Nurafshonda oʻtkazilgan “Ochiq osmon ostidagi maktab” loyihasi nogiron yoshlarni birlashtirdi

12:43 19 May 2022 Jamiyat
1345 0

Joriy yilning 18-may kuni Toshkent viloyati Nurafshon shahar amfiteatrida Toshkent viloyati hokimligi, Oʻzbekiston Respublikasi Oila va xotin-qizlar davlat qoʻmitasi huzuridagi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti, Toshkent viloyati Chirchiq davlat pedagogika instituti, T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlimi hamda Andijon viloyati hokimligi hamkorligida “Ochiq osmon ostidagi maktab” ijtimoiy, mobil-metodik tadbiri boʻlib oʻtdi. Tadbirda Nogironligi boʻlgan bolalarning ijodiy chiqishlari, ularning qoʻl mehnatlari jamlangan yarmarkalar boʻlib oʻtdi.

— “Ochiq osmon ostidagi maktab” loyihasi oʻz nomi bilan ochiq osmon qoʻynida “Temir daftar”ga kirgan, nogiron farzandli oilalarni, yetim bolalarni birga jamladi. Oʻzingiz koʻrib turganingizdek, imkoniyati cheklangan bolalar nimalarga qodir ekanliklarini yana bir bor isbotlashdi. Mening oʻylashimcha, bular nogiron emas, bular jamiyatning bir aʼzosi. Ular ham ijtimoiy hayotga bevosita aloqador va buni Paralimpiya oʻyinlarida yaqqol guvohi boʻldik, — dedi Chirchiq Davlat pedagogika instituti Pedagogika kafedrasi mudiri Feruzaxon Qodirova.

Bunday ijtimoiy kechadan maqsad nogironligi boʻlgan bolalarda taʼlim olish va kasb tanlash motivatsiyasini oshirish usul va yoʻllarini ota-onalar, oʻqituvchilar hamda mahalla mutasaddilariga intensiv oʻrgatuvchi kompleks (psixologik, pedagogik, defektologik) xizmatlarni amalga oshirishdir.

— Hozir mamlakatimizda barcha toifadagi qatlam egalariga birdek eʼtibor qaratilmoqda. Har bir fuqaroning sogʻligʻi, ularning qobiliyat va imkoniyatlaridan kelib chiqib prezidentimiz ijtimoiy qoʻllab-quvvatlash boʻyicha yangidan yangi tizimlarni ishlab chiqdilar. Xususan, nogironi bor oilalarni har tomonlama ijtimoiylashtirish, ularni kasbga yoʻnaltirish, ish bilan taʼminlashga doir yurtboshimiz 10 dan ortiq qarorlarni qabul qildi. Shuningdek ota-ona qaramogʻidan mahrum boʻlgan, yetim bolalar uchun yangi “Mehr daftari” ishlab chiqildi. Bugungi tadbir ham ayni shu masalalarni hal qilishda yordamchi vazifasini oʻtashiga ishonaman, — dedi “Oila va xotin-qizlar” ilmiy-tadqiqot instituti direktori oʻrinbosari O.Musurmanova.

Bundan tashqari, tadbirda Loyiha “Mobil guruhi” kompleks taʼlim taqdimoti oʻtkazildi. Turli yoshdagi nogironligi boʻlgan bolalar uchun intellektual, qiziqarli mashgʻulotlar, nogironligi boʻlgan bolalar xulq atvori va IQ psixodiagnostika, maqsadli psixologik maslahatlar va treninglar, yosh oilalarga pedagogik tarbiya treninglari, yosh otalarga maslahatlar, mahalla mutasaddilari uchun master klasslar mahoratli pedagog va psixologlar tomonidan tashkillashtirildi.

— Biz tadbirdan koʻzlangan maqsadga yetdik, hisob. Nogiron bolalarning koʻzidagi quvonch bizning yutugʻimiz. Ularni asta-sekinlik bilan jamiyatga qoʻshish, kelajakda oʻzlariga munosib kasb topishi uchun yordam berish esa bizning burchimiz. Bunday tadbirlar respublikaning barcha viloyatlarida tizimli oʻtkaziladi, albatta, — dedi T.N.Qori Niyoziy nomidagi Oʻzbekiston pedagogika fanlari ilmiy-tadqiqot instituti Ilmiy pedagogik kadrlar tayyorlash boʻlim boshligʻi M. Umaraliyeva.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?