Navoiyda qoʻgʻirchoq teatri ochiladi
Foto: Xalq so‘zi
Bugungi jajji avlod ertaklarni qoʻl telefonidan tinglab ulgʻaymoqda. Noxush tomoni yoʻq, biroq kattayu kichik tobora reallikdan yiroqlashib, «virtuallashib» borayotgani xavotirli.
Mamlakatimiz rahbari Navoiy viloyatiga tashriflaridan birida shaharda qoʻgʻirchoq teatri tashkil etib, buning uchun yangi bino qurish tashabbusini ilgari surganida oʻsib kelayotgan avlod qalbida sanʼatga oshnolikni bolalikdan uygʻotishdek ezgu maqsadni nazarda tutgan edi.

Shu asosda oʻtgan yilning 4-avgustida Navoiy shahrida qoʻgʻirchoq teatri poydevori qoʻyilib, bir yil ichida 0,5 gektar yer maydonida 17 mlrd. 463 mln. soʻm mablagʻ evaziga 240 tomoshabinga moʻljallangan zamonaviy bino qurilishi olib borildi.
— Mazkur madaniyat maskani qurilishi sohada uzoq yillik tajribaga ega jizzaxlik mutaxassislar tomonidan amalga oshirildi, — deydi Navoiy viloyat madaniyat boshqarmasi boshligʻi Nodir Niyozov. — Qurilish materiallarining har biri maxsus laboratoriyadan oʻtkazilib, inshootning pishiq va puxtaligi taʼminlandi. Ayni kunlarda inshootda pardozlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Navqiron shahar koʻrkiga koʻrk qoʻshayotgan teatr binosi ostonasini hatlashingiz bilan oʻzingizni ertaklar olamiga tushgandek his etasiz. Goʻzal togʻ tabiati, moʻjaz sharshara, ertak qahramonlarining 3 D formatdagi tasvirlari, foyedagi turli maketlar bunyodkorlik ishlariga tajribali rassom, haykaltarosh va dizaynerlar jalb etilganligidan dalolat beradi. Jajji tomoshabinlar uchun tashkil etilgan alohida oʻyin maydonchasi hamda tamaddixona ota-onalar va farzandlar uchun birdek qulay. Teatr binosi atrofini obodonlashtirish hamda doimiy yashillikni taʼminlash maqsadida 215 metr chuqurlikdan suv chiqarilib, koʻkalamzorlashtirish ishlari amalga oshirildi. Inshoot mamlakatimiz mustaqilligining 31 yilligi tantanasida foydalanishga topshiriladi.

— Ushbu maskan nafaqat bolalar, balki biz pedagoglar, ota-onalar uchun ham bayramga ajoyib sovgʻa boʻlmoqda, — deydi Navoiy shahridagi 12 umumtaʼlim maktabining direktori Odiljon Boboqulov. — Boisi yosh avlodning taʼlim-tarbiyasida sanʼat, ayniqsa, teatrning oʻrnini hech narsa bilan toʻldirib boʻlmaydi.
Teatr yangi oʻquv yilidan oʻzining dastlabki mavsumini boshlaydi. Bunga Navoiy shahar madaniyat boʻlimi qoshidagi “Ovunchoq” qoʻgʻirchoq teatri jamoasi puxta hozirlik koʻrib, uchta ertak-spektakl premyerasini maromiga yetkazishmoqda.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Komiljonov Muxammadsolih Sobirjon oʻgʻlining “Salomatlik landshaftlarini tashkil etish tamoyillarini ishlab chiqish” mavzusidagi (arxitektura fanlari boʻyicha) falsafa doktori (PhD) dissertatsiyasining himoyasi eʼloni
- Ukrainada jurnalistlarni olib ketayotgan avtomobil dronlar hujumiga uchradi
- Rossiya yangi urushga tayyorgarlik koʻrmoqda — Germaniya mudofaa vaziri
- Tehronda vaziyat jiddiy: poytaxt aholisi evakuatsiya qilinishi mumkin
- «Yevroosiyo Banki» Aksiyadorlik jamiyatining tugatish komissiyasi xabari
- Namangan – yangilanish va goʻzallik shahri
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring