Ombudsman murojaatidan soʻng davlat ijrochisiga nisbatan intizomiy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan
Oliy Majlisning Inson huquqlari boʻyicha vakili (ombudsman)ga Toshkent shahridan fuqaro ayol N.M. murojaat qilib, undan jizzaxlik fuqaro A.B. 43,4 mln soʻm qarzdorligini, qarzdorning undiruvga qaratilishi mumkin boʻlgan mashinasi boʻlishiga qaramay hali hanuz davlat ijrochilari tomonidan qarz undirilmayotgani boʻyicha murojaat qildi.
Murojaatchi ayolning maʼlum qilishicha, 2021-yilda turmush oʻrtogʻi vafot etgan va hozirda 3 nafar farzandning yagona boquvchisi hisoblanadi. Jizzaxlik fuqaro A.B. murojaatchining marhum turmush oʻrtogʻidan qarzdor boʻlgan. Fuqarolik ishlari boʻyicha Jizzax viloyati Paxtakor tuman sudining 2022-yil 12-fevraldagi zarar undirish toʻgʻrisidagi ijro hujjati Byuroning Jizzax viloyati Paxtakor tuman boʻlimiga 2022-yilning avgust oyida kelib tushgan. Lekin, shu kunga qadar qarzdorlik undirilmagan.
Murojaatchi arizasida qarzdor A.B.ning “Cobalt” rusumli avtomobili Paxtakor tumanida erkin harakatlanib yurgan bir paytda Paxtakor tuman MIB xodimlari sud qarorini ijro etish uchun borib, xolislar ishtirokida avtotransport vositasi yoʻqligi haqida dalolatnoma tuzib, undiruvchiga yuborish bilan cheklanganini qayd etgan.
Mazkur murojaat Ombudsman nazoratiga olingach, holat Jizzax viloyat prokuraturasi tomonidan oʻrganildi. Aniqlanishicha, ijro hujjati boʻyicha qarzdorning Oʻzbekiston Respublikasidan chiqish huquqlari vaqtincha cheklangan, qarzdor nomida undiruvga qaratish mumkin boʻlgan “Cobalt” rusumli avtotransport vositasi borligi aniqlangan va unga nisbatan onlayn taqiq qoʻyilgan.
Ushbu avtotransport vositasini topish boʻyicha davlat ijrochisi tomonidan koʻrilgan choralar natijasiz boʻlganligi bois avtomashinaga nisbatan 2023-yil yanvar oyida qidiruv eʼlon qilingan va qaror ijro qilish uchun Jizzax viloyat IIB JXX YHXBga yuborilgan.
Jizzax viloyat prokuraturasining Ombudsmanga maʼlum qilishicha, murojaatni koʻrib chiqish davomida 2023-yil 29-mart kuni qarzdor hisobidan undiruvchi foydasiga 43,4 mln soʻmdan 1,7 mln soʻm undirilishi taʼminlangan.
Hozirda qolgan qarzni undirish boʻyicha ijro harakatlari olib borilmoqda.
Bundan tashqari, davlat ijrochisiga nisbatan sud hujjati ijrosini taʼminlashda masʼuliyatsizlikka yoʻl qoʻyganligi uchun intizomiy javobgarlik toʻgʻrisida ish qoʻzgʻatilgan.
Ushbu murojaat Ombudsman nazoratida. Ombudsman xodimlari murojaat egasi, 3 nafar farzandning yagona boquvchisi boʻlgan beva ayol bilan bogʻlanishganda, aprel-may oylarida hech qanday qarzdorlik undirilmagani maʼlum boʻldi.
"Yuqoridagilardan kelib chiqib, Ombudsman MIBning Jizzax viloyati Paxtakor tuman boʻlimi xodimlaridan qarzdorlikning qolgan qismini ham marhum undiruvchining turmush oʻrtogʻiga undirilishida sustkashlikka yoʻl qoʻymasliklarini soʻraydi" deyiladi xabarda.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring