O, ota makonim, onajon oʻlkam...

13:52 26 Aprel 2023 Madaniyat
54616 0

Foto: Arxiv surat

26-aprel — Muhammad Yusuf tugʻilgan kun

Bugun Oʻzbekiston xalq shoiri Muhammad Yusuf tavallud topganiga 69 yil toʻldi.

Taʼkidlash joizki, shoir sheʼrlari yettidan yetmishgacha boʻlgan sheʼrxonlar, adabiyot muhiblari tilidan tushmay, dillarida aks-sado bermoqda, ularning maʼnaviy mulkiga aylanib ruh va koʻnglini sheʼriyat sehridan bahramand etmoqda.

Bu oʻlmas soʻz sanʼatkorining bitiklarida Vatanga, xalqqa, onaga, yorga, yaproqdan xasgacha — har bir narsaga muhabbat yaqqol sezilib turadi.

Aminmizki, bu muhabbat ashʼorlar orqali hali koʻp yillar davomida oʻquvchilar qalbida yashaydi.

IQROR

O, ota makonim,
Onajon oʻlkam,
Oʻzbekiston, jonim toʻshay soyangga.
Senday mehribon yoʻq,
Seningdek koʻrkam.
Rimni alishmasman bedapoyangga.

Bir goʻsha suv boʻlsa, bir goʻsha qirlar,
Qancha yurtni koʻrdim, qancha taqdirlar.
Qayga borsam suyab, boshni tik tut deb,
Togʻlaring ortimdan ergashib yurar.

Koʻrdim suluvlarning eng faranglarin,
Yo xudbinman men yo bir sodda kasman men —
Parijning eng goʻzal restoranlarin,
Bitta tandiringga alishmasman men.

Na gapga koʻnayin,
Na til bilayin,
Koʻzdan uyqu qochdi, dildan halovat —
Uch kunda sogʻinsam nima qilayin,
Chala qolar boʻldi hamma sayohat.

Bildimki, baridan ulugʻim oʻzing,
Bildimki, yaqini shu tuproq menga.
Bahorda Baxmalda tugʻilgan qoʻzing,
Arab ohusidan azizroq menga.

Sen bilan oʻtgan har kun bayram — bazm,
Sensiz bir on qolsam vahmim keladi.
Seni bilganlarga qilaman taʼzim,
Seni bilmaslarga rahmim keladi.

* * *

Maʼyus kunim koʻzim tushsa,
Kuyar osmon, tushunmaysan.
Meni samo tushungaydir,
Sen, ey inson, tushunmaysan..

Kuyib koʻksim oʻtar boʻlsam,
Oqar boʻlsam, ketar boʻlsam,
Meni daryo tushungaydir,
Sen, ey ummon, tushunmaysan.

Men ham shaydo, men ham maftun,
Men ham hech kimi yoʻq Majnun,
Meni laylo tushungaydir,
Sen, ey jonon, tushunmaysan.

Mening yoʻlim uzun armon,
Oʻzim dovon, oʻzim karvon,
Meni sahro tushungaydir,
Sen, ey sarbon, tushunmaysan.

Mening borim erur koʻnglim,
Mening yorim erur koʻnglim,
Maʼyus tanho tushungaydir,
Sen, ey xandon, tushunmaysan…

Maʼyus kunim koʻzim tushsa,
Kuyar osmon, tushunmaysan.
Meni Olloh tushungaydir,
Sen, ey xoqon, tushunmaysan.

Koʻnglim gul, koʻzlarim guldir,
Yuzim gul, qoʻllarim guldir.
Meni sabo tushungaydir,
Sen, ey toʻzon, tushunmaysan…

Gʻuborimdir boʻyi rayhon,
Minorimdir tilim biyron.
Meni dunyo tushungaydir,
Sen, ey nodon, tushunmaysan.

SEVGI BU...

Sevmoq bu —
Kechirmoq degani asli,
Toki bu dunyoda quyosh bor, gul bor.
Yalpizlar gullagan shu bahor fasli,
Sodiq hamdam boʻlgin sen menga, dilbar.

Gʻiybatlar tingladim, aylandi boshim,
Hoʻl tuproq kuydirdi tovonlarimni,
Va mana men uyda koʻnglimni yulqib
Koʻmdim beor doʻstdek gumonlarimni.

Oʻylar suraverdim kechalar tanho,
Goho, jiqqa yoshga toʻlganda koʻzim.
Va seni sevmoqdan oldin bir kuni
Dildan sevib qoldim oʻzimni oʻzim…

Sevmoq bu — oʻzingni anglamoq asli,
Toki zamin aro quyosh bor, gul bor.
Rayhonga koʻmilgan shu bahor fasli,
Sadoqatli yor boʻl sen menga, dilbar.

Sevgilim, men seni sevaman, tamom,
Gʻamgin koʻzing, hadik toʻla koʻzingni.
Sevmoq bu — kunda bir koʻrmoq baxtidir
Ozgʻin qoʻllaringni, sepkil yuzingni…

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер