Qancha shoning boʻlsa – Vatanni koʻtar!
1
Sirdaryo — Oʻrta Osiyodagi eng uzun, Jayxundan keyingi eng sersuv, eng mehribon va ayni mahalda qahrli, sir-sinoatlarga limmo-lim, tarixi ham oʻzi singari uzun va sirli, qachon va qay zamonlar paydo boʻlganini hali-hanuz inson zoti aytolmaydigan Enadaryo umrida koʻrmagan edi bunday munavvar, bu qadar lolagun tonglarni.
Miloddan avvalgi zamonlarda ham hayqirib oqqan, qadim yunon tarixchilari asarlarida Yaksart, Tanais, zardushtiylarning muqaddas kitobi Avestoda Danu, Xitoy manbalarida Yaosha, Xashart, runiy yozuvlarda Yenchuoʻgʻiz, “Shohnoma”da Gulzarriyun, arab solnomalarida Sayxun, milodning birinchi asrida yashagan Rim tarixchisi Pliniy yozuvlarida Silis nomi bilan yetti iqlimda dong taratgan ulugʻ daryo toshday ogʻir va tunday mubham oʻylarga botgan edi asrlar davomida. Iskandardan Chingizgacha, arab istilosidan chorizm bosqini-yu shoʻro talonchilarining zugʻumlarigacha boshdan kechirgan azim nahr sohillarida hech qachon boʻlmagan edi bunday kamalakrang tovlanishlar.
Oʻtmishi daryodan ham qadimiyroq boʻlgan, toʻzonlar-u toʻfonlar ichida bovliqday eshilib, nihoyat 1963-yilda viloyat sifatida tashkil topgan boʻlsa ham, farogʻat topmagan Sirdaryoda 2016-yilga qadar paxta tozalash, don va yogʻ-moy korxonalaridan boshqa bironta sanoat inshooti yoʻq edi-da, axir! Yoʻq edi, hatto tuzukroq qoʻrgʻon ham. Shunday Qarib va koʻrimsiz edi shimoldan Qozogʻiston Respublikasi, sharqdan Toshkent viloyati, janubdan Tojikiston Respublikasi va gʻarbdan Jizzax viloyatiga tutashib ketgan, qariyb 4,3 ming kilometr maydonni egallovchi qutlugʻ makonning rang-u raftori.
Soʻnggi 7-8-yilda asar ham qolmadi mashʼum quroq manzaralardan. Oʻzgardi. Tamomila oʻzgarib ketdi oʻzbekning qadimiy vohasi. Ildizi 3 ming yildan ham uzoq zamonlarga tutash Sirdaryo zaminiga bobo quyosh boshqacha nur socha boshladi goʻyo. Daryo hayratlarga koʻmildi, dashtlarida jiydalar gulladi, qizgʻaldoqlar xandon otdi, boʻtakoʻzlar sollandi qirgʻogʻ-u sohillarida.
Tanib boʻlmay qoldi Guliston, Yangiyer, Baxt, Shirin degan koʻrimsiz shaharlarni. Osmonoʻpar binolar, koʻrkam bogʻlar, yirik korxonalar paydo boʻldi. Minglab sanoat, qishloq xoʻjaligi inshooti qurildi, koʻplab savdo va boshqa tarmoqlarga doir manzillar “qamishdan belni bogʻlab”, ishga tushdi.
Moʻjizalar moʻjizalarga ulandi, ajdodlar hatto xayol ham qilolmagan ishlar yuz beraverdi. “Sirdaryoga investitsiya kiritmaysizmi?” desang, labini jiyiradigan dunyoning badavlat sarmoyadorlari million-million dollarlarni belboqqa tugib, “Qaydasan, Sirdaryo!” deya otga mindilar. Birgina Saudiya Arabistonining “ACWA Power” va Turkiyaning “Cengiz Enerji” kompaniyalari 1,14 milliard dollar olib keldi. Shu mablagʻ evaziga quvvati 1,7 ming MVt boʻlgan generatsiya foydalanishga topshirildi. Natijada qurilish materiallari, kimyo, oziq-ovqat sohalari rivojlanib, viloyatda sanoat hajmi 19,3 trillion soʻmdan oshdi.
Maktabgacha taʼlim tashkilotlari 2017-yildagi 155 tadan 1 147 taga, umumtaʼlim maktablari 296 tadan 340 taga yetdi. Aholini markazlashgan ichimlik suvi bilan taʼminlash darajasi 64 foizdan 88 foizga oshdi. 2 ming kilometr yoʻl taʼmirlandi, paxta hosildorligi 18,4 sentnerdan 40 sentnerga, gʻallaniki 47 sentnerdan 74 sentnerga yetdi, foydalanishdan chiqqan 34 ming gektar maydon qayta oʻzlashtirildi...
2
Garchand Prezidentga mamlakatdagi ahvol besh qoʻlday ayon boʻlgan esa-da, u kishi xalq ishonch bildirgan kundanoq qishloqma-qishloq, shaharma-shahar yurdi, yana oʻrgandi, yana izlandi, yana qiynadi shirin jonini. Qayta-qayta bordi viloyatlarga, tumanlarga, qishloqlarga, ovullarga. Oʻn olti marta tashrif buyurdi Sirdaryoning oʻziga. Oʻtar-qaytardagi toʻxtab oʻtishlar bu hisobga kirmaydi. Son-sanoqsiz kashfiyotlarga asos solindi tashriflar jarayonida.
Shu oʻrinda kashfiyot iborasiga ozroq izoh berish lozim koʻrinadi. Odatda, kashfiyot deganda darrov ilm-u fan olamida yaratilgan ixtirolar keladi xayolimizga. Qolaversa, olamda bir-biridan sirli, oʻrganilmagan jumboqlar, yaratilmagan ixtirolar hali koʻp. Faqat topish kerak ularni. Hamma gap shunda. Shundan boshlanadi eng chuqur joylarda berkinib yoki koʻmilib yotgan zaxiralarni kashf etish ham. Ichingda mudrab yotgan imkoniyatlarni uygʻotish ham hech qaysi kashfiyotdan kam emas aslida.
Turli sabablarga koʻra, chang-qum bosgan yoxud chala qolgan sohalar sanoqsiz edi Sirdaryoda. Ammo koʻmilgan xazinalar qopqasini ochib, viloyatni mamlakat taraqqiyotida yetakchi hududlardan biriga aylantirish imkoniyatlari moʻl edi. Uygʻotish, ishontirish, yangilik yaratishga chorlash zarur edi odamlarni. Toʻqqiz emas, toʻqson marta oʻlchab, bir marta kesadigan sharqona aql-idrok talab qilinardi bunday paytda karvon yetakchisidan.
Xudoyim suygan bandasiga munosib koʻradi ulugʻ salohiyatni. “El boshiga kun tushsa, el yaratgan er kelar” degan hikmat bejiz dunyoga kelmagan ekan. Davlat rahbari tomonidan Oʻzbekiston degan katta roʻzgʻorning muammolari ipidan ignasigacha chuqur tahlil qilinganidan keyin “Yangi Oʻzbekiston” daryolarining bugunidan to uchinchi Renessans ummoniga borib quyilishigacha boʻlgan mukammal dastur yaratildi. Har bir hududda, jumladan, Sirdaryoda ham nimalarga eʼtibor qaratish zarurligi aniq-tiniq belgilandi. Bu rejalarni amalga oshirish uchun qancha kuch, mablagʻ, investitsiya, xullas, yurtni qalqitish uchun nimaiki kerak boʻlsa, hamma-hammasi aniq-tiniq hisob-kitob qilindi.
Shu tarzda viloyat tarixi zarvaraqlarida yangi sahifalar ochila boshladi, yangi tashabbuslar qanot chiqardi. Quyuq tumandan soʻng quyosh charaqlab nur taratgani kabi manzaralar yuz bera boshladi Sirdaryoda.
Birgina Xovos shaharchasidagi oʻzgarishlarning oʻzi katta-katta dostonlarga munosib mavzu boʻladi.
3
Tarixdan ayonki, Fargʻona, Choch va Soʻgʻdga boradigan savdo yoʻlining chorrahasida joylashgani tufayli Xovos qoʻrgʻoni miloddan oldingi IV asrlarda ham yuksak mavqega ega boʻlgan. “Havas qilsa arziydigan joy ekan” deganlar sohibqiron bobomiz Amir Temur Xovosni. Alisher Navoiy, Zahiriddin Muhammad Bobur, Abdurahmon Jomiy, Xoja Ahror Valiylarning izlari bor bu qadim tuproqda. Afsuski, faxrlansa arzigulik shunday manzil ham 7-8-yil avval koʻrimsiz ahvolga tushib qolgan edi.
Prezidentimiz 2019-yil 19-fevral kuni viloyatga tashrifi chogʻida Xovosga borib, soʻnggi ellik yil davomida bironta koʻp qavatli uy tugul, hatto kaptarxona ham qurilmagan qoʻrgʻon bilan, eski, tor va zax uylarda yashayotgan odamlarning turmush tarzi bilan tanishadi. Shu asnoda shaharchaning yangi bosh rejasi tasdiqlanib, Mirzachoʻl tajribasi asosida bunyod etiladigan Yangi Xovosga tamal toshi qoʻyiladi. Qoʻrgʻoncha uchun katta yoʻlning oʻng qanotidan 42 gektar hudud ajratiladi. Loyihaga muvofiq, u yerda mahalliy hokimiyat va boshqaruv organlarining binolari, Davlat xizmatlari agentligi, tijorat banklari, turarjoylar, maktablar, istirohat bogʻi, xotira maydoni, kinoteatr, kutubxona, masjid, bozor, savdo markazi va maishiy xizmat shoxobchalari qurilib, yoʻl infratuzilmasi rivojlantirilishi, aholi va transport uchun qulayliklar yaratilishi belgilanadi.
Oradan uch oy oʻtar-oʻtmas, oʻsha yil 7-may kuni, Prezident topshiriqlarining ijrosi doirasida, Vazirlar Mahkamasining Xovos tumani markazini rivojlantirishga oid alohida qarori qabul qilindi. Shu tariqa 27 mingdan ziyod aholi istiqomat qilayotgan Xovos tarixida yangi davr boshlandi.
Besh oy oʻtib, 2019-yilning 18-iyulida Prezident yana Xovosga keldi. Bu paytda maxsus ajratilgan hududda 760 ta xonadondan iborat 30 ta koʻp qavatli va 150 ta bir qavatli uylarni qurish ishlari jadal davom etayotgan edi.
Bugun Xovosga qadami yetgan kishi turnaqator uylarda porlab turgan chiroqlarni, zamonaviy maydonchalarda yayrab oʻynayotgan bolalarning shodon kulgilarini, sanʼat va musiqa maktabi tomondan eshitilayotgan dilbar ohanglarni, kaftdek tekis yoʻlaklarda suhbatlashib borayotgan oqsoqollarning yuz-koʻzlaridagi sevinchlarni koʻrib, qalbi quvonchga toʻladi.
4
Faqat Xovos emas, Prezident tashriflari viloyatning hamma tuman va shaharlarida bir-biridan havasli oʻzgarishlar yuz berishiga asos boʻlmoqda.
7-8-yil avval koʻp qavatli turarjoy binolari atrofini zax, yertoʻlalarini pashsha-chivin bosib yotadigan Guliston shahrining “yara”lari ham ana shunday tashriflardan keyin tuzaldi. Kentda “Buyuk kelajak” mavzesi, “Guliston siti” shaharchasi dunyoga keldi. Oʻzbekiston va Mustaqillik koʻchalari oraligʻida madaniy markaz tiklandi, zamonaviy amfiteatr qurildi, ular atrofdagi maʼmuriy binolar bilan jozibali uygʻunlik kasb etdi. Kitob doʻkoni oldida soʻlim xiyobon barpo qilinib, Alisher Navoiy haykali oʻrnatildi.
Yangiyer shahrining qayta bunyod etilishiga esa Prezidentning 2017-yil 17-maydagi tashrifi sabab boʻldi. Shundan soʻng tashkil qilingan “Yangiyer” kichik sanoat zonasida bir yilning oʻzida jami qiymati 106 million dollarga teng boʻlgan 125 ta loyiha amalga oshirildi. Natijada viloyatda toʻqimachilik, charm-poyabzal, kimyo, oziq-ovqat, elektrotexnika sanoati, qurilish materiallari ishlab chiqarish, meva-sabzavotlarni qayta ishlash yoʻlga qoʻyildi, bir necha ming ish oʻrni yaratildi. Xususiylashtirilgan, ammo ishlatilmay boʻsh yotgan qator korxona va obyektlarda ham davlat rahbarining tashriflaridan soʻng rivojlanish fasli boshlandi.
Sirdaryo tumanidagi “Sirdarya golden fruits” masʼuliyati cheklangan jamiyati, Meva-sabzavotchilik logistika markazi, Mirzaobod va Sayxunobod tumanlarida ulkan issiqxonalar, Guliston tumanida qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini, guruchni qayta ishlovchi korxonalar ishga tushdi. “Agro eco texnology” masʼuliyati cheklangan jamiyati tomonidan sabzavot va dukkakli oʻsimliklar yetishtirish yoʻlga qoʻyilib, unabi bogʻi tashkil etildi. “Sirdaryo-mega-luks”, “Ideal asr” kabi yirik korxonalar, “Poly tex Sirdaryo” klasteri, “Sirdaryo universal oyna” masʼuliyati cheklangan jamiyati va yana oʻnlab yirik loyihalar ham Prezident tashriflarining bir-biridan shirin mevalaridir. Bu loyihalar miqyosini tasavvur qilish uchun birgina “Sirdaryo universal oyna” masʼuliyati cheklangan jamiyatining boʻy-bastiga koʻz tashlaylik. 2018 — 2020-yillarning oʻzida korxonada 501 million dollarlik loyiha amalga oshirilib, import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarildi.
Oʻsha yillari mamlakatimiz farmatsevtika sanoatiga har yili 4 million dollarlik shisha flakonlar import qilinar edi. Markaziy Osiyoda bitta sanalgan ushbu korxonada yuzdan ortiq turdagi shisha idishlar tayyorlash yoʻlga qoʻyildi. Bu esa yurtimizdagi farmatsevtika korxonalariga ayni mahsulotni yetkazib berish imkoniyatini kengaytirdi.
Shavkat Mirziyoyevning 2016-yilda Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentligiga nomzod sifatida sirdaryolik saylovchilar bilan boʻlgan uchrashuvida “Men qaysi vazifada ishlashimdan qatʼi nazar, Sirdaryodan qadamim ham, koʻnglim ham hech qachon uzilgan emas. Viloyatning iqtisodiy-ijtimoiy rivojiga, mavjud muammolarni yechishga ozmi-koʻpmi hissam qoʻshilayotgan boʻlsa, men buni oʻzim uchun katta baxt deb bilaman”, degan kamtarona eʼtirofining amaldagi isboti, ehtimol, mana shular boʻlsa kerak.
5
Hech esimdan chiqmaydi. 2023-yilning aprelida xalq deputatlari Sirdaryo viloyati Kengashining navbatdan tashqari sessiyasi boʻldi. Men ham ishtirok etgandim oʻsha majlisda.
...Prezident zalga har doimgidek oʻktam qadamlar bilan kirib keldi. Avvallari turli yigʻinlarda, uchrashuvlarda Shavkat Mirziyoyevni koʻp koʻrganman, albatta. Oʻsha kun, nazarimda, nimadandir tashvishlanayotgandek tuyuldi menga.
Birozdan keyin Yurtboshimizning oʻzlari oshkor etdilar — u kishini bezovta qilgan tashvish Sirdaryo koʻchalaridagi qarovsizliklar ekan.
— Men bugun Toshkentdan Gulistongacha poyezdda, temir yoʻl vokzalidan buyogʻiga mashinada keldim, — dedi Prezident. — Yoʻllarning achinarli ahvoli qattiq tashvishga soldi meni. Bunday yoʻllarda yurganlar dardini kimga aytadi?
Eʼtiroz Avtomobil yoʻllari qoʻmitasi va Transport vazirligiga qaratilgan edi.
Masʼullarning javoblari Prezidentimizni mutlaqo qoniqtirmadi:
— Bu yoʻllarda mening yoshligim oʻtgan, har qadami menga tanish. Talabaligimda Yangiyerdan Zomingacha piyoda ketganmiz. Hammayoq oʻydim-chuqur, chang-loy boʻlib yotardi. Bugun oʻtgan asr emas-ku! Qabul qilingan qaror boʻyicha bu yoʻllarni taʼmirlash ikki yil avval oxiriga yetgan boʻlishi zarur edi.
Vazirlar va tegishli masʼullar zimmasiga viloyatdagi barcha katta-kichik yoʻl-u koʻpriklarni tuzatish choralarini koʻrish vazifasi yuklatildi.
— Toʻgʻri, soʻnggi 6-yilda Sirdaryoda katta oʻzgarishlar yuz berdi, — davom etdi Prezidentimiz. — 30 trillion soʻm investitsiya jalb qilinib, 6 ming 640 ta yangi korxona ishga tushirildi. Bu orqali 55 mingta yangi doimiy ish oʻrni yaratildi. 17 mingta oila kambagʻallikdan chiqarildi. Tadbirkorlar soni 2 baravar koʻpayib, 7 mingdan 15 mingga yetdi. Umuman, Sirdaryoda sanoat yoʻqdan bor boʻldi, desak, bu ham haqiqat. Bu yerda ilgari boʻlmagan qurilish materiallari, farmatsevtika, charm va oziq-ovqat sanoati kabi yangi tarmoqlar yuzaga keldi.
Davlat rahbari Sirdaryoda hali foydalanilmay yotgan katta imkoniyatlar mavjudligini taʼkidlayotganida, koʻnglidagi tashvishlar yanayam ochiqroq ayon boʻlib boraverdi. Bilmas ekanman, Sirdaryoda suv boshqa viloyatlarga nisbatan serob, ekin maydonlari esa aholi jon boshiga Xorazm va Navoiyga qaraganda 2 baravar, Samarqand, Andijon, Fargʻona va Namanganga nisbatan 3 baravar koʻp ekan. Hosildorlik-chi?.. Xorazmda gʻallaning har gektaridan 100 — 120 sentnerlab don yetishtirilyapti. Sirdaryoda esa uning yarmichayam emas. Fargʻona vodiysining ayrim qishloqlarida yerdan toʻrt martagacha hosil olinadi. Sirdaryoda esa bir marta, shuyam chala-chulpa. Fargʻonaliklar tomorqasi tugul yoʻl yoqalari-yu ekin maydonlarining uvatlarigacha bir qarichni ham boʻsh qoldirmay uzum, oshqovoq, tarvuz, qovun, hech boʻlmasa, yalpiz-u rayhon ekadi. Sirdaryoda esa gektar-gektar maydonlar, katta-katta tomorqalar yillab boʻsh yotadi. Sababini soʻrasangiz, yerning yomonligiga toʻnkashadi. Lekin Prezident kuyunib qayta-qayta taʼkidlaganidek, qaramasang, haydamasang, oʻgʻit bermasang, ariq-zovurlarni tozalamasang, yer qanday qilib yaxshi boʻladi?
— Sirdaryoni innovatsion hududga aylantirmasak, viloyatda rivojlanish boʻlmaydi. Biz viloyatga qaysi davlat tajribasini olib kelish haqida koʻp oʻyladik va oxiri Xitoyda toʻxtadik, — davom etdi Prezident. — Tan olish kerak, oxirgi yillarda Xitoy sanoat, qishloq xoʻjaligi, taʼlim va tibbiyotda misli koʻrilmagan yutuqlarga erishdi. Xitoyning ilm, innovatsiya, muhandislik, elektrotexnika, robototexnika va IT yoʻnalishlarida tajribasi juda katta. Eng asosiysi, Xitoy bizga transport-logistika jihatidan eng yaqin yirik bozorlardan.
Oʻrni kelganda taʼkidlash joiz, Prezident viloyatning avvalgi rahbari, hozir Prezident maslahatchisi vazifasini bajarayotgan Gʻofurjon Mirzayevning hokimlik faoliyatiga yuqori baho berdi. «Mirzayev sizni ham tindirmadi, oʻziyam tinmadi, — dedi Prezident. — Eng muhimi, odamlarda “boʻlar ekan-ku” degan ishonch uygʻondi».
Sessiya tugagach Prezident Guliston shahridagi qariyb ming kishi mehnat qilayotgan “Omonmedfarm” korxonasi faoliyati bilan tanishib, shu yerda 6 ta yangi korxonani ishga tushirish marosimida ishtirok etdi. Keyin otashin sheʼrlari bilan xalqimiz koʻnglidan “haqiqat va adolat jarchisi” sifatida joy olgan shoira Halima Xudoyberdiyeva nomidagi ijod maktabiga bordi.
...Maktabga kiraverishda shoiraning haykali bor. Tabiatni jonidan sevgan shoira lolaqizgʻaldoqdan qoʻziquloqqacha, boychechakdan tuyatovongacha, yantoqdan saksovulgacha chappar urib yotgan Boyovut dashtlariga boqib, toʻya olmay, havas bilan tikilib turganday.
Prezidentimiz haykal poyiga gul qoʻyayotganida shoiraning:
Qon aslan yorugʻlik. Yorugʻlan, tiz choʻk.
Asl mard Vatanga tiz choʻkib oʻtar.
Qancha qoning boʻlsa, Vatan uchun toʻk,
Qancha shoning boʻlsa — Vatanni koʻtar!
— degan hayqirigʻi shahr-u qishloqlar osha dasht-u dalalarda aks sado berayotgandek tuyuldi.
Oʻsha kuni davlat rahbari oʻquvchilar, muallim va ziyolilar bilan dildan qilingan samimiy suhbatlarida “Men Abdulla Oripov, Erkin Vohidov, Halima Xudoyberdiyeva bilan xuddi aka-ukalardek juda qadrdon edim”, dedilar. “Bu ijodkorlar yaratgan asarlarni qayta-qayta oʻqiyman, mutolaa qilaman. Abdulla akaning birgina «Men nechun sevaman Oʻzbekistonni” sheʼrini qarang, qancha mazmun-maʼno, hikmat, Vatanga muhabbat bor shu bitta sheʼrning mohiyatida. Bugun bizga ana shunday millatparvar shoirlar kerak. Hozir ijod maktabini qurdik. Binolar goʻzal, zamonaviy, oʻqish-oʻrganish uchun hamma sharoit mujassam. Endi mazmun ham shaklga munosib boʻlishi kerak. Bunday dargohlarda taʼlim olayotgan yoshlarning koʻzlari yonib turishi kerak. Vatan uchun, millat uchun, xalq uchun kuyib-yonadigan fidoyilar kerak bugun Vatanga», degan soʻzlari yoshlar qalbiga mangu muhrlandi.
6
Uch yildan ziyodroq vaqt oʻtdi oʻshandan buyon. Endi undan buyogʻini aytar boʻlsam, shu uch yilginada bajarilgan ishlar ham lofi bilan uch asrda qilinganidan kam emas. Sanasang sanoq, taʼriflasang qogʻoz oz. Shul bois oʻtayotgan 2025-yilning oʻzidagi va kelgusidagi rejalarga doir raqamlarning ayrimlarini tilga olish bilan chegaralanamiz.
Marhamat, oʻqing. Sirdaryoliklar 2025-yilning birinchi yarim yilligini barqaror iqtisodiy oʻsish, yangi ishlab chiqarish quvvatlarini ishga tushirish, aholi bandligi va ijtimoiy hayotdagi islohotlar bilan qarshi oldilar. Soʻzda emas, amaliy harakatda namoyon boʻlayotgan bunday yutuqlarni eng avval soliq tushumlarida yaqqol koʻrish mumkin. Zero, iqtisodiyotni tushunadiganlar soliq tushumlarini barqarorlik poydevori, deydilar. Joriy yilning birinchi yarmida ularning hajmi oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 139 foizga oʻsdi. Agar 2024-yilning 1-yarmida 758 milliard soʻm soliq tushumlari tushgan boʻlsa, bu yil mazkur koʻrsatkich 1 trillion 53 milliard soʻmga yetdi. Yalpi hududiy mahsulot hajmi yarim yilda 106,3 foizga bajarildi. Yil yakuniga qadar bu koʻrsatkich 107,5 foizga koʻpayadi.
Yangi ishlab chiqarish quvvatlarining ishga tushishi, xususan, Mirza-obod, Sayxunobod va Guliston shaharlaridagi sanoat zonalarida kichik korxonalarning faoliyat boshlashi natijasida ishlab chiqarish hajmi sohada yil yakunigacha 107 foizga yetkaziladi. Iqtisodiyotning asosiy harakatlantiruvchi kuchi boʻlgan xizmatlar hajmi yarim yillikda 6,3 trillion soʻmni tashkil etib, oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 114 foizga oshgan boʻlsa, mazkur koʻrsatkich yil yakunida 115 foizga yetkaziladi.
6-7 oyda tadbirkorlik subyektlari soni 771 taga koʻpaydi. Hududlarda ixtisoslashuvga eʼtibor kuchaydi. Sardobada meva-sabzavotni qayta ishlash, Xovosda maishiy texnika, Gulistonda tekstil mahsulotlari ishlab chiqarish boʻyicha yangi loyihalar amalga oshirilmoqda.
Toʻgʻridan-toʻgʻri xorijiy investitsiyalar hajmi ham 141 foizga oshib, 416 million AQSH dollarini tashkil etdi. Xovosda xitoylik investorlar ishtirokida polimer mahsulotlar ishlab chiqarish zavodi, Sayxunobodda elektr jihozlari ishlab chiqarish sexi ishga tushirildi. Eksport hajmi 150 million AQSH dollariga yetdi. Bu oʻtgan yilning mos davridagiga nisbatan 123 foizga oʻsganini anglatadi. Yil boshida 11,3 foiz boʻlgan kambagʻallik darajasi 1-iyulga kelib, 7,1 foizga kamaygan boʻlsa, koʻrsatkich yil adogʻiga borib 5,3 foizgacha tushadi.
Endi ikki jumla tomorqa haqida. Tomorqa deganda yaqinlargacha oʻt bosgan qarovsiz hovlilar kelardi odamning koʻz oldiga. “Yangi Oʻzbekiston” islohotlari bu sohaga boʻlgan munosabatlarni ham tamoman yangiladi. Aholida shaxsiy tomorqadan foydalanish madaniyati oʻzgardi. Bu nafaqat oila bandligini taʼminladi, balki qoʻshimcha daromad manbalarini yaratdi.
Sayxunobod tumanining Oʻzbekiston mahallasida yashovchi Kamol Muhammadiyev 2020-yilda 25 sotix maydonga Oltiariq tajribasi asosida uzum ekishni yoʻlga qoʻyib, oʻtgan yilning oʻzida 8 tonna mahsulot oldi. Sovitkichda saqlash orqali dekabr-yanvar oylarida 300 — 400 million soʻm sof daromad egasiga aylandi. Sirdaryo tumanidagi Baxmal mahallasida istiqomat qiluvchi Dilafroʻz Boyboʻtayeva 30 million soʻm kredit olib, 6 sotix yerda “Qora shahzoda” navli atirgul koʻchatlari yetishtirishni yoʻlga qoʻydi. Bu yil u 30 ming dona atirgul sotib, 60 million soʻm daromad oldi.
Bunday yuzlab misollar aholining mehnatsevarligi, tadbirkorlik ruhi va zamonaviy yondashuvlarini namoyon etmoqda. Maqsad har bir fuqaro munosib hayot kechirishiga, har bir xonadon daromad manbaiga ega boʻlishiga erishish va har bir mahallani farovonlik manziliga aylantirishdir.
Ilgari kuniga faqat 9 soat suv beriladigan Guliston shahrini 24 soat uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlash maqsadida Prezident qarori bilan 35 milliard soʻm ajratildi, 64 kilometr suv tarmoqlari tortildi va 2 ta suv inshooti rekonstruksiya qilindi. Yaqin kunlarda Guliston va atrof tumanlar toʻliq suv bilan taʼminlanadi.
Guliston shahri qatorida Boyovut tumanining Qaropchi va Yangi avlod, Guliston tumanining Zarbdor, Ishonch va Mevazor mahallalari ham uzluksiz ichimlik suvi bilan taʼminlanadi. Xovos va Boyovut tumanlarida esa 32 ming nafar aholining 35-yillik orzusi ushaldi. U yerlarga ilk bor “Zomin suv” markazlashgan tizimi orqali obihayot yetib keldi.
Guliston shahridagi 51 ta koʻp qavatli uyning 1 173 ta xonadoni kanalizatsiya tizimiga ulandi. Mahalliy byudjet hisobidan ajratilgan 1 milliard soʻm mablagʻ vositasida Guliston va Yangiyer shaharlari hamda Oqoltin va Sayxunobod tumanlaridagi 81 ta koʻp qavatli uyning yertoʻla qismidagi oqova suv tizimlari yangilandi. Hozir Guliston shahridagi Shimoliy suv inshootidan Yangiyer shahrigacha katta hajmli 33 kilometr suv tarmogʻi qurilmoqda.
Yoʻling ravon boʻlmasa, ovulingga qush ham uchib kelmaydi. Abgor ahvoldagi 300 kilometr yoʻl 6 oy ichida tuzatilib, asfaltlandi. Yana 36 kilometr ichki yoʻlga shagʻal toʻshaldi. 78 ta mahallada 300 mingdan ziyod aholi uchun qulay harakatlanish imkoniyati yaratildi. Sayxunobod tumanining Oʻrikzor mahallasida 35 — 40-yildan buyon oʻydim-chuqur boʻlib yotgan yoʻllar ilk bor asfalt-beton bilan qoplandi.
Yil yakuniga qadar viloyatda yana 376 kilometr yoʻl, jumladan, 356 kilometr ichki yoʻl va 3 ta koʻprik taʼmirlanishi rejalashtirilgan.
* * *
...“Yana-yana”larni yana va yana davom ettirish mumkin. Yutuqlar oz emas. Sirdaryoni obod qilish uchun bir tan-u bir jon boʻlib, ter toʻkayotganlarning shiddat-shijoati esa hammasidan baland, hammasidan havasli. Shunday lahzalarda, beixtiyor yana otashqalb, dilbar shoira opamiz Halimaxonim Xudoyberdiyevaning:
— Qancha shoning boʻlsa — Vatanni koʻtar! — degan hayqirigʻi shahar-u qishloqlar osha dasht-u dalalarda aks sado berayotgandek tuyulaveradi. Va sen ham qanday qilib shoiraning daʼvatlariga qoʻshilib ketganingni sezmay qolasan:
— Qancha shoning boʻlsa — Vatanni koʻtar!
Abdusaid KOʻCHIMOV,
Oʻzbekiston Respublikasi Oliy Majlisi Senati aʼzosi,
Oʻzbekiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻrta Osiyodagi eng baland yangi yil archasi — Namanganda
- Nilufardan Qobiljongacha... Qobuljon Rossiyada etnik nafrat tufayli vahshiylarcha oʻldirilgan birinchi bola emas
- Yaldo tuni: Yerliklar bugun eng uzun tun va eng qisqa kunga guvoh boʻladi
- Hokim yordamchisi kimga yordamchi?
- Toshkent shahrida Markaziy Osiyo davlatlari va Koreya Respublikasi parlamentlari rahbarlarining III yigʻilishi oʻz ishini boshladi
- Poytaxtga avtomobillar kirishiga hech qanday taqiq yoʻq — Toshkent shahar hokimligi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring