Oksfordni zabt etgan muallima

11:56 15 Yanvar 2025 Jamiyat
231 0

Qudratilla NAJMIDDINOV/“Xalq soʻzi”. Iqtidor va unga monand izlanish muvaffaqiyatga yoʻl ochadi. Buni Namanganning olis qishlogʻidagi oddiy oiladan chiqqan muallima Nodira Nabiyeva misolida ham koʻrish mumkin. U Toʻraqoʻrgʻon tumanidagi 37-umumtaʼlim maktabida ingliz tili fanidan dars beradi. Yurtimizda “Inglizcha — Oʻzbekcha surdo lugʻat“ tayyorlagan umidli yoshlardan biridir. Germaniyaning “Lambert Academic Publishing” nashriyotida “Teaching English to deaf students” “ nomli kitobi chop etilib, sakkiz tilga tarjima qilingan. Mazkur adabiyot AQSHning Gallodet universiteti professor-oʻqituvchilari tomonidan yuqori baholanib, ayni paytda yordamchi oʻquv-uslubiy qoʻllanma sifatida foydalanilmoqda. Buning uchun izlanuvchan muallimaga 5 ming AQSH dollari gonorar sifatida toʻlab berilgan.

Birgina bu emas. Bir muddat avval Nodira Buyuk Britaniyaning Oksford universiteti doktorantura yoʻnalishiga 100 foizli grant yutib olib, Clarendon stipendianti boʻlgan. Biroq oilaviy sharoiti tufayli tahsilni davom ettira olmagan. Maktabdagi faoliyatiga qoʻshimcha ilmiy tadqiqot olib bormoqda. Ayni paytda Isʼhoqxon Ibrat nomidagi Namangan chet tillari institutining tayanch doktoranti. Hozirga qadar pedagogning 50 dan ortiq ilmiy maqolalari Germaniya, AQSH, Fransiya, Angliya, Hindiston, Chexiya kabi davlatlarning yuqori impakt faktorli jurnallarida chiqqan.

— Nodira jamoamiz faxri, — deydi maktab direktori Mahfuza Sobirova. — Nufuzli tanlovlarda faol qatnashib, yuqori oʻrinlarni egallab kelayotir. 2023-yilda Rossiya hamda MDH davlatlari miqyosidagi taʼlim tizimi xodimlari tanlovida “Eng yaxshi tadqiqotchi” nominatsiyasi boʻyicha birinchi darajali diplomni olgan edi. Oʻtgan yil yakunida esa Namangan viloyati maktab oʻqituvchilarining koʻrik-tanlovida “Eng maʼnaviyatli yosh oʻqituvchi” sifatida eʼtirof etildi.

Nodira Nabiyeva hozirgi kunda oʻz ustida qunt bilan ishlab, “Eshitish qobiliyatini yoʻqotgan oʻquvchilarga ingliz tilini oʻqitish metodlari” mavzusida ilmiy izlanish olib bormoqda. Maktabdagi faoliyati har jihatdan munosib baholangan oʻqituvchi samarali mehnati uchun oyiga ming dollardan oshirib maosh olayotir.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер