Nega bozorlarimizda kartoshka qimmat?

16:56 22 Oktyabr 2021 Jamiyat
775 0

Ichki bozorda aholining kartoshkaga talabi doimo yuqori boʻlgan. Shu bois dehqonchilikda koʻproq kartoshka ekish va undan yaxshi hosil olishga harakat qilinadi. Hatto tomorqadagi bir parcha yerda ham kartoshka yetishtirishni oʻylaymiz.

Ayni paytda yurtimizda kartoshka isteʼmoliga boʻlgan talab yanada ortgan. Bozorlarimizda esa uning narxi kun sayin oʻsyapti. Lekin mazali kartoshkalar kam, bori ham qimmat.

Mutaxassislarning fikricha, buning sababi keyingi yillarda agrosanoat majmualari kartoshka urugʻi yetishtirishga jiddiy eʼtibor qaratmagan. Natijada bozorlarimizda koʻproq Rossiya va Belarus davlatlaridan keltirilgan shu turdagi mahsulot taklif etilmoqda.

Toshkent viloyatida bu muammoni bartaraf etish, ichki bozorni serhosil, sifatli, ertapishar mahalliy navlar bilan taʼminlash ustida jiddiy izlanishlar olib borilmoqda. Bu sohaga yoʻnaltirilgan klaster va kooperatsiyalar fqaoliyatini har tomonlama qoʻllab-quvvatlash, yangi navlar yetishtirilayotgan maydonlar hajmini oshirish choralari koʻrilmoqda. Viloyatda tashkil etilgan “Agrover” agrosanoat kartoshkachilik klasteri faoliyati bunga misoldir.

Jamoaning oʻzaro hamjihatligi, ilm-fan yutuqlaridan samarali foydalanishi evaziga tashqi bozordan xarid qilingan “Fontane”, “Alyaska”, “Arizona”, “Aluetta”, “Belorossa”, “Silvana”, “Sante”, “Sunita”, “Evolyushin”, “Esmi”, “Arnova”, “Manitu” singari 24 xildagi serhosil navlari mahalliylashtirilmoqda. Klaster tarkibidagi Boʻstonliq kartoshkachilik markazining ekin maydonlarida iqlimga moslashtirilayotgan yangi navlar buning isboti.

Ayni kunlarda Parkent, Yangiyoʻl, Zangiota, Oʻrta Chirchiq kabi qator tumanlarda faoliyat yuritayotgan oʻndan oshiq tadbirkorlik jamoalari 767 gektar maydonda mahalliy urugʻlik kartoshka yetishtirishmoqda. Boʻstonliq tumanidagi urugʻchilikka ixtisoslashtirilgan birgina subyektning oʻzi 601 gektar maydonda yuqori reproduksiyali navni parvarish qilayotir. “Bu ishlar ichki bozorimizda mahalliy serhosil kartoshkaning serob boʻlishiga olib keladi”, - deyishmoqda soha mutaxassislari.

Shodiyor MUTAHAROV, “Xalq soʻzi.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?