Nufuzli “Berlinale” festivalida Oʻzbekistonning kino lokatsiyalari targʻib qilinmoqda

08:13 24 Fevral 2020 Welcome to uzbekistan
1190 0

Germaniyada start olgan “Berlinale” kinofestivalida Oʻzbekiston oʻzining milliy stendi bilan qatnashmoqda. “Berlinale” nomi bilan mashhur Berlin xalqaro kinofestivali dunyoning eng nufuzli 5 kinotadbiri roʻyxatiga kiradi. Bu haqda Turizmini rivojlantirish davlat qoʻmitasi xabar berdi.

“Ushbu kinofestivalda dunyoning 100 dan ziyod mamlakatidan ishtirokchi va mehmonlar tashrif buyurishgan. Bu Oʻzbekistonning mazkur tadbirda ikkinchi marotaba qatnashishi. Biz maksimal darajada xorijiy kinokompaniyalar vakillari bilan muzokaralar oʻtkazib, ularni Oʻzbekistonga jalb qilish.

Taʼkidlash joizki, yil davomida Oʻzbekistonda xorijiy kinokompaniya tomonidan olingan ikki film aynan shu “Berlinale” festivali doirasida erishilgan kelishuvlarning natijasidir”, — deya maʼlum qilishdi Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi vakillari.

Tadbirda mamlakatimizning boy madaniy merosi, “rebate” tizimi, kinolokatsiyalari hamda xorijiy media loyihalarni yurtimizda amalga oshirish salohiyatini taqdim etish asosiy maqsad qilib belgilab olingan. Ushbu muzokaralar maydonchasida 40 dan ortiq xorijiy kinokompaniya va xalqaro media tashkilotlar bilan ikki tomonlama muzokaralar oʻtkazilishi rejalashtirilgan.

Oʻzbekiston Respublikasi Prezidentining turizm sohasini yana-da rivojlantirishga oid farmoniga asosan xalqaro kinotadbirlarda milliy pavilyonlarni muntazam tashkil qilish belgilangan. Taʼkidlash joizki, milliy pavilyon “European Film Market” direksiyasi va Oʻzbekiston milliy kinokomissiyasi oʻrtasidagi hamkorlik shartnomasiga muvofiq, Turizmni rivojlantirish davlat qoʻmitasi, Yoshlar ittifoqi va Oʻzbekiston Respublikasining Germaniyadagi elchixonasi koʻmagida tashkil qilindi. 

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?