“Nigoh” ijodiy loyihasi – teatr sahnasida yangi nafas

22:17 18 Sentyabr 2025 Madaniyat
205 0

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“Nigoh” ijodiy loyihasi haqida gap ketganda, avvalo, mamlakatimizda teatr sanʼatini qoʻllab-quvvatlash va uni yangi bosqichga olib chiqish borasida amalga oshirilayotgan islohotlarni eslamaslik mumkin emas. Prezidentimizning 2024-yil 22-noyabrda qabul qilingan PQ–399-son qarorida teatrlarning jamiyat madaniy hayotidagi ahamiyatini oshirish, ular faoliyatini har tomonlama ragʻbatlantirish vazifasi belgilab berilgan edi. Shu asosda, Madaniyat vazirligi, Yozuvchilar uyushmasi, Badiiy akademiya va Kompozitorlar hamda bastakorlar uyushmasining qarori, shuningdek, Prezident Administratsiyasining topshirigʻiga muvofiq, “Nigoh” ijodiy loyihasi amalga oshirilishi belgilandi. Bu tashabbusning eng asosiy gʻoyasi — rejissyor, dramaturg, kompozitor va rassomning bir maqsad yoʻlida ijodiy hamkorligini taʼminlashdir.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Loyiha yosh ijodkorlarni moddiy va maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlashga qaratilgani bilan ham ahamiyatli. Teatr sahnalarida yuksak saviyadagi asarlar soni va sifatini oshirish, ularni xalqaro maydonda raqobatbardosh qilish, zamon talabiga javob beruvchi spektakllar yaratish – bugungi kunda eng dolzarb vazifalardan biri. “Nigoh” aynan shu maqsadlarni oʻz oldiga qoʻygan.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Joriy yil 16–18-sentyabr kunlari Toshkent viloyatining Zarkent qishlogʻida joylashgan “Parkent” ijod uyida 10 ta jamoa oʻz loyihalari bilan ishtirok etdi. Har bir jamoa rejissyor rahbarligida dramaturg, rassom va kompozitor bilan birga ishlab, yangicha gʻoyalarni taqdim etdi. Asarlar maxsus baholash komissiyasi tomonidan koʻrib chiqildi. Komissiya tarkibiga sanʼat va madaniyat instituti professorlari, Kompozitorlar uyushmasi, Badiiy akademiya aʼzolari va tajribali mutaxassislar jalb etildi. Ularning asosiy eʼtibori – asarning mazmun jihatdan zamon bilan hamnafasligi, jamiyat rivojiga daxldorligi va ijodiy yechimlarning yangiligida boʻldi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Natijada 5 ta jamoa gʻolib deb topildi. Ular “Nigoh” nodavlat notijorat birlashmasi tomonidan moddiy ragʻbatlantiriladi. Eng muhim tomoni shundaki, ishtirok etgan barcha asarlar respublika teatrlarida sahnalashtirish uchun tavsiya etildi. Bu, oʻz navbatida, yosh ijodkorlarning ilk qadamlari teatr sahnasidan joy olishini taʼminlaydi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Loyihada ishtirok etgan dramaturg Goʻzaloy Matyoqubova oʻz taassurotlari bilan oʻrtoqlashdi: “Dramaturg uchun eng katta sinov – bu sahna qonuniyatlariga mos yozish. Chunki yozuvchi qogʻozda erkin, ammo sahnada har bir soʻz, har bir harakat oʻylangan boʻlishi kerak. Shu jihatdan rejissyorning talabi, kompozitorning musiqiy yechimi, rassomning sahna koʻrinishi meni yanada oʻylantirdi. Bu qiyinchilik ham, bir paytning oʻzida katta tajriba ham boʻldi. Asarimizni toʻliq sahnada koʻrishni orzu qilaman. Shuningdek, yangi mavzular ustida ishlash niyatim bor. Xususan, zamonaviy qahramonlar, ularning shaxsiy va ijtimoiy hayotidagi ziddiyatlarni yoritishga qiziqaman. “Nigoh” loyihasi menga shu ishni davom ettirish uchun katta kuch va ishonch berdi”.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Shu bilan birga, Oʻzbekiston xalq artisti Muqaddas Xoliqova ham loyihaning ahamiyatini taʼkidlab oʻtdi: “Nigoh” ijodiy loyihasi haqiqatan ham yoshlar uchun katta maktab boʻldi. Harakatdan toʻxtab, izlanishdan uzoqlashib qolgan ayrim iqtidorli yigit-qizlarni ham bu tashabbus ozgina boʻlsada qoʻzgʻatdi, ularni ijodiy maydonga chorladi. Eng muhimi, bu loyiha orqali yoshlar bir maqsad atrofida jipslashishdi, hamfikr va hamnafas boʻlishdi. Teatrning kelajagi aynan shu jipslikda, ijodiy hamkorlikda namoyon boʻladi, deb oʻylayman. Yoshlar oʻz quvvati, isteʼdodi va kuch-gʻayratini birlashtirsa, albatta, xalqimiz yuragiga yetib boruvchi sahna asarlari yuzaga keladi”.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

Albatta, har qanday ijodiy tashabbusning qiymati uning amaliy natijasida koʻrinadi. “Nigoh”ning natijasi esa yaqin vaqtlarda teatr sahnalarida namoyon boʻladi. Asarlar sahnalashtirilishi bilan nafaqat tomoshabin, balki keng jamoatchilik ham ularning mazmun va sanʼat tomonidan qimmatini baholaydi.

Foto: Yunus Boʻriyev/“Xalq soʻzi”

“Nigoh” yoshlar ijodiga yoʻl ochadigan, milliy teatrimiz uchun yangi nafas boʻladigan maydon sifatida katta ahamiyatga ega. Bu tashabbus orqali sanʼatimizda zamonaviy qahramonlar, zamon ruhi bilan uygʻun sahna asarlari paydo boʻladi. Eng muhimi, ijodkorlar moddiy-maʼnaviy jihatdan qoʻllab-quvvatlanib, oʻz salohiyatini toʻliq namoyon etish imkoniyatiga ega boʻladi.

Akram Xamraqulov,

Yunus Boʻriyev,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер