Noyob sitrus mevalar yetishtirayotgan “toshhovuzlik“lar

15:16 07 Oktyabr 2025 Jamiyat
231 0

Toʻqsoninchi yillarda “Toshhovuz” mahallasiga birinchilardan boʻlib ikki oʻgʻlini koʻchirib kelgan Ahmadjon Ismoilov tadbirkorlik qilishni orzu qilgandi. Oradan qirq yil oʻtib faxriy ustozning orzusi ushaldi. Bugun 81 yoshli otaxonning farzandlari nafaqat Yozyovon, Fargʻona vodiysida sitrus mevalari, undan tayyorlanadigan tabiiy sharbatlari bilan tilga tushgan.

— Xonadonimiz tomorqasida limon yetishtirishga moʻljallangan issiqxona tashkil etib, ilk hosilni qoʻshni Margʻilon bozorida sotib kelganmiz, — deydi mirishkor oila sohibi Ahmadjon ota. — Oradan yillar oʻtib Yozyovon tumani viloyatda limonchilik sohasida eng ilgʻor hududga aylandi.

Ayni paytda ushbu oilaning 30 sotixli tomorqasida issiqxona bor. Issiqxonada asosan limon parvarishlanadi. Keyingi yillarda mandarin, apelsin, banan, kivi singari sitrus mevalar yetishtirish tajribasi tobora keng quloch yozmoqda. Tinib-tinchimas otaxon mahallada sitrus mevalari yetishtirish tajribasi ommalashishida ham asosiy tashabbuskorlardan biri hisoblanadi.

— 1213 ta oilada 5 ming nafardan ziyod aholi istiqomat qiladi, — deydi “Toshhovuz” MFY raisi Usmonxon Musayev. — Hozirda 150 ga yaqin xonadon tomorqasidagi issiqxonada limon yetishtiriladi. Keyingi yillarda mahallada apelsin, mandarin, banan, kivi singari boshqa sitrus mevalari parvarishlayotgan oilalar safi tobora koʻpayib bormoqda. Yogʻochni qayta ishlash orqali qishloq xoʻjaligi mahsulotlarini joylashtirish, qadoqlash va saqlash uchun turli hajmdagi qutilar tayyorlash mahallaning yana bir drayveri sanaladi. Yaqin kelajakda shu yerning oʻzida mamlakatimiz boʻylab yetkazib berish va eksportga yoʻnaltirish maqsadida sitrus mevalari ulgurji bozorini tashkil etishni maqsad qilganmiz.

Yaqinda “Zarbdor tajribasi” asosida Fargʻona vodiysi hududlarini oʻzaro bogʻlovchi mahalladan oʻtgan katta yoʻl boʻyidagi ochiq melioratsiya zovurini yopiq zovurga oʻtkazish loyihasini ishga tushirish natijasida yangi 35 ta xizmat koʻrsatish obyektlari tashkil etildi. Natijada 70 ta yangi ish oʻrni yaratildi. Bu orqali mahalliy byudjetga har yili qoʻshimcha 150 million soʻmdan ortiq mablagʻ tushishi taʼminlanadi. Xizmat koʻrsatish hajmiga oʻrtacha 1,5 milliard soʻm qoʻshilishiga erishiladi.

Quvonarlisi, bu loyiha nafaqat tumanda, balki viloyatda birinchilardan boʻlib mazkur mahallada tatbiq etilmoqda. Mahalla oqsoqoli Ahmadjon Ismoilov birinchilar qatorida oilaviy tadbirkorlikni yoʻlga qoʻyib, tabiiy usulda tayyorlanadigan limon sharbati, 7 xil meva qoʻshilgan sharbatlar savdosini boshladi. Tadbirkor Ulugʻbek Sodiqov Yozyovonsoy boʻyidagi tashlandiq joyda milliy uslubda dam olish maskani bunyod etdi. Shu tariqa yangi loyiha doirasida birin-ketin zamonaviy xizmat koʻrsatish shoxobchalari ishga tushirilmoqda.

Joriy yilda istiqbolli loyiha ijrosiga kirishilib, dastlab 500 metr ochiq zovurga zaxni tortuvchi filtrli quvurlar koʻmildi. Zovurni koʻmish va tekislash uchun 600 ta yuk mashinasida tuproq toʻkildi. Kanalizatsiya tarmogʻi uchun 6 ta qoʻshimcha quduq oʻrnatildi. Bugungi kunda 500 metr yopiq zovurga oʻtkazilgan hududda 25 ta yengil tipdagi savdo doʻkonlarni qurib bitkazildi. Doʻkonlarga sendvich panellar va oynalar oʻrnatilib, xizmat koʻrsatish obyektlari toʻliq jihozlandi. Belgilangan talablar asosida tadbirkorlarga ijara shartnomalari asosida ajratib berildi. Bu loyiha doirasida elektr tarmogʻi tortish, transformator va koʻcha chiroqlari oʻrnatish, beton ariq tortish, piyodalar yoʻlagi qurish, yashil makon barpo etish va obodonlashtirish ishlariga davlat byudjetidan 1 milliard 200 million soʻm mablagʻ ajratildi. Toshhovuz mahallasi endilikda barcha havas qiladigan fayzli, barakali maskanga aylanib bormoqda.

Botir MADIYOROV

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер