Nega kredit olishdan qoʻrqamiz? Yoxud kredit olish mashmashasi

15:37 21 Noyabr 2019 Jamiyat
2442 0

Illyustrativ foto

Oʻzbekiston Isteʼmolchilar huquqlarini himoya qilish jamiyatlari federatsiyasiga kelgan murojaatlar bilan tanishar ekanman, murojaatlarning asosiy qismi uy yoki avtomobil olish maqsadida firibgarlar qoʻliga tushib qolgan yoki moliyaviy piramida qurboni boʻlgan isteʼmolchilarga tegishli. Koʻrib turganingizdek, oddiy qilib aytganda uyli yoki avtomobil olish uchun oson yoʻl qidirgan. Tan olib aytishimiz kerakki inson qancha manfaatlari va imkoniyatlari torayib borsa, qonun-qoidani buzishga majbur boʻladi. Bugungi kunda oylikka yashaydigan aholining katta qismi “Isteʼmol kredit”larini olish uchun biroz qiynalishadi. Buning sababi oddiy .

M.Temirov, Andijon viloyati: – Fargʻona shahridagi “Umid savdo fayz invest” masʼuliyati cheklangan jamiyati bilan 2018-yilda shartnoma tuzib, DAMAS 3 DLX avtomashinasini buyurtma qildim, shartnomaga binoan MCHJ hisob raqamiga 31 250 000 soʻm boshlangʻich toʻlov amalga oshirdim, ammo kelishilgan muddat koʻp vaqt oʻtgan boʻlsa ham shartnoma shartlariga muvofiq menga mashina yetkazilib berilmadi. Aslida ishonchli “Avtokredit”ning foizi koʻp boʻlganligi uchun “Umid” avtolizingdan olmoqchi edim.

Birinchidan bu turdagi ishonchli kreditlarni olish uchun isteʼmolchida maʼlum miqdorda birinchi toʻlov uchun pul boʻlishi lozim. Odatda koʻchmas mulk yoki avtomobil uchun 25 foiz toʻlov qilish lozim. Ammo oilasidan, bola-chaqasi, toʻy-marosimlaridan ortib xech kim buncha pul yigʻa olmaydi. Xalqimiz bekorga “Yiqqan-terganini toʻyda sochadi” deyishmaydi. Aholi bekorga birinchi toʻlovi yoʻq yoki kamroq boʻladigan eshiklarga murojaat qilmaydi.

Ikkinchidan, bu turdagi kreditlarning foizi ancha baland boʻlishi bor gap. Masalan, bugungi kunda avtomobil olish uchun kamida 25 foiz ustiga qoʻyiladi. Rivojlangan va rivojlanayotgan davlatlarda nimaga iqtisodiy oʻsish yuqori, chunki, ularda birinchi navbatda iqtisodiy islohotlar aholi turmush darajasini yaxshilash va barqaror iqtisodiy oʻsish uchun sarflanadi. Yaʼni mashina yoki uyni kreditga olish u darajada muammo emas. Uzoqqa bormaylik-da, buni Qozogʻiston misolida koʻraylik. Mamlakatda avtoulovlarning xohlagan turini uchratishimiz mumkin, shuningdek, avtokreditlar olish uchun ham juda koʻp hujjat soʻralmaydi. Oddiygina olti oylik ish haqingiz toʻgʻrisida maʼlumotnoma va pasport nusxasi. Biz bu hujjatlarga hattoki oddiy qoʻl telefonini ham ololmaymiz. Shuni alohida aytish lozim foiz stavkasi istagan avtoulovingizga 7 foiz (bizda imtiyozli beriladigan kreditlar ham kamida 15 foiz).

Uchinchidan, bu turdagi kreditlarga soʻraladigan hujjatlar ham isteʼmolchini ancha sarson-sargardon qiladi. Buni avtokredit olganlar yaxshi tushunadi. Mahalla va ishxonadan maʼlumotnomayu, kafil boʻlayotgan insonning butun boshli bosib oʻtgan yoʻli toʻgʻrisida maʼlumotnoma. Kamida oʻntadan ortiq hujjat soʻraladi. Bu hujjat yigʻish uchun ham bir oyday vaqt ketadi.

Toʻrtinchidan, aholimizda kredit olish madaniyati kamligi. Kredit desa, odatda yetti avlodimizgacha, boshdan-oyoq qarz tushuniladi. Ochiqchasiga aytsak, kredit olishdan qoʻrqamiz. Chunki oʻylaymizki kredit olish bu-mashmasha. Bunga ijtimoiy tarmoqlar orqali kredit olib, ishi yurishmay bor narsasini ham boy berayotgan yurtdoshlarimizni koʻp kuzatayotganimiz uchundir balki. Biz birinchidan nimaga qoʻrqamiz?! Kreditni qaytara olmaslikka! Kredit qaytarish tartibini bank xodimlari aniq-tiniq qilib koʻrsatsa-da, ammo baʼzida moliyaviy muammolarimiz tufayli amal qilmaymiz. Yaʼni oʻzimizga boʻlgan ishonchimiz kam.

Rivojlanayotgan yoki rivojlangan davlatlarda yashayotganlarning barchasi ham shaxsiy uyi yoki mashinasiga ega emas. Masalan, AQSH iqtisodiyoti kreditlar orqasidan koʻtarilgan. Aholi 60 foiz foiz koʻchmas mulk va shaxsiy avtoulovlarini kreditlar hisobidan olgan. Bunga sabab mamlakatda kredit olish birmuncha qulayligi va arzonligida.

Babur Rasulev, tadbirkor : – Avtomashina yoki koʻchmas mulkni kreditga olish, tadbirkor sifatida aytishim mumkinki, juda qiyin, bu muammo. Chunki kreditning oʻzini emas, balki foizlarining oʻzi katta summada. Oʻylab koʻring, aholiga qulayroq kredit olish imkoniyatlari yaratilganida, ular bajonidil olishardi. Bu iqtisodimizga ham foyda. Boisi birinchidan kreditni qaytarish uchun olgan shaxs mehnat qiladi, qarzdorlikdan xalos boʻlish maqsadida tinib-tinchimaydi. Bu esa oʻz-oʻzidan boqimandalikni yoʻqotadi. Imkoniyatlar kengayadi. Lekin muammoning ikkinchi tarafi borki, u aholining kredit olish madaniyatining pastligida. Negaki, kredit deganda “sogʻ boshimizga savdo sotib” olishdek tuyiladi. Toʻgʻrisida!

Biz hammamiz kundalik hayotimizda isteʼmolchimiz. Isteʼmolchi sifatida haq-huquqlarimiz va majburiyatlarimiz ham bor. Bugungi kunda taraqqiyotga intilgan har bir davlat kuchi fuqarolik jamiyatini shakllantirish va rivojlantirishga ustuvor vazifa sifatida qaramoqda. Bu jarayon tabiiyki inson salohiyatini roʻyobga chiqarish, ijtimoiy, sotsial-iqtisodiy faolligini oshirish, jamiyatda manfaatdor muvozanatini taʼminlashda muhim oʻrin tutuvchi omildir.

Ayjamal JOLDASBAYEVA,

Oʻzbekiston isteʼmolchilar huquqlarini himoya

qilish jamiyatlari federatsiyasi yetakchi mutaxassisi

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер