Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari — davlat himoyasida

19:12 03 Dekabr 2020 Siyosat
3014 0

Mamlakatimizda nogironligi boʻlgan shaxslarning huquq va manfaatlarini himoya qilish eng asosiy masala hisoblanadi. Ayni vaqtda yurtimizda 700 mingga yaqin nogironligi boʻlgan shaxslar, jumladan, 100,0 mingdan ortiq 16 yoshgacha nogironligi boʻlgan bolalar istiqomat qilmoqda.

Shu jihatdan mamlakatimizda soʻnggi yillarda ijtimoiy himoyaga muhtoj aholini qoʻllab-quvvatlashga alohida eʼtibor qaratilib, bu masala davlat siyosati darajasiga koʻtarildi. Quvonarlisi, aholining ushbu qatlamini manzilli ijtimoiy himoya qilish, keksalar, pensionerlar, nogironligi boʻlgan bolalar va kattalarga tibbiy-ijtimoiy yordamning barqaror tizimini yaratish ishlari jadal davom etmoqda.

Joriy yilning 15-oktyabr kuni Prezidentimiz tomonidan imzolangan “Nogironligi boʻlgan shaxslarning huquqlari toʻgʻrisida”gi yangi qonun nogironligi boʻlgan shaxslarni davlat tomonidan qoʻllab-quvvatlash tizimini tubdan takomillashtirishda muhim huquqiy asos boʻldi.

Aytish joizki, mazkur qonunni haqli ravishda milliy qonunchilikning yutugʻi, deb hisoblasak boʻladi. Negaki, ilk bor nogironlik ijtimoiy himoya yoki tibbiyot muammosi emas, balki birinchi navbatda inson huquqlari muammosi sifatida belgilandi. Asosiy yangiliklardan biri, bu — ilgari Oʻzbekiston qonunchiligida boʻlmagan “nogironlik belgisiga koʻra kamsitish” tushunchasidir.

Amaldagi qonunda esa nogironligi boʻlgan shaxslarning tengligini taʼminlash va kamsitmaslik, shaxsiy hayotning daxlsizlik huquqi, harakat erkinligi va fuqarolik huquqi, jismoniy muhitning qulayligi, uy-joyga boʻlgan huquqi kabi bir qator huquqlari toʻliq qamrab olinmagan edi.

Yangi qonunning ahamiyatli tomoni shundaki, unga asosan, binolarga kirib-chiqish uchun maxsus yoʻlakchalar, panduslar, jamoat transportida maxsus oʻrindiqlar joylashtiriladi. Taʼlim olishning barcha bosqichlarida sharoit yaratilib, kasb-hunarga oʻrgatish, kollej va texnikumlarda taʼlim olishlari davlat hisobidan taʼminlanadi. Mahalliy hokimliklar esa nogironligi boʻlgan shaxslar uy-joy sharoitini yaxshilashga masʼul boʻladi.

Hammamizga yaxshi maʼlum, yaqinda Oliy Majlis Qonunchilik palatasida 2021-yilga moʻljallangan byudjet toʻgʻrisidagi qonun loyihasi qabul qilindi. Eʼtiborlisi, ushbu qonunni muhokama qilish jarayonida ijtimoiy sohaga ajratilgan xarajatlarga jiddiy eʼtibor qaratildi. Kelgusi yilda davlat byudjetidan 1,2 million oilani moddiy qoʻllab-quvvatlash nazarda tutilgan.

Umuman olganda, ijtimoiy adolat tamoyilini taʼminlash, koʻmak va yordamga muhtoj insonlar, nogironligi boʻlgan shaxslarning toʻlaqonli hayot kechirishlari uchun munosib sharoit yaratib berish masalasiga davlatimiz va jamiyatimiz tomonidan ustuvor ahamiyat qaratilayotir. Kam taʼminlangan, uy-joyga muhtoj nogiron fuqarolarga arzon uy-joy ajratilib, ularning boshlangʻich toʻlovlari toʻlab berilmoqda.

Mehnatga layoqati cheklangan nogiron xotin-qizlarga kasanachilik bilan shugʻullanish uchun tikuv mashinalari olib berilib, ular uchun doimiy daromad manbai yaratilyapti. Shu toifaga mansub fuqarolarga protez-ortopediya vositalari, nogironlik aravachalari, eshitish apparatlari bepul berilmoqda.

Oʻzbekistonda nogironligi boʻlgan va nafaqa yoshidagi fuqarolarning davolash-profilaktika muassasalarida bepul davolanishi uchun yoʻllanma ajratilayotgani, mehnat qilishlariga zarur shart-sharoitlar yaratib berilayotgani ham insonparvarlik siyosatining bir koʻrinishi desak, ayni haqiqat.

OʻzLiDeP saylovoldi dasturida aholining nochor qatlamlari ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, ijtimoiy xizmat koʻrsatilishini yaxshilash, aholiga ijtimoiy xizmat koʻrsatilishida davlat-xususiy sherikchiligini rivojlantirish ustuvor vazifa etib belgilangan. Partiya imkoniyati cheklangan, nogiron shaxslar oʻzlarini jamiyatning toʻlaqonli aʼzosi, deb his etishi, oʻz biznesini yoʻlga qoʻyib, kelajagini oʻz qoʻli va harakatlari bilan barpo etadigan real shart-sharoitlarni yaratishga intiladi.

Aslida ham nogironligi boʻlgan va nafaqa yoshidagi fuqarolar, yordamga muhtoj kishilar xolidan xabar olish, ularga mehr ulashish xalqimizning qon-qoniga singib ketgan. Oʻzbekiston Liberal-demokratik partiyasi xalqimizga xos ushbu anʼanaga sodiq qolgan holda, xalq bilan hamnafas boʻlib, ularning ishonchini yana-da mustahkamlash yoʻlida astoydil harakat qilib kelmoqda.

Bu haqda gapirganda partiyaning “OʻzLiDeP 17 yoshda:17 ming oilaga saxovat va koʻmak” nomli loyihasi doirasida hududlarda “Temir daftar”, “Yoshlar daftari” va “Ayollar daftari”ga kirgan 17 ming moddiy yordamga muhtoj va nogironligi boʻlgan oilalar ahvolidan xabar olganligini, mahalliy Kengash deputatlari, partiya faollari hamda koʻngilli xomiylar bilan birgalikda bunday oilalarga yordam koʻrsatib kelayotganini alohida taʼkidlash joiz.

Masalan, ushbu loyiha doirasida partiyamiz faoli, “Iftixor” kiyim sanoat korxonasi rahbari Anna Dobrыx nogironligi boʻlgan va ijtimoiy himoyaga muhtoj oila farzandlarini 1000 ta maktab formasi bilan taʼminlagan boʻlsa, xalq deputatlari Mirobod tuman Kengashidagi OʻzLiDeP deputatlik guruhi aʼzosi X.Fazilov Toshkent davlat jahon tillari universiteti 1-bosqich talabasining bir yillik kontrakt pulini toʻlab berdi. Bunday misollarni yana koʻplab keltirish mumkin.

Xulosa oʻrnida aytganda, nogironligi boʻlgan shaxslarning oilasi, jamiyat va davlat bilan oʻzaro aloqasini kuchaytirish, ularning qulay muhitda boʻlishi uchun zarur sharoitlar yaratish oldimizdagi eng muhim va ustuvor vazifa sanaladi. 3-dekabrni Xalqaro nogironlar kuni sifatida butun dunyo boʻylab keng nishonlanishi zamirida aqlan va jismonan nuqsoni bor fuqarolarimiz huquqlarini himoyalash, turmush sharoitlarini yaxshilashdek ezgu maqsadlar mujassam. Zotan, ularni har tomonlama qoʻllab-quvvatlash orqali jamiyatning siyosiy, ijtimoiy, iqtisodiy va madaniy hayotidagi faolligini taʼminlashga erishish mumkin.

Aktam HAITOV,
Oliy Majlis Qonunchilik palatasi
Spikeri oʻrinbosari,
OʻzLiDeP fraksiyasi rahbari

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?