Nega issiq kunlarda muzdek suv ichish mumkin emas?

12:26 06 Iyul 2023 Jamiyat
548 0

Foto: Arxiv surat

Yozning jazirama kunlarida koʻpchilik muzdek suv ichish bilan oʻz chanqogʻini qondirishga harakat qiladi.

Xoʻsh, bu qanchalik toʻgʻri?

Ushbu savolga oliy toifali shifokor Hilola Jamilova javob berdi.

— Koʻpchilikning fikricha, issiq havoda muzdek suv ichish chanqoqni qondirib, organizmni tez sovitadi. Biroq bu notoʻgʻri, — deydi mutaxassis. — Chunki jazirama payti tana oʻzini tabiiy sovitishi natijasida koʻp terlaydi.

Sovuq suv ichganda esa organizm uni isitishga majbur boʻlib, ikki hissa koʻp energiya sarflaydi. Oqibatda tana sovish oʻrniga yanada qiziydi. Bu esa organizm uchun stressdir.

Qolaversa, jazirama kunlari muzdek suv ichish koʻplab kasalliklarga sabab boʻlishi mumkin. Birinchi galda sovuq ichimlik ovqat hazm qilish tizimiga salbiy taʼsir etadi.

Maʼlum boʻlishicha, past haroratli suv isteʼmol qilish qon tomirlarini toraytirib, spazm hosil qiladi va organizmda ovqatning qayta ishlash jarayonlarini sekinlashtiradi.

Ayniqsa, sovuq suv yogʻli taomlar bilan birga ichilganda yogʻning organizmga soʻrilishi qiyinlashadi. Bu esa salomatlik uchun anchagina xavfli.

Shuningdek, past haroratli ichimlik tanada ovqat hazm qilish uchun zarur boʻlgan fermentlar ishlab chiqarilishini bloklab, immunitetni pasaytiradi. Bundan tashqari, shamollash, angina va burun-halqum yoʻlining boshqa kasalliklariga sabab boʻlishi mumkin.

Aksincha, jazirama havoda iliq yoki xona haroratida boʻlgan suyuqlik ichish tavsiya qilinadi. Xususan, 36-37 darajali oddiy suv organizmda metabolizm va ichak faoliyatini yaxshilab, qondagi xolesterin miqdorini pasaytiradi hamda tanadan toksinlarni haydaydi.

Qolaversa, bunday ichimlik chanqoqni tez qondirib, tanadagi termoregulyatsiyani ragʻbatlantiradi. Natijada issiq havoda organizm tezroq soviydi.

Shu bilan birga, iliq suv tanadagi suv-tuz balansini meʼyorlashtiradi.

Buning uchun kuniga oʻrtacha 2-3 litr iliq suyuqlik (koʻk choy, gazsiz mineral suv) ichish tavsiya etiladi.

Bundan tashqari, chanqoq payti yashil yoki oʻsimlik choylari (romashka, yalpiz va boshqalar), qoragʻat, olcha, olxoʻri kabi nordon mevalardan tayyorlangan sharbatlar, ayron, kefir ichish juda foydali. Sababi, ular orqali organizmga mineral moddalar va vitaminlar kirib boradi.

Jaziramada gazlangan, energetik va alkogol ichimliklar, qahva isteʼmol qilish mumkin emas.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?