“Oila bogʻi” barpo etilgan manzillarda farzandlar tabiatga mehrli boʻladi

23:01 28 Mart 2025 Jamiyat
256 0

Buxoro viloyatida Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi, Birlashgan Millatlar Tashkilotining Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) hamda viloyat hokimligi tashabbusi bilan “Oʻzbekiston — 2030” strategiyasini “Atrof-muhitni asrash va “yashil iqtisodiyot” yili”da amalga oshirishga oid davlat dasturida belgilangan vazifalar ijrosini taʼminlash maqsadida “Xotin-qizlar ekologik faollik sari” mavzusida ilmiy-amaliy anjuman oʻtkazildi.

Tadbirda 400 nafardan ortiq qatnashchilar, jumladan ilmiy jamoatchilik, xalqaro tashkilotlar vakillari, BMTning Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti rahbari, Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi qoshidagi “Ayol maʼrifati” jamoatchilik kengashi hamda “Oqila ayollar” harakati aʼzolari, hamkor tashkilotlar masʼullari, Qoraqalpogʻiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimi oʻrinbosarlari, tuman-shahar oila va xotin-qizlar boʻlimlari boshliqlari ishtirok etishdi.

“Bir million yashil oila” umummilliy harakati doirasidagi mazkur tadbirning asosiy qismi — Buxoro tumanidagi “VARNET” majmuasida oʻtkazilib, unda Oʻzbekiston Prezidentining “Har bir xonadon, har bir oila, har bir korxona tabiatni asrashga hissa qoʻshishi kerak!” degan daʼvatlariga monand muhim mavzular muhokama qilindi.

Xususan, aholining kundalik hayotiga ekologik tamoyillarni singdirish, yashil hududlar barpo etish, suvni tejash, atrof-muhitni ozoda saqlash, tabiiy borliqni asrashga onalik hissi bilan qarash, “Oila bogʻlari”ni barpo etish kabi tashabbuslar, shuningdek, Taraqqiyot strategiyasida respublikada yashillik darajasini 30 foizga yetkazishga hissa qoʻshish, ekofaol fuqarolik pozitsiyasini shakllantirish, aholi orasida sogʻlom turmush tarzi, xususan, sogʻlom ovqatlanishni targʻib qilish, oziq-ovqat isrofgarchiligining oldini olish, suv, gaz va elektr energiyasi resurslaridan oqilona foydalanish, oila daromadlarini oshirish maqsadida qishloq xoʻjaligida ilgʻor innovatsion texnologiyalarni yaratish tashabbuskorlarini qoʻllab-quvvatlash, jismoniy shaxslarning novatorlik gʻoyalarini aholining tomorqa yer uchastkalarida tomorqa yer egalarini sifatli urugʻlar va koʻchatlar bilan taʼminlash hamda ularga tomorqa yoʻnalishi boʻyicha agroxizmatlar koʻrsatish ishlariga hissa qoʻshish, tomorqa yer egalari uchun qishloq xoʻjaligi ekinlarini yetishtirish boʻyicha tavsiyalar berish, qishloq xoʻjaligi, shu jumladan, tomorqachilikni takomillashtirish sohasida ilmiy izlanishlar olib borayotgan ayol tadqiqotchilarning tashabbuslarini qoʻllab-quvvatlash kabi masalalar tadbir muhokamalari markazida boʻldi.

Shuningdek, anjuman doirasida olima va ixtirochi xotin-qizlarning ilmiy ishlanmalari, tomorqadan daromad topayotgan ayollarning mahsulotlari koʻrgazmasi, gulchilik, koʻchat koʻpaytirish boʻyicha oʻquv mashgʻulotlari tashkil qilindi.

Hamkor tashkilotlar masʼullarining, shuningdek, soha olimlari va mutaxassislarning, BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkiloti (FAO) milliy loyiha boshqaruvchisining Oʻzbekiston Ekologik partiyasi Ijroiya Qoʻmitasi raisining maʼruzalari hamda FAOning Buxoro viloyatida amalga oshirgan loyihasi benefitsiari M. Hamroyevaning xonadonda kichik issiqxonalardan samarali foydalanish boʻyicha tajribasi yuzasidan taqdimotlari, jami turli mavzulardagi 10 dan ortiq maʼruzalar tinglandi, taklif va tavsiyalar ishlab chiqildi.

Muhim tavsiyalardan biri — Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi tashabbusi bilan 25-martdan 25-aprelga qadar oilalar va mahallalarda va mehr-oqibat muhitini mustahkamlash maqsadida “Yaqin qoʻshnimga, yaqin oʻrtogʻimga 5 tup koʻchat, 5 tup gul va kitoblar sovgʻa qilaman!” dolzarb bir oylik loyihasi oʻzaro hamkorlikda tashkil qilinadigan boʻldi.

Anjuman doirasida BMT Oziq-ovqat va qishloq xoʻjaligi tashkilotining Oʻzbekistondagi vakolatxonasi konsultanti tomonidan daraxt ekish va uning qoidalari, ekilgan daraxtlarning atrof-muhitga ijobiy taʼsiri, tomorqadan, issiqxonalardan samarali foydalanish tartiblari boʻyicha mahorat darslari oʻtildi.

Mashgʻulotlarda qonunchilikka koʻra, uy sharoitida yoki kasanachilik asosida daraxt va buta koʻchatlarini yetishtirish faoliyati oʻzini oʻzi band qilgan shaxslar shugʻullanishi mumkin boʻlgan faoliyat hisoblanishi targʻib etildi. Bundan tashqari, sinov tariqasida oʻrmon xoʻjaliklari hududida koʻchat yetishtirish, ekilgan koʻchatlarni parvarishlash, oʻrmonzorlar barpo etish ishlari autsorsing asosida jismoniy va yuridik shaxslarni jalb etgan holda amalga oshirish, koʻchatchilikni rivojlantirish, kam suv talab qiladigan daraxt navlarini koʻpaytirish yuzasidan maslahatlar berildi.

Anjumanning amaliy qismi Buxoro tumanidagi “Istiqbol” mahallasida 50 tup Buxoro iqlimiga mos boʻlgan noyob chinnigujum daraxti koʻchati va 300 tup boshqa daraxt turlari koʻchati ekildi.

Mahallada tomorqa mahsulotlari koʻrgazmasi, sabzavot 1 gektar maydonda “Oila bogʻi” barpo etish bilan davom etdi va gul savdo-yarmarkasi, folklor ansambli chiqishi, mushoiralar, bahru bayt, kitobxonlik targʻiboti, “Qizlar sayli”, “Sumalak sayli”, “Asal koʻrgazmasi” kabi biri ikkinchisidan qiziq tadbirlar ishtirokchilarda juda katta taassurot qoldirdi.

Shuningdek, Buxoro shahridagi 5-maktabgacha taʼlim muassasasida “Men ekologik faol boʻlaman” mavzusida maʼrifiy tadbir oʻtkazildi. Bir paytning oʻzida Buxoro davlat texnika universitetida “Yashil tarbiyadan yashil ixtirolargacha, yashil taraqqiyotda ayollarning oʻrni” mavzusida ilmiy-amaliy seminar boʻlib oʻtdi.

Buxoro shahridagi “Otbozor” mahallasida Roziqov Qosim, Rahmonova Xursand, Zabiyev Umid va Fozilova Lola xonadonlariga tashrif uyushtirildi. Ushbu xonadonlarda oilaviy issiqxonalarda sabzavotlar, pomidor, qand lavlagi yetishtiriladi. Chorvachilik va baliqchilik yoʻlga qoʻyilgan.

Bosh vazir oʻrinbosari – Oila va xotin-qizlar qoʻmitasi raisi Z. Mahkamova taʼkidlanganidek, onalar bogʻ barpo etgan joylarda, “Oila bogʻi” qad rostlagan manzillarda farzandlar ham albatta, ona tabiatga mehrli boʻladi, ularda ekologik madaniyat yuksaladi, ekologik qadriyatlar eʼzozlanadi, tabiatni asrab-avaylashga intilish, tashabbuskorlik, mehnatsevarlik koʻnikmalari shakllanadi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?