yangi tashkil etilgan maktabda faoliyat yuritish uchun manzilini oʻzgartirdi. Uning maqsadi oʻz bilimini mamlakatimizdagi yoshlarga ulashish orqali Vatanimiz shaʼnini jahon ilm-fan sahnalarida yuksakka koʻtarish boʻldi. Unga fizika-matematika hamda kimyo fanlari boʻyicha oʻquvchilarning bilim-saviyasi oshirish vazifasi yuklandi.

Yutuqlar bisyor, ammo...

Pedagog Karimov ish boshlashi bilanoq oʻquvchilarni aniq fanlarga qiziqtirishga erishdi va qator yutuqlarni qoʻlga kiritdi. Jumladan, 2022-yildagi eng katta yutugʻi uning sinf rahbarligidagi oʻquvchilarning 99 foizi oliy taʼlimga qamrab olindi. Yaʼni 19 nafardan 18 nafari oliy taʼlim muassasalariga qabul qilindi, ulardan 4 nafari IELTS sertifikatini qoʻlga kiritishdi, 4 nafari esa xalqaro universitetlarga oʻqishga kirdi. Shohruh Karimovning Ohangaron-Qorakoʻl maktabida kimyo va biologiya fanlaridan oʻquvchilari katta yutuqlarga erishdi. Oʻtgan yilning dekabr oyida oʻtkazilgan al-Xarozmiy xalqaro olimpiadasida biologiya fanidan 7-sinf oʻquvchisi Abbosov Sardor 1-oʻrinni, 8-sinf oʻquvchim Rustamova Mushtariy 2-oʻrinni, 8-sinf oʻquvchim Sanginov Abdurahmon 3-oʻrinni egalladi, kimyo fanidan 7-sinf oʻquvchim Sulaymonova Ominaxon 3-oʻrinni egallashdi. 2022-yil fan olimpiadasida 10-sinf oʻquvchilari Hoshimqulov Doston, Ergashova Sadoqat kimyo fanidan Ohangaron shahar olimpiadasida gʻolib boʻlib, viloyat bosqichida ham faxrli oʻrinlarni qoʻlga kiritishdi.

Ushbu muvaffaqiyatlar haqida yana uzoq gapirish mumkin. Boisi oʻqituvchi Shohruh Karimov sahar soat 5-00 da maktabga kelib, kechki 23-00 gacha qolib ishlagan paytlari boʻldi. Biz uning necha soat maktabda boʻlganini emas, chekkan zahmati haqida taʼkidlamoqchimiz. Sir emas, Ohangaron tumani taʼlim reytingi boʻyicha eng oxirgi oʻrinlarda joy olib kelgan. Mana shu ikki yil mobaynida Ohangaron-Qorakoʻl maktabi oʻquvchilari nafaqat tumanni, balki viloyatni ham mamlakat miqyosida tanitib ulgurmoqda. Barchasi oʻqituvchining salohiyat va tajriba bilan boladagi iqtidorni yuzaga chiqarib berayotganida deyish mumkin, albatta. Shunga qaramay, oʻqituvchi mehnati ragʻbat topmasa, uni tuman yoki viloyat xalq taʼlimi mutasaddilari tinglamasa nachora?!

“Oʻquvchim yigʻlagach, shahardan yana qaytdim”

— Aslida bilimsiz oʻquvchi boʻlmaydi. Oʻquvchilarim xalqaro olimpiadalarga ham chiqib ulgurdi. Men ular bilan ishlab birma-bir gʻoliblik sari ketayotgani hamda oliy oʻquv yurtlariga oʻz ilmi bilan oʻqishga kirayotganini koʻrib quvonaman. Mana shuning oʻzi ragʻbatdir, biroq... Katta vaʼdalar berilganiga qaramay, mahalliychilik munosabatlariga duch kelganim koʻnglimni choʻktiradi. Qorakoʻl xalqaro maktabi Navoiy viloyatida ham ochilgandi va ishga taklif qilishgandi. U yerda pedagoglar uchun uy-joy va boshqa yashash sharoitlarida imtiyozlar mavjud. Ohangaronda ham bu borada amaliy yordam boʻlishi aytilgandi, lekin bajarilmadi. Yashash joyni ham oʻzimiz topib, keyinchalik mashinamni sotib uyli boʻldik. Yana bir masalada xalq taʼlimi masʼullaridan yordam soʻradim, lekin hech kim yordam bermadi. Yaʼni universitetni “qizil” diplom bilan tamomlagan ayolim ham oʻqituvchi boʻlib ishlagan. Uning oʻz sohasida bilimi va intilishi yaxshi boʻlishiga qaramay, ishga joylash muammo boʻldi. Va u oʻzini band qilish maqsadida ikkinchi mutaxassislik boʻyicha oʻqishga kirdi.

Pedagog ikki yil davomida oʻz halovatidan kechgani evaziga barcha xalq taʼlimi xodimlari qatori 1-oktyabr sanasida 460 ming soʻm olganini aytdi. Ochigʻini aytish kerak, mehnati evaziga haq yoki ragʻbat olmagan oʻqituvchi faqat Karimov emas. Bu yerdagi boshqa fan oʻqituvchilari, eng asosiysi, ingliz tili fani oʻqituvchisi ham mana shunday muhit sabab shaharga ketib ishlamoqda. Afsuslanarlisi, ingliz tili fanidan olimpiadalarga chiqayotgan oʻquvchilar soni keskin kamaydi. Maktabning oʻzi koʻrimsiz besh qavatli binoda joylashgan va unda gigiyena-sanitar talablarga javob beradigan shart-sharoitning oʻzi yoʻq. Demak, bu maskanda birgina oʻqituvchi emas, oʻquvchi ham qadrlanmayotgan koʻrinadi. Shu alfozda taʼlim sifati oshadimi, degan haqli savol qiynaydi kishini. Sh.Karimovning aytishicha, bu savollar bilan Toshkent viloyati xalq taʼlimi boshqarmasi boshligʻi Azamat Kamolovga ham necha martalab murojaat qilganiga qaramay vaqt ajratilmagan. Bunday eʼtiborsizlikdan qochib shaharga ishlagani ketgan muallim oʻquvchisining yigʻlagan koʻzlariga qarab yana maktabga qaytdi. “Shularni koʻzim qiymaydi, mehnatim singgan oʻgʻil-qizlar maktabni bitirib, oliy oʻquv yurtlariga kirib olsa, bu yerlardan ketish niyatim bor” deydi pedagog. Bunga sabablardan yana biri maktabda oʻqituvchiga turli bosimlar mavjud: oʻquvchilarga darsdan keyin qoʻshimcha toʻgarak oʻtma, bu fandan tayyorlama...

“2023-yilda Farmatsevtika universiteti tomonidan oʻtkazilayotgan «Yosh kimyogarlar” olimpiadasida ishtirok etmoqchimiz. Agar bizga shart-sharoit va imkoniyatlar yaratib berilsa, xalqaro olimpiadalar, jumladan, Mendeleyev olimpiadasiga ham oʻquvchilarimizni bemalol olib chiqa olamiz». Oʻqituvchining bunday shijoatini yanada koʻrsatish, uni qoʻllab-quvvatlash lozim. Zero, avvallari oʻqituvchilarga suv, gaz, elektr, mol-mulk soligʻi kabi kommunal toʻlovlarning 50 foizi hamda yoʻl haqi uchun oylik chipta imtiyoz sifatida berilganini koʻp eshitamiz. Motivatsiya beruvchi imtiyozlar pedagoglarni ruhlantiradi, ularga havasi uygʻongan yoshlar ham ilmli muallim boʻlishni orzu qilishadi. Ular uchun bepul tushlik yoki imtiyozli kredit evaziga mol-mulk ajratilsa, farzandlari uchun imkoniyatlar belgilansa maqsadga muvofiq boʻlardi.

Shoira BOYMURODOVA, jurnalist.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?