Nuriston shaharchasi aholisi elektr tez-tez oʻchib qolayotganidan norozi

Talimarjon IES va «Shoʻrtan gaz-kimyo» majmuasi mutaxassislari va ularning oilalari istiqomat qilayotgan Nuriston shaharchasi, unga yondosh bir qator qishloqlarda elektr tez-tez oʻchib qolyapti. Mamlakatning gigant elektr korxonasi — Talimarjon IES joylashgan hududda,qolaversa oʻzlari shu sohada mehnat qilayotgan kishilar elektrdan toʻliq bahramand boʻla olmayotgani aholining haqli eʼtirozlariga sabab boʻlmoqda.
Yaqinda OʼzLiDePdan saylangan Qashqadaryo viloyati Kengashi deputati Ibrohim Halilov, partiyalar faollari, Qarshi muhandislik iqtisodiyot instituti oʻqituvchilari, Nishon tumani Kengashi deputatlari, kotibiyati bosh mutaxassislari ishtirokida Nuriston shaharchasidagi madaniyat saroyida “Deputat va saylovchilar” uchrashuvi oʻtkazilayotgan paytda ham elektr oʻchgan, anjumanlar saroyi juda sovuq edi.
I. Halilov saylovchilarga hisobot berar ekan, aynan elektr masalalariga ham toʻxtalib oʻtdi.
— 2021-yilning yanvar oyida Nishon tumanidagi korxona, tashkilot va muassasalariga 28 ta deputatlik soʻrovi chiqarib, shundan 5 tasiga javob oldim, xolos, — dedi u. — Nishon tumani elektr tarmoqlari korxonasiga shu yilning 11-yanvar kuni deputatlik soʻrovi chiqargan boʻlsam, 10 kun ichida javob olishim kerak edi. Lekin ular javob berishni oʻzlariga ep koʻrishmadi. Eʼtibor beringlar, deputatlik soʻroviga aytilgan masala hal etilishi yoki etilmasligidan qatʼi nazar javob berilishi kerak. Chunki nega muammo yechilmayotganini deputat sifatida men bilishim va masalani hal etish uchun viloyatdagi yoki respublikadagi tashkilotlarga murojaat qilishim uchun asos boʻladi. Agar saylovchilarga bu haqda xolis axborotni yetkazsak, ular tushunishadi. Masalan, Talimarjon IESda nosozlik roʻy bergani, bu toʻxtalishlarga barham berilayotgani yoki Nishon tumanining baʼzi mahallalarida gaz yoʻqligi sababli aholi qishning sovuq paytida elektrdan koʻp foydalanayotgani, natijada elektr kuchlanishining oshib ketishi tufayli transformatorlar dosh bera olmayotganini nega xalqdan yashirishimiz kerak. Xalq bilan uchrashuvlar oʻtkazmay, ularning qoʻngʻiroqlariga, soʻrovlarga javob bermay yurish xalq oʻrtasida ishonchsizlikni kuchayishiga sabab boʻladi.
Xalq vakili — Ibrohim Halilovning fikrlarini aholi toʻgʻri qabul qildi va nafaqat elektr bilan bogʻliq balki boshqa ijtimoiy muammolar boʻyicha murojaat qilishdi. ahamiyatli jihati shundaki, I. Halilov anjumanlar saroyiga yigʻilgan 200 nafardan ziyod aholi vakillari orasidan nechta kishi murojaat qilgan boʻlsa, hammasi bilan gaplashib chiqdi. Zalda birorta murojaatchi qolmaganidan soʻng u qabulni toʻxtatdi.
Masalan, “Jayron” MFYda yashovchi Ergash ota Husunov, “Nuriston” MFY hududidan Oysoat Qoʻchqorova ichimlik suvi masalasida, “Nurchi” MFYdan Maqsuda Boʻriyeva tadbirkorlik qilish uchun kredit olish boʻyicha, “Kimyogar” MFYdan Fotima Jumayeva va Rayhon Xurramova hamda boshqa koʻplab saylovchilar elektr, ichimlik suvi, yoʻl, davlat sherikchiligi asosida bogʻcha qurish, QVP, maktab, transport muammolari yuzasidan deputatga murojaat qilishdi. Eng muhimi, aholi tomonidan koʻtarilgan barcha muammolar deputat nazoratiga oʻtdi. Buyogʻi deputatning xalq tomonidan turib, oʻz vakolatlaridan foydalangan holda ijro etuvchi mahalliy hokimlik va mutasaddi rahbarlar eʼtiborini shu muammolarga qaratishiga hamda hal etilishida qoldi.
Faxriddin Bozorov,
“Xalq soʻzi”
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Oʻzbekistonda doimiy aholi soni har kuni necha kishiga oshyapti?
- Shahram Gʻiyosov tajribali raqibini muddatdan oldin magʻlub etdi
- Yana bir bozor auksionga qoʻyildi
- Oʻzbekiston pasporti xalqaro indeksda past natija qayd etdi
- Samarqand yana bir nufuzli forumga mezbonlik qiladi
- Markaziy bank shoshilinch ogohlantirish bilan chiqdi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring