Nukusda eng ulugʻ, eng aziz ayyom shukuhi

17:32 30 Avgust 2024 Jamiyat
189 0

Gʻayrat Otajonov/“Xalq soʻzi”. Nukus shahridagi markaziy Amfiteatrda mamlakatimiz mustaqilligining oʻttiz uch yilligiga bagʻishlangan “Bir boʻlsak — yagona xalqmiz, birlashsak — Vatanmiz!” bosh gʻoyasi ostida bayram tantanasi boʻlib oʻtdi.

Tadbirda Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesining Raisi Amanbay Orinbayev soʻzga chiqib, xalqimizni eng ulugʻ, eng aziz ayyom — yurtimiz mustaqilligining oʻttiz uch yilligi bayrami bilan tabrikladi.

Taʼkidlab oʻtilganidek, soʻnggi yillarda mamlakatimizda Prezidentimiz rahbarligida barcha hududlar qatorida Qoraqalpogʻistonda ham keng koʻlamli islohotlar amalga oshirilib, yurtimizni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirishga alohida eʼtibor qaratilmoqda. Soʻnggi ikki yilning oʻzida Qoraqalpogʻiston uchun ahamiyatli koʻplab farmon va qarorlar qabul qilinib, xalqimizga munosib turmush sharoitini yaratishga mustahkam asos belgilab berildi.

Shuning bilan birga, kichik biznes va tadbirkorlik, sanoat, xizmat koʻrsatish va qishloq xoʻjaligi sohalarida qator investitsion loyihalar amalga oshirildi. Buning natijasida yangi ish oʻrinlari yaratilib, yirik ishlab chiqarish korxonalari, koʻplab ijtimoiy obyektlar ishga tushirildi.

Prezidentimizning tadbirkorlar bilan muloqoti bu yil Qoraqalpogʻistonda oʻtkazilishi ham yangidan-yangi imkoniyatlar eshigini ochib berdi. Bu oʻz navbatida, davlatimiz rahbarining Qoraqalpogʻistonga alohida mehr-eʼtiborining yana bir koʻrinishi boʻldi.

Tantanali bayram tadbiri konsert dasturi bilan davom etdi. Dasturdan oʻrin olgan sanʼat ustalari va yosh iqtidor egalari ijrosidagi Vatan, doʻstlik, tinchlik va totuvlik, yoshlikni tarannum etuvchi kuy-qoʻshiqlar va raqslar yigʻilganlarga koʻtarinki kayfiyat bagʻishladi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?