Nega oʻzbek tilidagi reklamalar kam?

17:00 04 Avgust 2025 Jamiyat
166 0

Mahsulot va xizmatlar bozorini tashkil etishda reklama, xususan, targʻibot shaklidagi koʻrgazmali vositalarning ahamiyati katta. Biroq, ulardan foydalanishning oʻziga yarasha tartib-qoidalari bor. Xoʻsh, joylardagi reklama materiallari belgilangan talablarga javob beradimi, ularda oʻzbek tili qoidalariga rioya qilinyaptimi, sogʻlom raqobat shartlarigachi? Ayni savolga javob topish uchun Namangan viloyati shahar va qishloqlarini aylandik. Har qadamda tovar va xizmatlar tavsifi va taklifi bitilgan panno va boshqa koʻrgazmali vositalar ilib qoʻyilgan. Isteʼmolchiga bir qarashdayoq maʼqul tushadiganlari bor, gʻashga tegadiganlari ham yoʻq emas.

Toʻgʻri, bugun hamma oʻz faoliyati, ishlab chiqarayotgan tovari, koʻrsatayotgan xizmatini reklama qilib, mijoz yigʻadi. Shundanmi, yoʻl yoqalaridan tortib binolar peshtoqi, hatto, elektr ustunlarigacha turli-tuman panno, afisha va eʼlonlarga toʻlib ketgan. Biroq, ularning barchasi koʻzda tutilgan talablar, aytaylik, til meʼyorlari, mazmun-mundarijasi bilan isteʼmolchini qoniqtirmaydi. Masalan, Namangan shahrining eng serqatnov Bobur shoh koʻchasidagi manzaralarni olaylik. Yoʻlning ikki tomonidagi aksariyat koʻp qavatli binolarning birinchi qavatida savdo va xizmat koʻrsatish shoxobchalari faoliyat olib boradi. Ulardagi peshlavhalar, boshqa axborot beruvchi koʻrgazmalar ham son-sanoqsiz, koʻpi rus va ingliz tilida. Toʻgʻri, ona tilida ifodalanganlari ham bor, biroq koʻp emas. Odam oʻzini Rossiya yoki boshqa biror chet davlatga kelib qolganday his qiladi. Oʻylab qolasan, oʻzligimiz, ona tilimizga hurmat qani, xorijcha oʻqlovday harflar bilan bitilgan peshlavhalar davlat tilida ham koʻrsatilishi kerak emasmi?

—Joylarga osilgan va koʻpchilik bilib bilmaydigan brendlar tasviri, ajnabiy tilda bitilgan yozuvlardan iborat peshlavha yoki koʻrsatkichlarga qarab, dafʼatan bu yerdagi obyekt faoliyati haqida aniq tasavvur olish qiyin, — deydi viloyat gazetasi xodimi Muhiddin Magʻzumov. — Deylik, koʻrsatilgan joy doʻkon, kompyuter xizmati yoki shifo maskanimi, bino ichiga kirib bormaguncha bilib boʻlmaydi. Toʻgʻri, reklama egalari bunga javoban uni oʻzi istagan tilda berish mumkin, degan tushunchani roʻkach qilishadi. Ammo, mantiq ham bor-da, axir. Siz Oʻzbekistonda yashayapsiz, mijozlaringiz asosan mahalliy fuqarolar-ku! Yoshlar-ku mayli, yetmishga kirgan otaxon bu ajabtovur yozuvingizni qaydan tushunsin.

Oʻrganishlar chogʻida reklama tili bilan bogʻliq masalaga ham qiziqdik. Baʼzilarining matnida gʻalizlik, imlo xatolari uchraydi. Harflarni tushirib qoldirish, notoʻgʻri qoʻllash holatlari mavjud. Ajablanarlisi, maishiy xizmatning ayrim turlari ruscha-oʻzbekcha aralash koʻrinishda sanab oʻtilgan. A. Navoiy koʻchasining Chorsu bozoriga yaqin qismida shovvozlar oʻz reklamalarini hatto daraxtga mixlab qoʻyishgan.

Reklama berish tartibi buzilishi bilan kamchiliklarga tuman markazlari, boshqa aholi istiqomatgohlarida ham yoʻl qoʻyilmoqda. Koʻpida oʻsha oʻzbekcha, inglizcha yozuvdagi koʻrgazma. Keyingi paytlarda aholisi chorva hayvonlari savdosi bilan shugʻullanuvchi qishloqlarda yoʻl chetlariga shu mazmundagi bildiruv taxtalarini oʻrnatish ommalashdi. Yozuvi ham choʻponcha. “Tojikiston va Qirgʻizistondan keltirilgan sovliq va qoʻchqorlar optom sotiladi.” Ha, toʻgʻri oʻqidingiz “optom”. Aftidan qoʻyfurushlar va taxtani tayyorlaganlar bu soʻzning oʻzbek tilida “ulgurji” degan atamasi borligini butunlay unutib yuborishgan koʻrinadi.

Qissadan hissa, reklama keng jamoatchilikka koʻrsatiladigan xizmat. Shunday ekan, qanday koʻrinishda boʻlmasin, u avvalo hammaga tushunarli, birinchi navbatda oʻzbek tilida savodxonlik meʼyorlariga mos tarzda ifodalanmogʻi lozim. Binobarin, bizda “Davlat tili toʻgʻrisida”gi Qonun bor. Unga qatʼiy amal qilish barchaga, jumladan, reklama tarqatuvchilarga ham birday taalluqli.

Qudratilla NAJMIDDINOV,

“Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?