Nogironligi bor yigit innovatsion mototsikl ixtiro qildi

10:55 23 Oktyabr 2023 Jamiyat
743 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Anvar Barakayevni ayni kuch- quvvatga toʻlayotgan chogʻida taqdir qattiq sinovga roʻbaroʻ qildi. Baxtsiz hodisaga yoʻliqdi. Ikki oyogʻidan ajralib qoldi.

Buxoro viloyati Gʻijduvon tumani Yangiobod mahallasi hududidagi Varozin qishlogʻida yashovchi yigit bu koʻrgilik qarshisida boʻyin egmadi. Tushkunlikka tushmadi. Yashashga boʻlgan ishtiyoqi soʻnmadi. Nogironman, deb boqimandalik etagidan tutmadi. Qiziqish va ishtiyoq uni oʻqib-oʻrganishga, ishlashga undadi.

— 2006 – 2009-yillarda Toshkentda nogironlar uchun ixtisoslashtirilgan respublika kasb- hunar kollejida tahsil oldim,- deydi u.—Shundan soʻng qishloqqa qaytib, oʻrganganlarimni amalda qoʻllashga kirishdim. Zarur ehtiyot qismlarni bozordagi doʻkonlardan sotib olyapman.

Gap shundaki, Anvar texnikaga qiziqadi. Mototsikl taʼmirlaydi. Tabiatan yangilikka oʻch. Isteʼdodli. Avtoulovlarni sozlayotib, ularga nimadir bir yangilik kiritishga harakat qiladi. Biz u bilan suhbatlashgan pallada bu tinib-tinchimas yigit navbatdagi buyurtmani ado etayotgan edi.

— Mijozlardan biri “Shunday qilginki, u antiqa mototsikl boʻlsin”, deya buyurtma berdi, — deya davom etadi Anvar.— “Minsk” va “Vosxod” mototsikllarining ustun jihatlarini uygʻunlashtirib, koʻrib turganingiz ushbu koʻrinishga keltirdim. Unda elektr tizimi oʻzgardi. Oʻz- oʻzini quvvatlantiradigan boʻldi. Boshqacha aytganda, maxsus moslama mexanik energiyani elektr energiyasiga aylantirib beradi. Mototsikl oʻt oldirilmagan pallada ham uning chirogʻi 2,5 – 3 soat davomida yonib turadi. Undan chogʻroq supani kechqurun yoritib turishda ham foydalanish mumkin. Akkumulyatorining yon- atrofga zarracha ziyoni yoʻq.

Mototsiklga xobbi, koʻngilxushlik vositasi sifatida qarayotgan yurtdoshlarimiz ancha. Ular Anvarning asosiy mijozlari sanalishadi. Buyurtmalar esa odatda, bahoru yoz, kuzda tushadi. Usta ularni bajarayotganida davlat avtomobil nazorati tavsiyalariga amal qiladi. Xizmat haqi olayotib insofni unutmaydi. Topgani roʻzgʻor kamu koʻstini toʻldirishga asqatmoqda.

Nogironlik aravachasida turib ishlayotgan Anvarning harakatlarini kuzatarkanmiz, toʻrt muchasi sogʻ boʻla turib, yalqovlikni oʻziga kasb qilib olgan, “olma pish, ogʻzimga tush” qabilida yashashga odatlangan ayrim kishilar koʻz oldimizga keldi. Ular uchun bu usta yigitning hayoti, intilishu ishtiyoqi saboq boʻlgulik, albatta.

Anvar ayni damda qirq yoshda. Turmush oʻrtogʻining ham nogironligi bor. Ikki oʻgʻilli boʻlishgan. Ular sogʻ-salomat oʻsib-ulgʻaymoqda.Aytmoqchi, mabodo, yurtimiz qishloqlaridagi eng kichik hovlilar roʻyxati tuzilsa, Anvar Barakayev yashayotgan uy uning old qatoridan oʻrin olishi tayin. Hovli atigi ikki sotixdan iborat. Otameros bu maskanda Anvar mahalla, qishloqdoshlari koʻmagida imorat tiklagan. Ustachilik ishlarini ham shu kaftdek yerda bajaryapti.

— Yaqinda tumandan, mahalladan kelib, ahvolimizni oʻrganishdi,— deydi u. —Xavfsiz shart-sharoitlarda ishlashim uchun boʻsh yerda konteyner oʻrnatib beradigan boʻlishdi. Agar qulaylik yaratilsa, faoliyatimni kengaytirishim, ikki-uch nafar hamqishlogʻini shogirdlikka ham olishim mumkin.

Darhaqiqat, bu izlanuvchan yigitga tegishli tashkilotlar yordam qoʻlini choʻzishsa, uni qoʻllab-quvvatlashsa, ixtirosini patentlashtirib olishiga koʻmak berishsa ayni muddao boʻlardi. Axir, nogiron boʻla turib, yangilik yaratishga, ixtirolar qilishga ishtiyoqmand kishilar har kuni tugʻilavermaydi.

Istam IBROHIMOV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?