Nukus shahrida gemodializ markazi ochildi

17:59 19 Aprel 2022 Jamiyat
680 0

Foto: Халқ сўзи

Oʻtgan yilning yanvar oyida Oʻzbekiston Respublikasi Sogʻliqni saqlash vazirligi bilan hindistonlik hamkorlar oʻrtasida tuzilgan bitimga koʻra, Nukus shahrida davlat-xususiy sheriklik asosida gemodializ markazini tashkil etish loyihasi tasdiqlangan edi. 985 ming dollar investitsiya hisobidan qurilishi rejalashtirilgan markaz foydalanishga topshirildi.

Nukus shahridagi gemodializ markazining tantanali ochilish marosimida Qoraqalpogʻiston Respublikasi Joʻqorgʻi Kengesi Raisi M. Kamalov, Sogʻliqni saqlash vazirligi masʼullari va keng jamoatchilik vakillari ishtirok etdi.

Tadbirda mamlakatimizda aholi salomatligini asrash, shu jumladan, Orolboʻyida tibbiy xizmat sifatini oshirishga qaratilayotgan amaliy ishlar alohida eʼtirof etildi. Xususan, gemodializ markazining bosh direktori Vikram Vuppalani Oʻzbekistonda sogʻliqni saqlash sohasida amalga oshirilayotgan islohotlarni yuqori baholab, mazkur tibbiy muassasa murakkab iqlim sharoitiga ega hududda tashkil etilgani gʻoyatda muhim ahamiyatga ega ekanini taʼkidladi.

— Markazga buyrak kasalliklarini davolashda asqatadigan tibbiy asbob-uskunalar, 34 ta sunʼiy buyrak apparati olib kelindi, — deydi Qoraqalpogʻiston Respublikasi sogʻliqni saqlash vaziri Murad Qurbanov. — Gemodializator xastalangan buyraklarning chiqaruv funksiyasini vaqtincha oʻtaydigan apparat hisoblanadi. Yaqin yillargacha Qoraqalpogʻistonda bu apparatdan atigi 6 ta bor edi. Endi ushbu apparatlar soni 70 taga yetdi. Sir emas, oldinlari buyrak kasalliklari bilan ogʻrigan bemorlar sunʼiy apparatga tushish uchun roʻyxatda turib, navbat kutishardi. Gemodializ markazining ochilishi bilan bemorlarni endilikda bu muammo tashvishlantirmaydi.

Maʼlumotlarga koʻra, ayni paytda Orolboʻyida 150 nafarga yaqin bemor gemodializ muolajasiga muhtoj. Yangi gemodializ markazida esa bir kunda yuzga yaqin bemorni qabul qilib, koʻrikdan oʻtkazish imkoniyati yaratilgan. Eʼtiborlisi, zamonaviy texnologiyalar asosida olib boriladigan muolaja kurslari 47-48 dollarni tashkil etib, davlat tomonidan qoplanishi nazarda tutilgan.

Yangi markazda 2 nafar nefrolog shifokor, 18 nafar oʻrta boʻgʻin tibbiyot xodimlari xizmat koʻrsatmoqda. Hamshiralar Hindistondan kelgan mutaxassislar tomonidan oʻqitilib, yangi tibbiy uskunalardan foydalanish boʻyicha koʻnikmalarga ega boʻlishdi.

Gʻ. Otajonov, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?