“Nurli maskan”da oʻquvchilarning bilimi sinovdan oʻtkazildi

Abdulaziz YOʻLDOSHEV/“Xalq soʻzi”. Samarqand shahridagi 59-koʻzi ojiz bolalar uchun ixtisoslashtirilgan “Nurli maskan” maktab-internatida asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi boʻlib oʻtdi. Unda olimpiadaning hududiy bosqichida gʻoliblikni qoʻlga kiritgan 145 nafar 11-sinf oʻquvchilari matematika, ona tili va adabiyot, rus tili va adabiyoti hamda tarix fanlaridan bellashdi.
— Oʻtgan yil avgust oyidan barcha ixtisoslashtirilgan maktab-internatlari Ijtimoiy himoya milliy agentligi tizimiga oʻtkazildi, — deydi agentlikning Samarqand viloyati boshqarmasi boshligʻi vazifasini bajaruvchi Sardor Luqmonov. — “Nurli maskan” maktab-internatlari oʻquvchilari oʻrtasida asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichi ochiq, adolatli va shaffof oʻtkazilishini taʼminlash maqsadida auditoriyalarda va hakamlar hayʼati uchun ajratilgan xonalarda videokuzatuv moslamalari oʻrnatildi. Jarayonni ota-onalar ham toʻgʻridan-toʻgʻri kuzatib borishdi.
Matematika fanidan birinchi oʻrinni surxondaryolik Ziyodulla Eraliyev, ikkinchi oʻrinni namanganlik Jamolxon Ergashev, uchinchi oʻrinni Qoraqalpogʻiston Respublikasidan Shomurod Keshnimjayev egalladi.
Ona tili va adabiyot fani boʻyicha gʻoliblik samarqandlik Nazokatxon Butunboyevaga nasib etgan boʻlsa, keyingi oʻrinlar xorazmlik Tolibjon Toʻraxonov va buxorolik Mashhura Egamovaga nasib etdi.
Rus tili va adabiyoti fanidan Sirdaryo viloyatidan Iroda Kushayeva gʻoliblikni qoʻlga kiritdi. Ikkinchi va uchinchi oʻrinlarga qoraqalpogʻistonlik oʻquvchilar Farida Ramanova, Sultonbek Turambetov sazovor boʻldi.
Tarix fanidan buxorolik oʻquvchi Elshod Ismatov eng yaxshi natijani qayd etgan boʻlsa, samarqandlik Navroʻzbek Qoʻyliyev va qashqadaryolik Xolbek Oʻljayev sovrinli oʻrinlarni egalladi.
Asosiy fan olimpiadasining respublika bosqichida 1-, 2-, 3-oʻrinlarni egallagan oʻquvchilarga ixtisoslik fani boʻyicha davlat oliy taʼlim muassasalariga kirish imtihonlarida maksimal ball olish huquqini beruvchi va uch yil muddat davomida amal qiluvchi sertifikatlar, pul mukofotlari va esdalik sovgʻalari topshirildi.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ayrim oilalarga bir martalik moddiy yordam beriladi
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
- “Leapmotor” Oʻzbekistonda oʻtkazilgan avtomobil testi natijalaridan noroziligini bildirdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring