Nukusda ham quyosh panellari ishlab chiqarilmoqda
Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Mamlakatimizda ekologik toza, qayta tiklanuvchan energiya manbalaridan samarali foydalanishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Muqobil energiya qurilmalari orasida quyosh panellari har tomonlama qulayligi bilan ajralib turadi. Shu bois ularga boʻlgan ehtiyoj ham tobora ortib bormoqda.
Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 19-20-avgust kunlari Qoraqalpogʻistonga tashrifi chogʻida “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasining ish jarayonini koʻzdan kechirdi, xodimlar bilan suhbatlashdi. Mutasaddilarga bunday korxonalarni koʻpaytirish, ularda bozor talabi yuqori mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha koʻrsatmalar berdi.
Dastlabki faoliyatini 2017-yilda boshlagan bu korxonada elektr energiyasi tarmogʻi uchun kuchlanish qurilmalari ishlab chiqariladi. Shu yil iyunda 10 million dollardan ziyod mablagʻ evaziga quyosh panellarini ishlab chiqarish yoʻlga qoʻyildi. Yangi loyiha boʻyicha uskunalar Janubiy Koreyadan olib kelindi va oʻrnatildi. Oʻtgan qisqa vaqt davomida korxona tomonidan 600 kVt quvvatli quyosh panellari ishlab chiqarishga erishildi. Korxonaning oʻziga ham 125 kVt quvvatli quyosh panellari oʻrnatildi.
— Prezidentimizning bu galgi Qoraqalpogʻistonga tashrifi korxonamizdan boshlangani jamoamizni ruhlantirib, uning ishlab chiqarish salohiyatini yanada oshirish yoʻlida bizni ragʻbatlantirdi, — deydi “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasi bosh direktori Marlen Ibraimov. — Quyosh panellariga boʻlgan ehtiyojini oʻz vaqtida taʼminlash maqsadida ishga tushirilgan yangi loyihaning yillik quvvati 273 ming dona. Ishlab chiqarish jarayonlari 100 foiz avtomatlashtirilgan. Qoʻshma korxona ichki bozorda talab yuqori mahsulotni mahalliylashtirish orqali 4 million dollarlik eksport imkoniyatiga ham ega boʻldi. 70 nafar kishi ish bilan taʼminlandi.
Vazirlar Mahkamasining 2022-yil 21-sentyabrdagi “Qayta tiklanuvchi energiya manbalari qurilmalarini ishlab chiqarishni jadallashtirish toʻgʻrisida”gi qaroriga muvofiq Nukus shahridagi “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasida bosqichma-bosqich quyosh panellarini ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻyish belgilangan.
— Korxonamiz birinchilardan boʻlib quyosh panellarini toʻliq avtomatlashtirilgan tartibda ishlab chiqarishga ixtisoslashtirildi, — deydi “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasi boʻlim boshligʻi Alisher Seitov. — Albatta, bu hududda elektr energiyasi tanqisligining oldini olishga, qayta tiklanuvchi muqobil energiya ishlab chiqarishni kengaytirishga xizmat qiladi. Bugungi kunda yurtimizda korxonalarning quyosh panellarini ishlab chiqarish boʻyicha loyihalari qoʻllab-quvvatlanmoqda. Xususan, “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasiga avtomatlashtirilgan texnologik asbob-uskunalar uchun hukumat qarori asosida bojxona toʻlovlaridan imtiyoz va preferensiyalar berilishi nazarda tutilgan.
Iqtisodiyot tarmoqlari, ijtimoiy soha obyektlarida va aholi xonadonlarida oʻrnatilgan quyosh panellari energiya taqchilligining oldini olish bilan birga qoʻshimcha daromad ham keltirmoqda. “Nukus Elestroapparat” qoʻshma korxonasida ishlab chiqarilayotgan quyosh panellari tan narxining pastligi va transport xarajatlarini iqtisod qilish evaziga xalqimizga qulaylik yaratishi shubhasizdir.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring