Nukusda oʻqituvchilarga ehtirom koʻrsatildi

20:22 30 Sentyabr 2022 Jamiyat
561 0

Foto: Xalq so‘zi

Bugun, yaʼni 30-sentyabr kuni Nukus shahrida Berdaq nomidagi Qoraqalpoq davlat akademik musiqali teatrida 1-oktyabr –Oʻqituvchi va murabbiylar kuniga bagʻishlangan tantanali tadbir boʻlib oʻtdi.

Dastlab Oʻzbekiston va Qoraqalpogʻiston Respublikalarining davlat madhiyalari yangradi.

Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi A.Orinbayev yigʻilganlarni kasb bayrami bilan tabrikladi va Prezidentimizning oʻqituvchi va murabbiylarga yoʻllagan bayram tabrigini oʻqib eshittirdi.

Taʼkidlanganidek, 2022-2026-yillarda xalq taʼlimi tizimini rivojlantirish boʻyicha Milliy dastur asosida yurtimizda keng koʻlamli ishlar amalga oshirilmoqda. Joriy yilning oʻzida davlat byudjeti hisobidan barcha zamonaviy sharoitlarga ega bir qancha maktablar qurilib, ularning moddiy-texnik bazasi yangilanmoqda. Xususan, taʼlim muassasalari qoʻshimcha oʻquv jihozlari jamlanmasi, zamonaviy kompyuterlar bilan taʼminlandi.

Bayram munosabati bilan Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Sh.Mirziyoyevning Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga yoʻllagan bayram tabrigini xalqimiz alohida mamnuniyat bilan qarshi oldi. Bayram tabrigidagi “Har bir inson hayotda qanday yutuqqa erishgan boʻlsa, ularda qadrdon oʻqituvchi va ustozlarining beqiyos hissasi borligini umrbod minnatdorlik bilan eslaydi” degan soʻzlari ularning mehnatiga boʻlgan alohida hurmat ifodasidir.

Yigʻilishda bir guruh kasb fidoyilariga Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumi qarori bilan faxriy unvonlar va koʻkrak nishonlari tantanali ravishda topshirildi.

Mukofotlanganlar nomidan soʻzga chiqqanlar sohaga qaratilayotgan alohida eʼtibor va gʻamxoʻrligi uchun Prezidentimizga minnatdorlik bildirdi.

Tantanali tadbir respublikamiz sanʼat ustalari va yosh ijrochilarning konsert dasturi bilan yakunlandi.

Maʼlumot uchun, bugun Oʻqituvchi va murabbiylar kuni munosabati bilan Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Prezidiumining tegishli qarori asosida hududlardagi umumtaʼlim maktablarida oʻquvchilarga taʼlim-tarbiya berib kelayotgan 6 nafar faol oʻqituvchilar “Qoraqalpogʻistonda xizmat koʻrsatgan xalq taʼlimi xodimi”, shuningdek, taʼlim sohasida samarali mehnat qilib kelayotgan 3 nafar oʻqituvchi “Qoraqalpogʻiston Respublikasida xizmat koʻrsatgan yoshlar murabbiysi” faxriy unvonlari, bir nafari «Ardaqlы nuranыy» koʻkrak nishoni, oʻn nafari «Oʻatan pidayыsы» koʻkrak nishoni bilan mukofotlandi.

Gʻ.Otajonov,  “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?