Ommaviy qabul: murojaatchilarning muammolari oʻz yechimini topdi
Davlatimiz rahbari topshirigʻiga asosan Prezident Xalq qabulxonasi Qashqadaryo viloyati Yakkabogʻ tumanining “Yashnobod” mahallasida tashkil qilgan navbatdagi ommaviy qabulda ham yoʻllar taʼmiri, elektr taʼminoti, sogʻliqni saqlash, mehnat va bandlik, kredit ajratish, ijtimoiy himoya, moddiy yordam ajratish bilan bogʻliq qator iqtisodiy-ijtimoiy masalalarga yechim topildi.
Aytaylik, Yakkabogʻning “Navroʻz” mahallasida yashovchi Laziz Diyorov hududdagi 3 km. yoʻlni taʼmirlash masalasida amaliy yordam soʻragach, bu masala shu yerning oʻzida muhokama qilindi, joyiga chiqib oʻrganildi. Natijada zarur kuch-vositalar jalb qilinib, masalani hal qilishga kirishildi. Ayni paytda “Navroʻz” mahallasining 3 km. koʻchalariga qum-shagʻal yotqizilmoqda.
Yakkabogʻ markazidan 15 km. olisdagi “Uygʻur” qishlogʻi aholisi murojaatlari asosida esa qishloqqa yangi transformator oʻrnatilib, eskirgan simyogʻochlarni beton tayanchlarga almashtirish ishlariga kirishildi.
Yakkabogʻlik 76 yoshli Ismoil Avlaqulov esa masʼullardan “Ulamji” mahallasidagi 4 mingdan ortiq aholini oʻylantirayotgan uchta masalaga yechim soʻradi va ularning bariga shu yechim topildi. Otaxon murojaatidan soʻng qishloqqa qoʻshimcha transformator va beton tayanchlar oʻrnatish, 2 km. ichki yoʻlni taʼmirlash boʻyicha aniq muddatli chora-tadbirlar belgilandi.
Yakkabogʻlik Boltaxon Maxsumov murojaati asosida esa “Bunyodkor” mahallasi Nasaf koʻchasining 1,2 km. yoʻli taʼmirlanadigan, hududdagi boʻsh turgan binoni mahalla fuqarolar yigʻini balansiga oʻtkazish masalasi esa oʻrganib chiqiladigan boʻldi.
Mahmud Meyliyev murojaatidan soʻng esa tuman markazidan 17 km. olisdagi Alakoʻylak qishlogʻidagi yoʻl, ichimlik suvi va tibbiy xizmat bilan bogʻliq uchta masalaga shu yerda yechim topildi. Bu murojaat asosida Alakoʻylakning tuproq yoʻllari toshlanadigan, nosoz ichimlik suvi tarmogʻi, artezian qudugʻi va hovuz taʼmirlab beriladigan boʻldi. Qishloqqa yangi tibbiyot punkti qurib berish masalasi boʻyicha ham aniq muddatli vazifalar belgilandi.
Yakkabogʻ markazidan 45 km. olisdagi togʻli “Kaltaqul” qishlogʻidan kelgan Sayqal Mirzayev va Yusuf Neʼmatov murojaatlari asosida qishloqdagi 78-umumtaʼlim maktabi uchun sport zali va qoʻshimcha bino qurish, maktabni jihozlash masalalari 2023-yilgi dasturga kiritiladigan boʻldi.
Ochiq-jonli muloqotlar natijasida 13 nafar ishsiz murojaatchi doimiy ish bilan taʼminlandi, “Ayollar daftari”dagi 10 nafar xotin-qizga uyda ishlab daromad topishi uchun pishiriq pishirish pechlari va tikuv mashinalari olib berildi. Ogʻir ijtimoiy ahvoldagi oilalar farzandlaridan 34 nafarining oliy taʼlim olishi, 15 nafarining safarbarlik chaqiruvi rezervida xizmat oʻtashi, 8 nafarining haydovchilik kurslarida oʻqishi uchun shartnoma pullari toʻlab berilishi belgilandi.
Xuddi shunday murojaatlar asosida ogʻir sharoitdagi 21 nafar ehtiyojmand insonga davolanishi uchun bepul yoʻllanmalar, yana shuncha murojaatchiga moddiy yordam ajratildi.
Muloqotlar natijasida yakkabogʻlik boquvchisini yoʻqotgan, ogʻir ijtimoiy ahvolga tushib qolgan yoki nogironligi bor insonlardan 17 nafarining uy-joyini taʼmirlash, xonadonini obod qilishi uchun mablagʻ ajratishga qaror qilindi.
“Eski Yakkabogʻ” mahallasida yashovchi Dilrabo Joʻrayevaning esa hovlisidan artezian qudugʻi qazilib, tomorqasiga suv chiqarib berilishi belgilandi. Bu bilan ayolning tomorqasi ham qoʻshimcha daromad manbaiga aylanadi.
“Besh oʻgʻil” mahallasida yashovchi Bibisora Sodiqovaga esa murojaatidan soʻng boquvchisini yoʻqotganlik pensiyasi tayinlanadigan boʻldi.
Prezident Xalq qabulxonasi Yakkabogʻning “Yashnobod” mahallasida tashkil qilgan navbatdagi ochiq, jonli va samimiy muloqot maydonida 200 dan ortiq murojaatchilarning 219 ta masalasi koʻrib chiqildi. Ularning 139 tasi yoki 63,4 foizi joyida hal qilindi, qoʻshimcha oʻrganish, muddat va katta mablagʻ talab qiladigan 80 ta masala boʻyicha aniq muddat va masʼullar belgilanib, nazoratga olindi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Sharqda hammasi tinch emas: Xitoy va AQSH Tinch okeanida faollashgani aytilmoqda
- Vatan va vijdon
- Aktrisa Halima Ibragimova 45 yoshida vafot etdi
- Alisher Usmonov Xalqaro qilichbozlik federatsiyasi prezidenti etib saylandi
- Rasman Samarqand viloyati hokimi Erkinjon Turdimov lavozimdan ketdi. Uning vazifasini bajaruvchi ham tayinlangan
- Sirdaryoda Toʻra Sulaymon uy-muzeyi ochildi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring