Nega yoʻlovchilar avtobus qatnovidan norozi?

19:21 23 Yanvar 2025 Jamiyat
214 0

Farhod ESONOV/“Xalq soʻzi”. Tashqari sovuq, qish yomgʻiri shivirlab turibdi. Odatdagidek kechki payt avtobus ichkarisi gavjum — qarilar, yoshlar, ayollar, erkaklar. Oʻrindiqlarda yoshi kattalar, bir qoʻlida tutqichni tutgan tik turganlar qalin kiyimlarda, nam oʻtgan oyogʻini ilitish maqsadida yer tepinadi. Toliqqan, charchoq yuzlar, oʻychan chehralar, koʻpchilik ishdan, oʻqishdan qaytyapti. Kimdir oʻtgan kunidan mamnun, baʼzilar muammolar ogʻushida. Nima boʻlganda ham uyga tezroq borishga oshiqqan.

Shahardan yoʻlga chiqqan avtobus nihoyat bekatlarda birin-ketin toʻxtay boshladi. Manziliga yetgan yoʻlovchilar haydovchiga “baraka toping, rahmat”, deya minnatdorlik bildirishardi. Oʻrta oʻrindiqlarning birida oʻtirgan, yoshi taxminan elliklarda ayol, tushishi yaqin shekilli, amallab old eshik tomonga yaqinlashdi. Ayolning kamzul ustidan kiygan nimchasidan uning obodonlashtirish boshqarmasi ishchisi ekanini bilish mumkin. U haydovchiga yuzlanib, “Ilgari yaxshi edilaring, avtobus mahallamizga ham kirardi. Hatto “Sabzipoya” mahallasigacha borib qaytardi”, deya malomat qildi.

“Oldin avtobuslar solyarkada yurardi. Yoʻlovchilar ham kam chiqardi, xarajatni qoplamasdi. Hozir “metan”damiz, odam ham koʻpaydi. Balki aholi murojaat qilishsa, yoʻnalish qaytar”, deya haydovchining muloyimlik bilan qilgan javobi oldiniga ayolga qandaydir umid bagʻishlagandek tuyuldi. Lekin ayol bu masalani aytishdan armonlari qolmaganini bildirib tushib ketdi.

Ertasi kuni yakshanba — dam olish kuni. Shundan foydalanib, Termiz shahriga tutash — Termiz tumanidagi “Sabzipoya”, “Guliston” mahallalariga bordik. Avtobusda uchratgan ayolni izlab, soʻrab-surishtirib topdik. Kechagi avtobusdagi boʻlgan voqealarni gapirganimda, ziyrak ayol ekan, shu zahoti esladi.

— Bir paytlari Termiz shahridan 3-yoʻnalishli avtobus bizning hududga ham kirardi, — deydi “Guliston” mahallasida yashovchi Nigora Boʻronova. — Anchadan beri avtobus katta yoʻldan toʻgʻri oʻtib, aeroportdan qaytadi. Bizdan katta yoʻlgacha chamamda 4-5 kilometr, piyoda borish imkonsiz. Shuning uchun bu yerdan yoʻnalishli “damas”lar qatnaydi. Yoʻlkira kishi boshi besh mingdan, “damas”larda shahardagi “Yashil bozor”gacha yetib olish mumkin. Undan keyin kimdir ishga, ayrimlar oʻqishga yana boshqa transportlarga chiqishga majbur. Masalan, men tuman obodonlashtirishda ishlayman. Eng kamida 10-15 ming yoʻlkira sarflayman. Bundan tashqari, yana ikki nafar oila aʼzolarimizdan shaharga qatnashadi. Kunlik yoʻlkira xarajatimizni tasavvur qilavering. Bu faqat bizning oiladagi muammo emas. Koʻplab xonadonlarda shunday. Hududimizda men kabi oddiy ishchilar koʻp. Ushbu masalada bir necha bor murojaat ham qilganmiz.

Haqiqatdan, jamoat transport tizimi aholining kundalik hayotida muhim oʻrin tutadi. Ayniqsa, avtobus qatnovi koʻplab odamlar uchun ishga, oʻqishga, bozorlar va boshqa maqsadlar uchun borish-kelishda qulay va arzon yoʻl hisoblanadi. Bu ayniqsa, jamoat transport xizmatlaridan koʻproq foydalanuvchi, yaʼni kam daromadli oilalar uchun muammoli masala.

— Bugungi kunda viloyatimiz, ayniqsa, Termiz shahri va tumani har doimgidanda obod, fayzli maskanlardan, — deydi “Sabzipoya” mahallasining imomi Toshbolta Turdiyev. — Vohamizning iqtisodiy salohiyati, xalqimizning yashash sharoiti ham oʻsmoqda. Odamlar shunga qarab intilmoqda. Bir chekka mahallada gaz quvurlari tortilyapti. Yana boshqalarida ichimlik suvi keltirilyapti. Yoʻllar taʼmirlanyapti, yangi-yangi ijtimoiy obyektlar qurilyapti. Odamlarning munosib turmush kechirishlari uchun qaysidir muammo oʻrtaga chiqsa, shu zahoti bartaraf etilyapti. Ayni paytda bizning mahalla va unga tutash “Guliston” mahallasida sakkiz ming nafarga yaqin aholi istiqomat qiladi. Toʻgʻri, hatto baʼzi oilalarning 4-5 nafar aʼzosi Termiz shahriga kundalik qatnashadi. Yoʻlkira masalasi eng katta muammolari. Shu nuqtayi nazardan, agar avtobus qatnovi qayta yoʻlga qoʻyilsa, ham aholiga katta koʻmak, ham savobli ish boʻlardi.

“Guliston” mahallasida oʻzini Jamila Parmonova deb tanishtirgan nafaqadagi oʻqituvchini uchratib qoldik. U nima maqsadda kelganimni eshitib, qiziq bir holatni aytib qoldi.

— Uka, avtobus qatnovini tiklash masalasi ancha chigal, — deydi Jamila opa. — Bilsangiz, avtobusning mahallamizga kelishiga mutasaddilarning hech qanday eʼtirozlari yoʻq. Ayniqsa, bu muammo viloyatimiz rahbarining qulogʻiga yetsa, ishonaman, shu kunning oʻzidayoq masala hal boʻladi. Ammo avtobus haydovchilarini “damas”chilar bezdiradi. Kirmay qoʻyganiga ham aynan, “damas”lar sabab. Ular bir boʻlishib, avtobuslarni yoʻllarda siqib qoʻyadi, erkin yurishiga imkon bermaydi. Zoʻravonlik qilib, shu yoʻl bilan ularni “haydashadi”. Koshki ular, karvon koʻp boʻlsa-da, rizqi boʻlakligini tushunishsa. Qoʻying bu masalani, shundayga ham yoʻllarimiz xavfli. 2023-yilda qurilgan zamonaviy maktabga eltuvchi yoʻllarimizda piyodalar yoʻlagi hanuzgacha yoʻqligidan har kuni yuragimizni changallab oʻtiramiz.

Yangi Oʻzbekistonda odamlarning hayotdan rozi boʻlib yashashi uchun barcha sharoitlarni yaratish — bosh maqsad. Bu masʼullar ushbu masalani oʻrganib, qisqa fursatda muammoni bartaraf etishiga bizga umid bagʻishlaydi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер