Navoiylik mashinasozlar 60 yillik yubileyini nishonladi
Foto: Viktor YAKOVLEV
Xabaringiz bor, joriy yilning 17-noyabr kuni “Navoiy kon metallurgiya kombinati” AJ tashkil topganligining 65 yilligi keng miqyosda nishonlanib, shu munosabat bilan mamlakatimiz Prezidenti yoʻllagan tabrikda kombinat tarkibidagi Navoiy mashinasozlik zavodi jamoasining faoliyatiga ham yuksak baho berilgan edi.
Oradan mana ikki haftacha vaqt oʻtib, Navoiy mashinasozlik zavodi ham oʻzining 60 yillik bayramini nishonladi. Shu munosabat bilan korxona bosib oʻtgan shonli yoʻlni oʻzida aks ettiruvchi koʻrgazmalar, davra suhbatlari, sport musobaqalari va ilmiy anjumanlar tashkil etilib, asosiy bayram tadbiri korxonaning oʻzida boʻlib oʻtdi.
Korxona jamoasini “NKMK” AJ boshqaruv raisi — Bosh direktori Q. Sanaqulov qutlugʻ sana bilan tabriklar ekan, keyingi yillar korxona uchun haqiqiy yuksalish davri boʻlib, muhim dastur va loyihalar asosida yangi sexlar, uchastkalar, hududlarda korxona boʻlinmalari tashkil etilib, yaratuvchanlik, izlanish, intilish evaziga Markaziy Osiyoda tengi yoʻq zavodga aylangani, har qanday murakkab vazifalarni uddalashga qodir mutaxassis kadrlar jamlanganini taʼkidladi.
— Korxonada har yili oʻrtacha 1,2 trillion soʻmlik mahalliylashtirilgan va import oʻrnini bosuvchi raqobatbardosh mahsulotlar ishlab chiqarilmoqda, — deydi Q. Sanaqulov. — Ilgarilari ishlab chiqarish uchun zarur boʻlgan aksariyat ehtiyot qismlar faqat chetdan olib kelingan. Bugungi kunda esa kombinat ehtiyoji uchun zarur boʻlgan ushbu jihozlarning 97 foizi zavodda, chetdan hech qanday yordamsiz zavod sexlarida tayyorlanmoqda.
Darhaqiqat, Navoiy mashinasozlik zavodi oltmish yildirki NKMK barqarorligining mustahkam tayanchi sifatida faoliyat koʻrsatib, oddiy taʼmirlash sexidan yirik sanoat birlashmasigacha boʻlgan murakkab yoʻlni bosib oʻtdi. Korxonada mehnat qilayotgan 3,5 ming nafar muhandis-texnolog, metallurg, mexanik va konstruktorlar zahmati tufayli 15 ming turdan ortiq yuqori sifatli mahsulotlar, shu jumladan, ogʻirligi 4 gramm boʻlgan oddiy murvatdan tortib, 980 tonnagacha boʻlgan tegirmonlar, shuningdek, yanchish uskunalari, nasoslar, quyultirgichlar ishlab chiqarish va ularni taʼmirlash, 400 tonnagacha boʻlgan yirik oʻlchamdagi jihozlarga ishlov berish oʻzlashtirildi. Metall va yogʻochga ishlov beruvchi dastgohlar, yirik kon texnikalari uchun detallar ishlab chiqarilmoqda.
— Zavodimizning Quymachilik sexida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmini oshirish maqsadida 25 tonnalik zamonaviy metall eritish pechi ishga tushirilishi metall eritish quvvatini yiliga 30 foizgacha oshirish imkonini bermoqda, — deydi sex boshligʻi Zafar Bobodoʻstov. —Bu, albatta korxonamizda yangi-yangi loyihalarni amalga oshirish, ishlab chiqarilayotgan mahsulotlar turini oshirish imkonini beradi.
Anjumanda navoiylik mashinasozlar zahmati sharaflanib, u katta konsert dasturi bilan yakunlandi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring