Noyob innovatsion loyiha

17:36 29 Mart 2024 Jamiyat
723 0

Qum barxanlarini tasmadek kesib oʻtgan yoʻl yoqasida — Qorakoʻl tumani markaziga kiraverish qismida bahaybat kran va yuk mashinalari, turnaqator tizilgan uylar koʻzga tashlanadi. Ulkan qurilish maydoniga aylangan bu joy “Qorakoʻl” erkin iqtisodiy zonasining qoq markazi sanaladi. Bu yerda dastlabki qiymati 2,7 mlrd. AQSH dollariga teng metanoldan olifen olish (MTO) texnologiyasi asosida gaz-kimyo majmuasi loyihasi barpo etilmoqda.

— Mazkur investitsiya loyihasi orqali yiliga 2,1 mlrd. kub metr gazni qayta ishlaydigan butun boshli texnologik klaster yuzaga keladi, — deydi Saneg kompaniyasining shoʻba korxonasi sanalgan MTO gaz-kimyo kompaniyasi qurilish ishlari boʻyicha loyiha rahbari Ramil Sodiqov. — U nafaqat Oʻzbekiston, balki Markaziy Osiyodagi eng yirik sanoat investitsiya loyihalaridan sanaladi. Unda xomashyo toʻliq qayta ishlanib, tayyor mahsulotga aylantiriladi. Noyob loyihani amalga oshirish ishlari 2026-yilda nihoyasiga yetkaziladi.

Bu fikrlarga yanada oydinlik kiritish uchun raqamlarga murojaat qilsak. Metanoldan olefin olish loyihasiga koʻra, yiliga 1,1 mln. tonna polimer mahsulotlari, jumladan, polietilen tereftalat, polipropilen, past zichlikdagi polietilen, etilenvinilasetat singari yuqori likvidli xomashyolar oʻzlashtiriladi.

Muhimi, ular koʻmagida 60 dan ziyod turdagi yangi mahsulotlarni mahalliylashtirish imkoniyati tugʻiladi. Quyosh batareyalari uchun maxsus qoplamalar, avtomobil kuzovlari uchun detallar, mebel mahsulotlari, gilamlar, plastik quvurlar shular jumlasidan.

— Boʻlgʻusi korxona mahsulotlari tibbiyot, avtomobilsozlik, qishloq xoʻjaligi, oziq-ovqat va toʻqimachilik sanoatini oʻta zarur buyumlar bilan taʼminlash imkonini beradi, — davom etadi R. Sodiqov. — Hozir esa koʻrib turganingizdek, qurilish-bunyodkorlik ishlari avj pallada. Obyektda mahalliy ishchi xodimlar bilan birga dunyoning qator davlatlaridan taklif etilgan malakali mutaxassislar mehnat qilmoqda. Majmua maydoni 225 gektarni tashkil etadi. Asosiy ishlab chiqarish va maʼmuriy zonalardan tashqari omborxonalar, maxsus maydonlar barpo etiladi.

Darvoqe, ayni damda bu goʻshada barcha qulayliklarga ega kichik shaharcha ham qad rostladi. Korxona uchun zarur uskunalar esa mahalliy ishlab chiqaruvchilardan tashqari, AQSH, Rossiya, Buyuk Britaniya, Xitoy, Janubiy Koreya, Hindiston, Singapur, Saudiya Arabistoni kabi davlatlardan ham keltirilmoqda.

Bu kabi dalillar tabiiy gazni chuqur qayta ishlash nechogʻli samarador ekanligi toʻgʻrisidagi tasavvurlarni boyitadi. Ayni chogʻda, vohaning eksport salohiyatini keskin oshiradi. Aholining turmush darajasini yanada yaxshilashga xizmat qiladi. Negaki, majmua ishga tushishi bilan 2-3 ming nafar kishining bandligi taʼminlanadi.

Maʼlumot oʻrnida aytish joiz, bu yerdagi noyob texnologik loyihalar davlatimiz rahbarining tegishli qaroriga muvofiq amalga oshirilmoqda. Ushbu qarorga koʻra, erkin iqtisodiy zona uchun Qorakoʻl va Olot tumanlaridan jami 400 gektar yer ajratilgan.

Istam IBROHIMOV

(«Xalq soʻzi»).

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер