Oqdaryolik hunarmandlar safi tobora kengaymoqda
Foto: Халқ сўзи
Bugungi kunda Samarqand viloyati Oqdaryo tumanida 46 nafar fuqaro “Hunarmand” uyushmasiga aʼzo boʻlgan. Ular 300 nafarga yaqin yoshlarni shogirdlikka olgan. Vaholanki, bundan 4-5 yil ilgari tumanda barmoq bilan sanarli hunarmandlar bor edi. Mahallabay ishlash tizimi, hududlarda hokim yordamchisi hamda yoshlar yetakchisi vazifalari joriy etilgach, hunarmandchilik bilan shugʻullanish istagida boʻlganlar izlab topilyapti va ular safi tobora kengayib boryapti.
Misol uchun, tumanning “Turon” MFYga qarashli Arpa qishlogʻida 2000-yildan buyon yogʻoch oʻymakorligi bilan shugʻullanib kelayotgan Jamol Esonovning ayni paytda 20 dan ortiq shogirdi bor. Ular asosan sayyohlar uchun sovgʻabop mahsulotlar tayyorlaydi.
Hunarmand va uning shogirdlari tomonidan tayyorlanadigan 2 pallalidan 16 pallaligacha boʻlgan lavhlarni asosan xorijliklar xarid qiladi. Birgina toʻrt pallali lavhni tayyorlash uchun kamida ikki kun vaqt sarflanar ekan. Lavh bir butun yogʻochdan maxsus arralar yordamida hech qanday yelim yoki mix ishlatmasdan yasaladi. Bezak uchun oʻyma naqshlar solinadi.
— Asosiy mijozlarimiz Pokiston va Rossiya davlatidan, — deydi Jamol Esonov. — Biz yasagan hunarmandchilik mahsulotlariga amerikaliklar ham katta qiziqish bildiryapti. Sayyohlar kichik sovgʻalarni oʻzlari bilan olib ketishadi, kattaroq buyumlarni pochta orqali joʻnatamiz. Kelajakda ustaxonamizni turistik maskanga aylantirishni niyat qilganmiz. Bu yerda sayyohlar hunarmandchilik mahsulotlarini yasash jarayonlari bilan yaqindan tanishib, qiziquvchi mehmonlar boʻlsa, biror buyumni yasab koʻrishlari uchun sharoit yaratamiz.
Jamol Esonovning shogirdi Adham Suyundikov dastlab yogʻoch oʻymakorligi bilan shugʻullangan. Bugungi kunda u oilaviy korxona tashkil etdi. Bu yerda milliylik va zamonaviylik uygʻunlashtirilgan holda bir-biridan bejirim mebel jihozlari tayyorlanmoqda.
— Avval yakka tartibdagi tadbirkor sifatida ish boshladim, — deydi Adham Suyundikov. — Soʻng mahallamizdagi hokim yordamchisi Uchqun Joʻrayevning taklifi bilan oilaviy korxona tashkil etdim. Natijada 20 nafar ishsizning bandligi taʼminlandi. Hovlimizdagi ayvonda bor imkoniyatdan foydalanib, ishlab kelyapmiz. Hozir faqat buyurtma asosida mebel jihozlari yasayapmiz. Mijozlarimiz koʻpligidan ulgurish qiyin boʻlyapti. Ishchilarga ehtiyoj katta. Ammo joy masalasi muammo boʻlib turibdi. Bu masalada hokim yordamchisiga murojaat qildim. Korxonamiz uchun alohida yer ajratilsa, zamonaviy bino qurib, faoliyatimizni kengaytiramiz. Natijada yana 100 ta yangi ish oʻrni yaratishimiz mumkin.
«Temarak» MFYga qarashli “Mullaxoʻja” qishlogʻida yashovchi Azimxon Muhiddinov ham 40 yildan beri milliy hunarmandchilik bilan shugʻullanib keladi. Shuningdek, u musiqa va sanʼat maktabida oʻquvchilarga musavvirlik sirlarini ham oʻrgatadi.
— Oilaviy hunarmandchilik bilan shugʻullanamiz, — deydi Azimxon Muhiddinov. — Oʻzim ikki oʻgʻlim bilan turli uy-roʻzgʻor buyumlari, jumladan, milliy naqshlar tushirilgan stol-stullar, idish-tovoqlar, beshik va soʻrilar yasayman. Dahbedlik usta Qahramon Saidov tomonidan qoʻl mehnati bilan tayyorlanadigan shaxmat donalariga moslab doskalar yasaymiz. Bunga talab katta. Undan ham xontaxta, ham stol sifatida foydalanish mumkin. Oilamizda ayollar ham hunarli. Turmush oʻrtogʻim kelinlar bilan kashta tikadi. Kelajakda kredit olib, oilaviy korxona tashkil etishni rejalashtirganmiz.
Bu kabi qoʻli gul usta-hunarmandlar Oqdaryoda koʻplab topiladi. Ular uchun zarur boʻlgan sharoitlar yaratilishida masʼullarning koʻmagi kerak.
Abdulaziz Yoʻldoshev, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Oʻzbekistonda xizmat koʻrsatgan artist Oygul Xalilova vafot etdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring