Oilaviy tadbirkorlik sharofati

14:19 09 Yanvar 2025 Jamiyat
129 0

Rustam NURMATOV/“Xalq soʻzi”. Mehnat qilgan, izlanib, intilgan odam hech qachon kam boʻlmasligini Forish tumanidagi Oybek nomli mahallasida yashovchi Adham Oʻsarovning tadbirkorlik faoliyati misolida ham koʻrish mumkin. Uning asli kasbi hisobchilik. Koʻp yillar sobiq “Forish” shirkat xoʻjaligida mehnat qilgan.

Hisob-kitobning hadisini olgan A.Oʻsarov tomorqasidan unumli foydalanish maqsadida bir sotix maydonga issiqxona qurib, unga limon koʻchatlarini ekdi. Bundan tashqari, qoramol, qoʻy, tovuq boqishni ham yoʻlga qoʻyib, oilasi aʼzolarining bandligini taʼminladi. Shu bois hech kim bekor oʻtirmaydi. Erta tongdan zimmasidagi yumushlarni bajarishga kirishadi.

Samarali mehnat oʻz natijasini ham koʻrsatib turibdi. Har yili issiqxona, chorvachilik va parrandachilik hisobidan 45-50 million soʻmgacha daromad olinadi. Oila ehtiyoji uchun zarur boʻlgan barcha qishloq xoʻjaligi mahsulotlari tomorqada yetishtiriladi, ortgani bozorga olib chiqib sotiladi.

Tadbirkor xonadonida kichik novvoyxona ham tashkil etib, non va non mahsulotlari peshma-pesh tumandagi savdo doʻkonlari orqali aholi dasturxoniga yetkazib berilishiga hissa qoʻshib kelmoqda.

Yaqinda Jizzax viloyati hokimi vazifasini bajaruvchi Ulugʻbek Mustafoyev Adham Oʻsarovning xonadonida boʻlib, oilaviy tadbirkorlik faoliyati bilan tanishdi. Bu oilaning issiqxonadan unumli foydalanish, chorvachilik va parrandachilik boʻyicha tajribasini ommalashtirish zarurligini taʼkidladi.

Haqiqatan ham A.Oʻsarovning oilaviy tadbirkorlik faoliyati barchaga namuna boʻla oladi. Uning tajribasini amalda qoʻllab, mehnat qilgan inson hech qachon kam boʻlmaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?