OAV vakillari uchun “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻiga media-tur tashkil etildi
Foto: “Xalq soʻzi”
Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Surxondaryo viloyati hududiy boshqarmasi, Oʻzbekiston Jurnalistlar uyushmasi viloyat boʻlimi, viloyat Turizm boshqarmasi hamkorligida “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻiga OAV vakillari uchun media-tur tashkil etildi.
“Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻi Hisor togʻ tizmalari bagʻrida “Uzun” davlat oʻrmon xoʻjaligining 27 ming 851 gektar maydonida tashkil etilgan. Muhofaza etiladigan bogʻda “Qizil kitob”ga kiritilgan noyob jonivorlar, qushlar, daryolarida qizil farel baliqlar, turli dov-daraxt va shifobaxsh oʻsimliklar, rang-barang gullar qoʻriqlanib, koʻpaytirilmoqda.
Xususan, hayvonot va nabotot olamiga boy bogʻ hududida qoʻngʻir ayiq, qor qoploni, silovsin, boʻri, tulki, sibir togʻ echkisi, toʻngʻiz, jayra va boshqa tur jonivorlarni uchratish mumkin.
Dastlab, media-tur ishtirokchilari togʻlar orasida joylashgan “Toʻpalang” suv ombori bilan tanishdi.
Ushbu havzaga suv togʻlardagi qor va muz erishidan yigʻiladi. Tekshiruvlarga koʻra, undagi suvning qattiqlik darajasi toʻrt foiz boʻlib, u foydali minerallarga oʻta boydir.
“Toʻpalang” suv omborini qurish ishlari 1960-yillar oxirida boshlangan boʻlib, qariyb 20-yil davom etgan. Suv omborining sigʻimi 380 mln. kub metrdan bugungi kunda 500 mln. kub metrga yetkazilgan. Vazirlar Mahkamasining 2021-yil 29-martdagi qarori bilan suv ombori “Oʻzbekgidroenergo” tarkibiga oʻtkazilgan.
Ilgari viloyat aholisining 46 foizi markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanmagan edi. Bundan tashqari, 218 ta suv inshooti va 3 ming kilometrdan ziyod tarmoqlar taʼmirga muhtoj boʻlgan. Viloyatning janubiy tumanlari va Termiz shahrida suv mineralizatsiyasi miqdori oshgan.
Shu bois davlatimiz rahbari 2021-yil 2-iyun kuni Surxondaryo viloyatiga tashrifi chogʻida “Toʻpalang” suv omboridan ichimlik suvi tarmogʻi tortish boʻyicha koʻrsatma bergan edi. Shunga muvofiq, loyiha ishlab chiqildi.
Bugungi kunda loyihaning birinchi bosqichi amalga oshirildi — suv viloyatning Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi va Qumqoʻrgʻon tumanlariga yetib borgan. Viloyat aholisining markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi esa 70 foizga yetgan.
Loyihaning ikkinchi bosqichida markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlanish darajasi 90 foizga yetkaziladi. Bundan Sariosiyo, Denov, Shoʻrchi, Qumqoʻrgʻon, Jarqoʻrgʻon, Bandixon, Qiziriq, Sherobod, Angor, Muzrabot, Termiz tumanlari va Termiz shahridagi ikki millionga yaqin aholi bemalol foydalanadi.
OAV vakillarining navbatdagi manzili — “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻi ostonasida joylashgan “Kundai juvoz” qishlogʻi boʻldi. Jurnalist va blogerlar qishloqda tashkil qilingan mehmon uylari, turizmni rivojlantirish va sayyohlarni jalb qilish boʻyicha qilinayotgan ishlar bilan yaqindan tanishdi. Tarixi uzoq oʻtmishga borib taqaladigan manzillar — “Ustochi beob”, “Mizot”, “Zanbek”, “Zinchob”, “Kishtut”, “Tamarxud”, “Zevar” kabi hududlardagi ajoyib manzaralar haqaida atroflicha maʼlumotlarga ega boʻlishdi.
— Hisor togʻ tizmasining Janubi-Gʻarbiy qismida 2022-yilda tashkil etilgan “Yuqori Toʻpalang” milliy tabiat bogʻida togʻ-oʻrmon ekotizimi, noyob hayvon va oʻsimlik turlari muhofaza qilinadi, — dedi milliy tabiat bogʻi direktori Nuriddin Sattorov. — Umumiy maydoni 27581 gektar boʻlib, togʻ-oʻrmonlari egallagan 7294,0 gektarni va dengiz sathidan 1000-3800 metrgacha boʻlgan balandlikdagi hududni ham oʻz ichiga oladi. Eng yuqori nuqtasi — Sagdor soyi dengiz sathidan 3800 metr balandlikda joylashgan. Eng yirik soylar — Zevarsoy, Dilisoy, Obiferuzasoy, Tamarxudsoy, Bordonsoy, Xoʻjasiddiqsoy va boshqalar. Mashhur soylarimizdan Zevarsoy eng sersuv, Xoʻjasiddiqsoy esa bir necha 100-yillik tarixga ega joy hisoblanadi.
Bogʻning togʻ mintaqasida archazorlar katta maydonni egallaydi. U yerda zarafshon archasi asosiy tur hisoblanadi. Bundan tashqari, achchiq bodom, togʻ olcha, zirk, irgʻay, uchqat, shumdaraxt, chetan, jiyda, yongʻoq, olma, doʻlana, shaftoli, tol, terak, naʼmatakning bir nechta turi kabi daraxtlar va butalar keng bargli oʻrmonlarni tashkil qiladi. Ushbu hududda 667 turdan ortiq oʻsimlikni uchratishingiz mumkin. Ulardan 30 dan ortiq oʻsimlik turi kamyob va muhofazaga muhtoj boʻlib, “Qizil kitob”ga kiritilgan. Lolaning 6 turi ham aynan shu yerda oʻsadi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Namanganda 3 ta yirik institut bitta universitetga birlashtiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring