Nikoh shartnomasi tuzishga yoshlarimiz tayyormi?

12:17 24 Oktyabr 2025 Jamiyat
225 0

...Normurod ismli yigit uylandi. U serfarzand oiladan edi. Ammo er-xotin uch yil birga yashashdi hamki farzandli boʻlishmadi. Oxir-oqibat ajralish toʻgʻrisida ariza berishdi.

– Ish tajribamda qayd etilgan nikohni bekor qilishga oid bu holat sira esimdan chiqmaydi, – deydi uzoq yillar davomida Buxorodagi bir qator fuqarolik holatlari dalolatnomalari yozish boʻlimlarida mudiralik qilgan, ayni paytda mehnat faxriysi sanalgan Dildor Ziyodullayeva. – Ikkalasi bilan ham suhbatlashdim, albatta. Qiz turmush oʻrtogʻini aybladi. “Undan farzand boʻlmaydi”, dedi. Tinchlantirishga urindim. Xudo xohlasa, bolali boʻlasizlar, oʻn, oʻn besh yilda farzand koʻrganlar bor, dedim. Yigit esa “Keliningizning ammasi befarzand, ammo uni ayblayotganim yoʻq. Ajralishish xayolimga ham kelgan emas. Menga alam qiladigani, u bor narsani asta-sekin yashirincha onasining uyiga tashib ketibdi. Hammasini oldindan rejalashtirgan”, degan soʻzlarni aytdi.

Xullas, nikoh bekor boʻldi. Yigit bir oz vaqt oʻtib uylandi. Farzandli boʻldi. Sobiq xotini esa boshqaga turmushga chiqdi. Biroq hayoti oʻxshamadi. Onasinikiga qaytib keldi. Bu voqeani soʻzlab berishimning boisi bor. Mabodo, shu ikki yosh oʻrtasida nikoh shartnomasi tuzilganida edi guldek bir oila parokanda boʻlib ketmasmidi, deb oʻylanib qolaman.

Nikoh shartnomasiga oilalar poydevorini mustahkamlab turadigan vosita deb qarash ham maqsadga muvofiq. U ajralish taraddudiga tushgan ikkala tomonni yetti oʻylab bir kesishga undaydi. Yevropada keng tarqalgan bu amaliyotning yana bir afzal jihati shundaki, ajrim paytida mol-mulk masalasida muammo boʻlmaydi. Chunki nikoh shartnomasida hammasi koʻrsatiladi.

– Davlatimiz rahbari tomonidan yaqinda oʻtkazilgan mahallalar faoliyati samaradorligini oshirishga bagʻishlangan yigʻilishda oilaviy ajrimlar haqida ham toʻxtalib oʻtilib, nikoh shartnomasi masalasi alohida tilga olindi, – deydi Buxoro shahar FXDYO boʻlimi mudirasi Gulshan Rajabova. – Shartnoma nikoh davrida va nikohgacha har ikkala tomon xohishiga koʻra tuzilishi mumkin. Bu borada aholi, jumladan yoshlar oʻrtasida targʻibot ishlarini kuchaytirish kerak. Dunyoqarashni oʻzgartirish lozim. Negaki, odamlarimiz hali bunga tayyor emas. Mahalliy urf-odat, anʼanalar nikoh shartnomasi tuzishga yoʻl qoʻymaydi. Aksariyat boʻlgʻusi kelin-kuyovlarning xususiy mol-mulki, oʻz biznesi yoʻq. Bor orzu-havas ularga ota-ona tomonidan qilib beriladi. Uni-ku qoʻya turing, oramizda nikohni qayd ettirmay yashayotganlar bor. Mabodo, ertaga ular ajrashgudek boʻlsa buning jabrini avvalo ayol tortadi.

Dildor Ziyodullayevaning fikricha, nikoh shartnomasi tuzishga eʼtiborsizlik bu huquqiy madaniyatimiz pastligi oqibatidir.

– Aholiga tushuntirsak, yoshlarimiz irim qilishadi, – deydi u. – Biz yaxshi niyatda turmush quryapmiz, ajrashamiz deb emas, deyishadi. Vaholanki, hayotda har xil vaziyat boʻladi. Shuni inobatga olish kerakligini tushunishmaydi. Ajralish degan gʻavgʻo boshlariga tushgachgina oʻzlarini toʻrt tomonga urishadi.

Gulshan Rajabovaning taʼkidlashicha, bundan koʻp holda qiz jabr koʻrmoqda. Chunki ajrimdan soʻng u mol-mulksiz, uysiz qolyapti. Buning ustiga qoʻlida hunari yoʻq, muqim ish bilan band boʻlmaganlari, hayotdan oʻz oʻrnini topa olmaganlari, ruhiy qiyinchiliklarni boshdan kechirayotganlari ham oz emas. Oqibatda ular “yuk”i davlat va jamiyat yelkasiga tushyapti. Axir, ajrashgan ayolni kasb-hunarga oʻqitish, uy-joy, aliment, moddiy va ruhiy yordam kabi masalalarda ozmuncha mablagʻ, kuch-gʻayrat sarflanadimi?! Agar oʻrtada nikoh shartnomasi boʻlganida shunday muammolar yuzaga qalqib chiqmasmidi, degan oʻyga borasan, kishi.

Darvoqe, joriy yilda Buxoro shahridagi sobiq 1- son FXDYO tomonidan salkam 200 ta oilaviy ajrim roʻy bergani qayd etilgan. Oʻz navbatida 902 ta nikoh qayd etilgan. Ammo ularning birortasida ham nikoh shartnomasi tuzilmagan.

– Yaqin-yaqinga qadar shaharda uchta FXDYO faoliyat koʻrsatardi, – deya davom etadi G. Rajabova. – Ular birlashtirildi. Agar qolgan ikkita fuqarolik holati dalolatnomalari yozish boʻlimi orqali qayd etilgan ajrimlar soni ham qoʻshilsa bu koʻrsatgich yanada yiriklashadi. Vaholanki, bittagina ajrim ortida ham qanchadan-qancha ovoragarchilik, sarsongarchilik, moddiy va ruhiy qiyinchiliklar yotibdi. Biz hali tirik yotim qolayotgan bolalar haqida soʻz ochganimizcha yoʻq.

Binobarin, nikoh shartnomasini ota-onalar ham, kelin-kuyovlar ham mustaqil hayotga qadam qoʻyishning uzviy qismi sifatida qabul qilishsa ayni muddao boʻladi.

Istam IBROHIMOV

«Xalq soʻzi».

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?