Nodavlat telekanallarda davlat ulushi saqlanib qolgan

23:09 03 Sentyabr 2024 Ilm-fan
426 0

Mustaqillik yillari mamlakatda faol amalga oshirilgan erkinlashtirish siyosati natijasida nodavlat telekanallar ham faoliyat yurita boshladi. Ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlarga oid qonun va qonunosti meʼyoriy hujjatlar qabul qilinib, ularning huquqiy zamini mustahkamlandi. Yaʼni, Oʻzbekiston Respublikasining “Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisida”gi, “Nodavlat notijorat tashkilotlari faoliyatining kafolatlari toʻgʻrisida” gi, “Ijtimoiy sheriklik hamda jamoatchilik nazoratini amalga oshirish mexanizmlarini yanada takomillashtirish chora-tadbirlari toʻgʻrisida”gi, “Oʻzbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga oʻzgartish va qoʻshimchalar kiritish toʻgʻrisida” gi Qonunlari soha rivojida muhim ahamiyatga ega.

Davlat tomonidan nodavlat telekanallarni tashkil etish uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish ommaviy axborot vositalari erkinligini taʼminlashning muhim yoʻnalishiga aylandi. Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev taʼkidlaganidek, “Keyingi yillarda yurtimizda roʻy berayotgan tarixiy oʻzgarishlar natijasida ommaviy axborot vositalarini erkin fikr minbariga, xalqimiz manfaatlarining faol himoyachisiga aylantirish uchun mustahkam huquqiy zamin, ijtimoiy muhit yaratildi. …Hozirgi kunda yurtimizda 2140 ta yoki 2016-yilga nisbatan 626 ta koʻp ommaviy axborot vositasi faoliyat yuritmoqda. Ularning 65 foizi nodavlat media vositalari ekani sohada tarkibiy oʻzgarishlar izchil amalga oshirilayotganidan dalolat beradi”. Darhaqiqat, 2023-yilgi statistik maʼlumotlarga koʻra, mamlakatda 18 ta nodavlat telekanal, 19 ta radiokanal, Oʻzbekiston kabel televideniyesiga aʼzo boʻlgan 100 ta elektron OAV (shundan 52 tasi xorijiy kanallar) mavjud. Eng muhimi, nodavlat telekanallarning vujudga kelishi telekanallar oʻrtasida raqobat muhitini yuzaga keltirdi.

Oʻzbekistonda ilk nodavlat telestudiya “STV” nomi bilan Samarqand shahrida tashkil etilgan.

Qoraqalpogʻiston Respublikasida esa 1997-yil 22-apreldan Toʻrtkoʻl televideniyesi tijorat televideniyesi sifatida tashkil etildi. Bu boʻyicha Toʻrtkoʻl tuman hokimining qarori qabul qilinib, 54 foiz ulush tuman hokimligida qoldirildi.

Dastlabki vaqtlari 46 foiz ulushga ega taʼsischilarning shaxsiy mablagʻlari evaziga faoliyat boshlagan telekanal hududdagi faol ishlab chiqarish korxona-tashkilotlar bilan tijorat shartnomasi asosida koʻrsatuvlar tayyorlab, iqtisodiy imkoniyatlarini tiklab oldi. Ammo bu uzoqqa choʻzilmadi. 2018-yili iqtisodiy inqiroz tufayli telekanal qarzdorlikni toʻliq qoplash sharti bilan boshqa taʼsischilar qoʻliga oʻtdi. Maʼlumotlarga qaraganda, telekanal ikkinchi taʼsischilar qoʻliga oʻtganda 51 foiz ulushi Toʻrtkoʻl tuman hokimiyatiga tegishli boʻlgan. 2022-yil oktyabr oyida telekanal 100 foiz xususiylashtirib olingan.

Qoraqalpogʻistondagi nodavlat telekanallarning biri 2010-yil 2-sentyabrda Amudaryo tumanida butun hududni qamrab oluvchi –“ATV” nodavlat telekanali tashkil qilingan.

2020-yildan Qoraqalpogʻiston miqyosida efirga uzatila boshlangan “Amudaryo TV”–“ATV” telekanali boshqa nodavlat telekanallar kabi reklama hisobiga moliyaviy jihatdan mustaqil boʻldi. 51 foiz taʼsischi ulushi bilan faoliyat olib borgan mazkur telekanal 2023-yil avgust oyidan esa toʻliq xususiylashtirildi.

Poytaxt Nukus shahrida faoliyat boshlagan “Jaslar TV” telekanali 2018-yil 21-yanvardan oʻz teledasturlarini efirga uzatishni boshlagan.

Oʻzbekiston Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi Boshqarmasi taqdim etgan maʼlumotga koʻra, “Jaslar TV” telekanali nodavlat telekanal sifatida qayd etilgan. Ammo tashkil topgandan buyon 51 foiz taʼsischi ulushi sifatida Oʻzbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi Qoraqalpogʻiston Respublikasi boshqarmasiga tegishli.

Oʻzbekiston Respublikasining Nodavlat notijorat tashkilotlari toʻgʻrisidagi qonunining 2-moddasida Nodavlat notijorat tashkilotiga quyidagicha taʼrif berilgan: Nodavlat notijorat tashkiloti — jismoniy va (yoki) yuridik shaxslar tomonidan ixtiyoriylik asosida tashkil etilgan, daromad (foyda) olishni oʻz faoliyatining asosiy maqsadi qilib olmagan hamda olingan daromadlarni (foydani) oʻz qatnashchilari (aʼzolari) oʻrtasida taqsimlamaydigan oʻzini oʻzi boshqarish tashkilotidir.

Aynan ushbu qonunning 7-moddasining 7-xatboshisida ustavda belgilangan vazifalarni bajarish uchun tadbirkorlik tuzilmalarini tashkil etish huquqiga ekanligi koʻrsatilgan. Shu nuqtayi nazaridan nodavlat notijorat tashkiloti sifatida eʼtirof etiladi.

Ushbu qonunning “Nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish” deb nomlangan 15-moddasida bir necha xatboshilarda koʻrsatib oʻtilgan. Yaʼni:

-Nodavlat notijorat tashkiloti uning muassislari (aʼzolari) qarori asosida qonunchilikka muvofiq tuziladi.

-Nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalari (ittifoqlari) kamida ikkita nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan tuzilishi mumkin.

Endi ushbu qonunning oldingi versiyasiga (08.05.1999 sanasi holatiga) ham eʼtibor qaratamiz. Chunki telekanallar oldingi versiyasi amalda boʻlgan. Unda ham 15-moddasida aynan nodavlat notijorat tashkilotini tashkil etish masalasi qayd etilgan:

-Nodavlat notijorat tashkiloti uning muassislari (aʼzolari) qarori asosida qonun hujjatlariga muvofiq tuziladi.

-Nodavlat notijorat tashkilotlarining uyushmalari (ittifoqlari) kamida ikkita nodavlat notijorat tashkiloti tashabbusi bilan tuzilishi mumkin. Demak mazkur qonunning oldingi va hozirgi versiyasida ham nodavlat tashkilotlar tashabbusi bilan tashkil etilishi koʻrsatilgan.

Mazkur qonunlarda nodavlat tashkilotini tuzishda davlat tashkilotining ishtiroki koʻrsatilmagan.

Bugun Konstitutsiya oʻzgardi, qonunlar oʻzgardi. Balki bugun nodavlat sifatida roʻyxatga olingan telekanallardagi davlat ulushini bekor qilish vaqti kelgandir?

Zero, Yangi tahrirdagi Konstitutsiyada ommaviy axborot vositalari va fuqarolik jamiyati institutlari yanada faol boʻlishi uchun keng imkoniyat va kuchli himoya taqdim etildi. Ommaviy axborot vositalari faoliyatining erkinligi, ularning axborotni izlash, olish, undan foydalanish va uni tarqatishga boʻlgan huquqlari qatʼiy kafolatlandi. Shuningdek, ommaviy axborot vositalari faoliyatiga toʻsqinlik qilish yoki aralashish qonunga muvofiq javobgarlikka sabab boʻlishi belgilandi.

Konstitutsiyaning “Ommaviy axborot vositalari” deb nomlangan XV bobidagi ikkita moddada ommaviy axborot vositalari faoliyati erkinligi davlat tomonidan kafolatlangan.

Oʻzbekistonda olib borilayotgan liberallashtirish siyosati nodavlat telekanallarining tashkil etilishi va koʻpayishiga sezilarli hissa qoʻshdi. Shu orqali yanada rang-barang va raqobatbardosh media landshafti hosil boʻldi.

Ommaviy axborot vositalari va nodavlat notijorat tashkilotlarini qoʻllab-quvvatlovchi qonunchilik bazasi ushbu kanallarning faoliyat yuritishi va rivojlanishi uchun mustahkam zamin yaratdi. “STV”, “Toʻrtkoʻl televideniyesi”, “ATV” va “Jaslar TV” misollarida nodavlat OAVning xususiylashtirish va reklama yoʻli bilan operatsion qiyinchiliklarni yengish va iqtisodiy mustaqillikka erishishdagi salohiyati hamda chidamliligi namoyon boʻldi.

Davlatning ortiqcha aralashuvlarsiz, axborot izlash, olish va tarqatish imkoniyati nodavlat telekanallarining asosiy xarakteri ekanligini hisobga olsak, yuqorida qayd etilganidek, agarda 51 foiz ulushi davlat tasarrufidagi tashkilotga tegishli boʻlgan telekanal nodavlat telekanal deyish uchun yetarli emas. Shu sababli ham nodavlat telekanalga aylantirish yoʻlida “Jaslar TV”ning katta ulushini sotishi yoki oʻtkazib berishi lozim.

Mavjud kamchiliklarni bartaraf etish va nodavlat telekanallarni qoʻllab-quvvatlashni kuchaytirish orqali Oʻzbekiston oʻz media sektorini yanada mustahkamlashi, jamiyatni yanada xabardor va fuqarolarning faol boʻlishiga hissa qoʻshishi mumkin.
 

Perxan Allambergenova,
Oʻzbekiston jurnalistika va ommaviy kommunikatsiyalar universiteti doktoranti,
Oʻzbekiston Respublikasi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер