Nega goʻsht narxi oshdi?

Doimo aholining barcha qatlamlari diqqat markazida boʻlib kelgan ushbu dolzarb masalalardan biri bu birlamchi zarur tovarlar narxining koʻtarilishidir. Non, shakar, sariyogʻ, un, goʻsht va boshqa mahsulotlar narxlarining koʻtarilishi har bir insonning qiziqishlariga taʼsir etmay qolmaydi. Ushbu qiziqish nafaqat mamlakatimiz aholisi, balki, dunyoning boshqa koʻplab mamlakatlari fuqarolari uchun ham xosdir.
Soʻnggi paytlarda respublikamiz keng jamoatchiligi orasida goʻsht narxlarining koʻtarilishi bilan bogʻliq vaziyat faol muhokamalarga sabab boʻlmoqda. Bu haqda Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi Axborot xizmati maʼlumot berdi.
Mazkur masala yuzasidan ommaviy axborot vositalarida maqolalar eʼlon qilinishi, tematik koʻrsatuvlarning efirlarga uzatilishi, ijtimoiy tarmoqlarda bahs-munozaralar olib borilishi shular jumlasidandir. Bunday munozaralarda har bir tomon masala yuzasidan oʻz fikrlarini yoki qarashlarini bildirishga haqlidir, garchi ular rasmiy nuqtai nazardan mos kelishi yoki farq qilishi mumkin boʻlgan vaziyatlarda ham.
Ushbu masalani tartibga solishga koʻmak berish va obyektiv nuqtai nazarni shakllantirishga yordam berish uchun Oʻzbekiston Respublikasi Davlat statistika qoʻmitasi quyidagilarga oydinlik kiritadi:
Bozor iqtisodiyotining asosiy qoidalaridan biri bu – hukumat rasmiylarning bevosita aralashuvisiz erkin narxlarning shakllanishidir. Bozor sharoitida narxlar talab va taklif qonuniyati asosida shakllanishi kerak. Istisno tariqasida monopolist korxonalar mahsulotlari va baʼzi hayotiy zarur boʻlgan mahsulotlar narxlari ehtimoldan holi boʻlishi mumkin (masalan, baʼzi dori-darmonlar va boshqalar).
Bozor sharoitida narx belgilash ikki tomonning ishtirokini oʻz ichiga oladi: talab tomoni (isteʼmolchilar) va taklif tomoni (sotuvchilar). Ushbu vaziyatda talab va taklifning kesishish nuqtasi muvozanatli bozor bahosi boʻlib hisoblanadi. Narxlarning aniqlanishidagi bunday yondashuv nafaqat goʻsht mahsulotlariga, balki boshqa mahsulotlarga ham tegishlidir. Oddiy misol: saqlash uchun bardoshli boʻlmagan mahsulotlar narxi shular jumlasidandir (pomidor, rezavorlar va boshqalar). Kun davomida bir nafar sotuvchida aynan bir turdagi mahsulot narxlari sezilarli darajada tebranishi mumkin. Shunday qilib, ertalabki va kun davomidagi narxlar kun oxiridagi narxlarga nisbatan yuqoriroq boʻlishi mumkin (“kechki bozor”).
Narxlarni qatʼiy nazorat qilish maqsadida “yuqoridan belgilangan” narxlar (masalan, mahalliy hokimiyat idoralari tomonidan) iqtisodchilarning xulosalariga koʻra bozordagi narxlar boʻyicha vaziyatni keskinlashtirishga va ular orasidagi nomutanosiblikni vujudga keltiradi yoki kuchaytiradi. Masalan, avtomobillar uchun taklif etiladigan yuqori narxlar unga boʻlgan talabni narxlarning arzonlashishiga qadar sezilarli darajada pasaytirishi mumkin boʻlsa, ijtimoiy muhim ahamiyatga ega tovarlar (shu jumladan, goʻsht mahsulotiga ham) borasida davlatning vazifasi – bozorda arzon narxlar taklifini taʼminlashga harakat qilishdir.
Oziq-ovqat xavfsizligini taʼminlash, asosiy turdagi ijtimoiy ahamiyatga ega tovarlarning narxlari holati toʻgʻrisida hukumat idoralari hamda keng jamoatchilikni tezkor ravishda xabardor qilish maqsadida, statistika organlari tomonidan isteʼmol bozorida narxlar monitoringi amalga oshiriladi.
2019-yilning 16-iyul kunida Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha uyushgan savdo majmualari hamda dehqon bozorlarida isteʼmol narxlari kuzatuvi maʼlumotlariga asosan 1 kg. mol goʻshtining oʻrtacha narxi 40 501 soʻmni, 1 kg. qoʻy goʻshti narxi 40 554 soʻmni tashkil etgan.
Shuni alohida taʼkidlash joizki, respublikada oʻrtacha narxlar har bir hududning tovarlar va xizmatlarni isteʼmol qilishga sarflanadigan xarajatlar tarkibi oʻrtacha ogʻirlik sifatida shakllantirilgan ulushini inobatga olgan holda hisoblanadi.
Hududlar kesimida bir kilogramm mol goʻshti narxlari diapazoni
34 705 soʻmdan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) 46 586 soʻmgacha (Toshkent sh.), qoʻy goʻshtining bir kilogrammi esa 31 196 soʻmdan (Qoraqalpogʻiston Respublikasi) 44 036 soʻmgacha (Toshkent viloyati) boʻlgan oraliqni tashkil etmoqda.
Shunga alohida eʼtibor qaratish lozimki, amaldagi usulga koʻra, oʻrtacha narxlarni aniqlashda ularning butun diapazoni qamrab olinishi kerak. Shu bilan birga, narxlar darajasiga qarab aholining talab tarkibi va ayrim mahsulotlarning ommaviy isteʼmolini ham hisobga olish zarur. Masalan, joriy yilning 16-iyul kuni kuzatish Toshkent shahri boʻyicha tanlab olingan savdo obyektlarda bir kilogramm mol goʻshtining oʻrtacha narxini aniqlash uchun 32 000 soʻmdan 79 990 soʻmgacha boʻlgan 230 dan ziyod narxlar roʻyxatga olingan. Shu bilan birga, bir kilogramm goʻsht narxini hisoblash uchun jami roʻyxatga olingan narxlarning 68 tasida 40 ming soʻmgacha, 100 dan ortiq narxlar 40 dan 50 ming soʻmgacha boʻlgan diapazonda, 60 ga yaqin narxlar 50 ming soʻmdan yuqori va 6 tasi 70 ming soʻmdan yuqorisini tashkil etgan.
Shuni hisobga olish kerakki, oʻrtacha narx tarkibiga koʻplab omillar, jumladan, mahsulot oʻzgarishi, narxlarni roʻyxatdan oʻtkazish vaqti, mavsumiylik, roʻyxatdan oʻtish paytidagi talab va taklifning nisbati va boshqalar inobatga olinadi.
Shuningdek, ichki bozorlarga goʻsht mahsulotini yetkazib berish bilan bogʻliq vaziyatni baholash uchun rasmiy statistik maʼlumotlarga murojaat qilish mumkin.
Shunday qilib, joriy yilning iyun oyidagi tashqi savdo statistikasi maʼlumotlariga asosan, yirik shoxli chorva mollari importi bir oy davomida 5 169 boshga yoki 21,1 %ga kamaydi (may oyida 24 549 boshdan joriy yilning iyun oyida 19 380 boshgacha). Bu davrda tirik qoʻylar va echkilarning importi 78 158 boshdan (may oyi) 41 631 boshgacha (iyun oyi) qisqardi, yaʼni, salkam 2-martaga. Shu bilan birga, yangi va sovitilgan yirik shoxli mol goʻshti importi 355,3 tonnadan (may oyi) 411,2 tonnagacha (iyun oyi), yaʼni, 55,9 tonna yoki 15,7% gacha oshdi. Umumiy hisobda 2019-yilning yanvar–iyun oylari davomida 1119 tonna yangi, muzlatilgan, sovitilgan yirik shoxli mol goʻshti import qilingan.
Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, joriy yilning yanvar–iyun oylarida ichki sharoitida chorva mollari va parrandalarni soʻyish, yetishtirish tirik vaznda 1 128 144 tonna (2018-yilning yanvar–iyuniga nisbatan 2,2 %ga koʻp), soʻyish vaznida 654 323 tonnani tashkil etgan.
Taqqoslash uchun: 2018-yilning birinchi yarmida soʻyish uchun tirik vazndagi chorva hamda parranda yetishtirish hajmi 1 103 469 tonnani, soʻyilgandan keyingi vazni 640 012 tonnani tashkil etdi.
2018-yil uchun uy xoʻjaliklari byudjetini oʻrganishning dastlabki maʼlumotlariga koʻra, respublikada goʻsht va goʻsht mahsulotlarining oʻrtacha yillik isteʼmoli 1 423 704 tonnani tashkil etgan boʻlsa, aholi jon boshiga bu koʻrsatkich yiliga 43,2 kg.ni tashkil etdi. Bunday oʻrtacha oylik isteʼmol bilan birinchi yarim yillikda goʻshtga boʻlgan ehtiyoj taxminan 711 852 tonnani (= 1423704/2) tashkil etadi. 2019-yilning dastlabki olti oyida aholining oʻsish surʼati bilan bu koʻrsatkich biroz yuqori boʻladi.
Turli mamlakatlarda goʻsht isteʼmoli*
( 2017-yil uchun, aholi jon boshiga)
Mamlakat nomi Goʻsht isteʼmoli, kg.
Rossiya 73
Avstraliya 121
Avstriya 98
Germaniya 88
Italiya 87
Gollandiya 73
Polsha 70
Fransiya 89
AQSH 118
Yaponiya 49
*) Economic Development Research Journal maʼlumotlariga asosan
Bundan tashqari talab tarkibi boʻyicha muhim taʼsir koʻrsatuvchi mahalliy qayta ishlash korxonalarining goʻshtiga boʻlgan ehtiyojni ham inobatga olish kerak. Dastlabki maʼlumotlarga koʻra, 2018-yilda respublikada ishlab chiqarilgan, qayta ishlangan va konservalangan goʻshtning umumiy hajmi – 193 047,1 tonna, goʻsht va parranda goʻshti (kolbasa, dudlangan mahsulotlar va boshqalar) tayyor mahsulotlari – 31 513,4 tonnani tashkil etgan.
Shuni alohida taʼkidlash kerakki, goʻsht narxining koʻtarilishi bilan bogʻliq vaziyat “alohida” emas. Isteʼmol narxlari indeksini hisoblash uchun roʻyxatga olingan isteʼmol narxlarini maʼlumotlariga koʻra, oʻtgan yilning yanvar–iyunida mol goʻshti (suyaksiz goʻshtidan tashqari) yarim yil davomida 17,6 % (jumladan, iyun oyida 6,0 %), suyaksiz mol goʻshti 10,4% (iyun oyida 3,6 %), qoʻy goʻshti 16,6 % (iyun oyida 6,4 %)ga qimmatlashgan. Shuningdek, koʻrib chiqilayotgan davrda parranda goʻshti (son qismlardan tashqari) 10,1 %, (jumladan, iyun oyida 2,5 %), tovuq boldiri, son qismlari 5,0 % (iyun oyida 1,0 %) va tuxum narxlari 19,1 %ga (iyun oyida 2,6%) arzonlashgan.
Xulosa oʻrnida, barcha foydalanuvchilar uchun Oʻzbekiston Respublikasi boʻyicha tovar va xizmatlarning narxlari oʻzgarishi darajasi haqidagi yanada batafsil maʼlumotlar bilan Davlat statistika qoʻmitasining rasmiy veb-sahifasida https://stat.uz yoki (71) 230-80-36, (71) 230-81-74 telefon raqamlariga murojaat qilgan holda maʼlumot olishingiz mumkin.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Ish haqi, pensiya, nafaqa va stipendiyalar miqdori 10 foizga oshiriladi
- Eron va Isroil oʻrtasidagi ziddiyatlar xronologiyasi yoxud bugungi “urush”ning ildizi qayerda?
- Olimlar Alsgeymer kasalligidan himoya qiluvchi parhez haqida maʼlumot berishdi
- Dollar kursi oshishda davom etmoqda
- Parkentda yiliga 20 ming sayyohni qabul qiladigan turistik majmua ochilmoqda
- Oʻzgarishlarni soʻz bilan uygʻotgan jurnalist
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring