Ochiqlik va masʼuliyat — korrupsiyaga qarshi eng kuchli qurol

18:42 05 Noyabr 2025 Jamiyat
233 0

Jamiyat taraqqiyotining asosiy shartlaridan biri — adolat va shaffoflik. Agar davlat boshqaruvida, iqtisodiy islohotlarda yoki mahalliy tashabbuslarda korrupsiyaga yoʻl qoʻyilsa, jamiyatning taraqqiyot surʼati sekinlashadi, odamlarning ishonchi soʻnadi. Shu bois mamlakatimizda soʻnggi yillarda korrupsiyaga qarshi kurashish davlat siyosatining eng ustuvor yoʻnalishlaridan biriga aylandi.

Shu maʼnoda, Jarqoʻrgʻon tumanida Oliy Majlis Senati Raisi hamda Korrupsiyaga qarshi kurashish milliy kengashi raisi Tanzila Norboyeva boshchiligida oʻtkazilgan kengashning sayyor majlisi dolzarb ahamiyatga ega boʻldi. Unda milliy va hududiy kengash aʼzolari, Bosh prokuratura, tegishli vazirlik va idoralar rahbarlari, xalq deputatlari mahalliy Kengashlari, Yoshlar parlamenti, ommaviy axborot vositalari vakillari ishtirok etdi.

Majlisda Surxondaryo viloyatida korrupsiyaga qarshi kurashish, jinoyatchilikning oldini olish va kriminogen vaziyatni barqarorlashtirish boʻyicha amalga oshirilayotgan ishlar atroflicha muhokama qilindi.

Prezidentimiz rahbarligida hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga qaratilgan keng koʻlamli islohotlar doirasida Surxondaryoda 2 milliard dollarlik investitsiyalarni jalb etish, 425 ming nafar aholini ish bilan taʼminlash, eksport hajmini 320 million dollarga yetkazish kabi muhim vazifalar belgilab berilgan. Shuningdek, ichimlik suvi taʼminotini yaxshilash, infratuzilmani modernizatsiya qilish va mahalliy boshqaruv tizimini takomillashtirish yoʻnalishida izchil ishlar amalga oshirilmoqda.

Yigʻilishda taʼkidlanganidek, korrupsiyaning oldini olish — davlat boshqaruvida ochiqlik, samaradorlik va jamoatchilik ishonchini taʼminlaydigan asosiy omil. Shu nuqtayi nazardan, energetika, qurilish va kadastr sohalarida mavjud muammolar, ularni bartaraf etish choralari muhokama qilindi.

Oʻrganishlar jarayonida energiya resurslaridan noqonuniy foydalanish, yer uchastkalarini oʻzboshimchalik bilan egallab olish, davlat xaridlarida manfaatlar toʻqnashuviga yoʻl qoʻyish holatlari aniqlangani qayd etildi. Bu esa tizimli profilaktika ishlari va nazorat mexanizmlarini yanada kuchaytirish zarurligini koʻrsatadi.

Majlis yakunida mutasaddilar oldiga barcha sohalarda korrupsiyaviy xavf-xatarlarni kamaytirish, raqamlashtirish jarayonlarini tezlashtirish, aholi murojaatlariga tezkor va samarali javob berish, mahalliy Kengashlar faolligini kuchaytirish boʻyicha aniq vazifalar qoʻyildi. Shu bilan birga, oʻz xizmat burchiga sovuqqonlik bilan yondashgan masʼul shaxslarga nisbatan qatʼiy choralar koʻrish boʻyicha topshiriqlar berildi.

Surxondaryodagi bu yigʻilish nafaqat mavjud muammolarni koʻrsatib berdi, balki ularning yechimini izlashda yangi yondashuvlar, zamonaviy yechimlar zarurligini yana bir bor tasdiqladi. Korrupsiyaga qarshi kurash bu faqat jazo choralari emas, balki jamiyatda adolat, ochiqlik va masʼuliyat muhitini shakllantirishdir. Ana shundagina mamlakatimizda barqaror taraqqiyot va xalq farovonligiga erishish mumkin boʻladi.

Farhod ESONOV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер