Nusrat akaning limonchilik maktabi

15:03 08 Fevral 2024 Jamiyat
408 0

Hammasi Nusrat Saidovning bundan 28 yil muqaddam issiqxonaning bir chetida ikki tup limon koʻchati oʻtqazishidan boshlandi. Tajriba, shunchaki bir qiziqish yuzasidan bajarilgan bu ish yillar oʻtib, butun boshli limonchilik maktabining yaratilishiga olib kelishini kim bilibdi, deymiz?

— Oʻshanda ikki tup daraxtdan olingan hosilni sotib, bir bosh qoramolning puliga teng miqdorda daromad qilganmiz, — deya eslaydi Buxoro viloyati Peshku tumani Ibn Sino qishlogʻida yashovchi Nusrat aka. — Shundan soʻng limonchilikni yoʻlga qoʻyishga kirishdik. Sizga yolgʻon, menga chin, limon yetishtirish kishiga huzur bagʻishlaydi. Kishi undan rostmanasiga baraka topadi.

Tadbirkor dehqonning bu haqda alohida toʻxtalishi bejiz emas. “Peshku limonchilik ravnaqi” fermer xoʻjaligiga qarashli 8,5 gektar maydonning bir gektarida limonzor barpo etilgan. 30 sotix yerda esa limon, apelsin, mandarin singari sitrus mevalar koʻchati yetishtirilmoqda.

Aytish joizki, Oʻzbekistonda yetishtirilayotgan limon, xususan, uning “Toshkent” navi alohida qadrlanadi. Deylik, oʻzga yurtlardagi shifobaxsh bu neʼmatning tarkibida uch foiz kislota bor. “Toshkent” navli limonda esa bu koʻrsatgich toʻrt foizni tashkil etadi. Shuningdek, bir foiz shakar moddasi mavjud. Qolaversa, u qisqa muddat davom etgan ikki darajali sovuqqa chidamli. Mabodo, issiqxona ikki qavatli polietilen plyonka bilan qoplangan boʻlsa, 8 darajali sovuqqa bardosh beradi. Buning ustiga juda hosildor. Fermerning aytishicha, u bir gektar limonzordan oʻtgan mavsumda 30 tonna hosil olgan. 400 million soʻm atrofida daromad qilgan.

— Bilasiz, issiqxonalarda haroratni bir meʼyorda saqlashning oʻzi boʻlmaydi, — deydi koʻmir va oʻtin vositasida isitish tizimini yoʻlga qoʻygan Nusrat aka. — Tajriba koʻrsatyaptiki, bir gektar yerdagi pomidor va bodringni yetishtirish uchun mavsum davomida 300 – 400 million soʻmlik yoqilgʻi sarflanadi. Bir gektar maydondagi limonariy uchun esa 20 million soʻmlik yonilgʻi kifoya.

Taʼkidlaganimizdek, “Peshku limonchilik ravnaqi”da koʻchatchilik bilan ham shugʻullanishmoqda. Qalamcha usulidagi limon koʻchati odatda, uch yilda tayyor holga keladi. Fermer xoʻjaligi joriy mavsumda sitrus mevali daraxt koʻchatlarini sotish evaziga 40 million soʻm daromad koʻrdi. Biz hali issiqxonada pomidor va bodring, shuningdek, ekin joʻyaklari orasida qovoq yetishtirishdan olinayotgan foyda haqida toʻxtalganimiz yoʻq.

Tinib-tinchimas fermer uchun vaqt oltinga teng. Biz bilan suhbatlashayaptiyu, yuk mashinasiga koʻchat ortib, buyurtmani ado etgani Samarqandga otlanmoqda. “Peshku limonchilik maktabi” sifatida tanilgan fermer xoʻjaligi uchun bu odatiy holga aylangan. Oʻn kishi doimiy ishlaydigan bu jamoaga nafaqat Buxoro, mamlakatimizning deyarli barcha viloyatlaridan buyurtmalar tushmoqda. Nusrat akaning oʻzi atayin borib, u yoki bu goʻshada limonzor barpo etishga bosh-qosh boʻladi, uch yil davomida buyurtmachiga koʻchat parvarishi yuzasidan zarur maslahatlar beradi.

Bu tashabbuskor insonning saʼy-harakati bilan shu kunga qadar respublikamiz boʻyicha aholi tomorqasi, dehqon hamda fermer xoʻjaliklarini qoʻshib hisoblaganda 62 gektar yerda limonzorlar barpo etildi. Tajribali fermer Jondor tumanidagi kasb-hunarga oʻqitish markazi hamda “Tadbirkor ayol” Oʻzbekiston ishbilarmon ayollar assotsiatsiyasi viloyat boʻlimi tomonidan tashkil etilayotgan amaliy mashgʻulotlarda yoshlarga limonchilik sir-asrorlarini oʻrgatib kelmoqda.

Turkiya, Ukraina, Isroil davlatlarida malaka oshirib qaytgan, “Shuhrat” medali, “Ilgʻor fermer” koʻkrak nishoni sohibi Nusrat Saidovning Fransiyadan keltirilgan oʻrik, Yaponiya va AQSH dan olib kelingan uzum navlarini payvandlash yoʻli bilan koʻpaytirish borasidagi izlanishlarining oʻzi alohida mavzu.

Aytmoqchi, xalq deputatlari tuman Kengashi deputati sanalgan Nusrat aka yashayotgan qishloqda 176 ta xonadon mavjud. Shuning 170 tasida issiqxona bor. Kimdir pomidor, bodring, kimdir bulgʻor qalampiri, rezavor koʻkatlar, yana kimdir limon yetishtirish bilan band. Odatda, bunday goʻshalarda ish izlab, olis va sovuq oʻlkalarga ketaman, deganni kunduzi chiroq yoqib ham topolmaysiz.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?