Navoiyda qariyb 2 million fuqarolik dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirildi
Foto: "Xalq so'zi"
“ZAGS” nomi bilan ommalashgan FHDYO idorasi haqida soʻz ketsa, koʻpchilikning koʻz oʻngiga nikoh tantanasi keladi. Aslida ushbu maskanda har bir fuqaroning tugʻilganidan boshlab to umrining oxirigacha bosib oʻtgan yoʻlidagi koʻpgina quvonch va tashvishlari rasman qayd etiladi.
Maʼlumki, FHDYO idoralari bugun Davlat xizmatlari agentligi tizimiga oʻtkazilgan. Buning sababi nimada va aholi uchun qanday qulayliklar taqdim etmoqda? Ushbu savolga javob olish niyatida “Xalq soʻzi” muxbiri DXA Navoiy viloyati boshqarmasi boshligʻi oʻrinbosari Eldor Bahodirovga murojaat qildi.
— FHDYO idoralari Davlat xizmatlari agentligi tasarrufiga oʻtgandan soʻng davlat xizmati koʻrsatishni soddalashtirish va maqbullashtirish maqsadida, avvalambor, tizim raqamlashtirildi, — deydi E. Bahodirov. — FHDYOning yagona elektron arxivi yaratilib, u axborot tizimiga kiritildi, yaʼni integratsiya qilindi. Qogʻozbozlik kamayib, fuqaro va soha xodimlarining ortiqcha ovoragarchiligiga barham berildi. Masalan, tibbiyotda tugʻilish va oʻlim holatlari elektron shaklda bazaga kiritilgani bois ikki idora orasida “bordi-keldi”ga chek qoʻyildi
Shuningdek, joriy yildan eʼtiboran tugʻilishni qayd etish kompozit shaklga keltirildi. Yaʼni fuqaro bir murojaat bilan 6 ta xizmatdan biryoʻla foydalanadi. Bola tugʻilganligini qayd qilish, bir martalik “suyunchi puli” olish, doimiy yashash manzili, poliklinika va bogʻcha, maktabga roʻyxatga qoʻyish kabi harakatlar elektron tarzda amalga oshirilmoqda. Nikohlarni qayd etishda esa eksterritorial tamoyilning yoʻlga qoʻyilishi natijasida turli ovoragarchiliklarning oldi olinmoqda.
Koʻpchilik uchun yana bir muhim qulaylik — FHDYO xizmati uchun toʻlovlarni amalga oshirishda avtomatlashtirilgan “billing” tizimi joriy etildi. Mablagʻlar faqatgina rasmiy bank hisob raqamiga tushishi, murojaatchining telefon raqamiga “SMS” shaklida “Sizdan ortiqcha pul talab qilinmadimi?” degan xabarning kelishi xizmat uchun koʻzda tutilmagan taʼmagirliklarga barham berib, shaffoflikni ham taʼminlayapti.
Raqamlashtirish tizimda yillar davomida yigʻilib qolgan muammolarni yuzaga chiqarmoqda, desak mubolagʻa emas. Shu kunga qadar mamlakatimizdagi FHDYO idoralarida qogʻoz shaklida saqlanayotgan 60 milliondan ortiq fuqarolik dalolatnoma yozuvlari raqamlashtirilgan boʻlsa, ularning qariyb 2 millioni Navoiy viloyatiga tegishli. Ayni kunlarda viloyatning 11 ta tuman va shahar FHDYO organlari arxividagi inson omili tufayli FHDYO elektron arxiv bazasiga kiritilmay qolgan hujjatlar ustida ish olib borilmoqda. Chunki bu maʼlumotlar toʻliq va xatosiz kiritilishi zarur. Hatto bitta harf notoʻgʻri kiritilsa, tizim fuqarolarga oid maʼlumotni inkor etadi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, ayrim fuqarolarimiz oʻz shaxsiy hujjatlariga shunchalik beparvoki, yillar davomida tugʻilganlik, nikohdan oʻtganlik, oʻlim guvohnomalari olinmagani holatlari mavjud. Bunday holatlar uyma-uy yurib oʻrganildi. Maʼlum boʻlishicha, markazdan olis manzillarda, deylik choʻl hududi va togʻli ovullarda aholi orasida yuqorida taʼkidlangan holatlarni kuzatish mumkin. Misol uchun, Uchquduq tumanining Oltintov ovulida istiqomat qiluvchi Nurlan Aytiganov 10 yil avval Saltanat Karimbayeva bilan turmush qursa-da, fuqarolik pasporti yoʻqligi bois nikohdan oʻtishmagan. Farzandli boʻlib, ism berishgan, lekin tugʻilganlik guvohnomasi yoʻq. Koʻrinib turibdiki, bir muammo boshqasini boshlab kelmoqda. Mana, misol uchun, navbahorlik Lolaxon Xoʻjayevaning ikki farzandi ham “metrika”siz ulgʻayishgan. Biri 24, ikkinchisi 21 yoshda. Ularda na maktabni tamomlaganlik toʻgʻrisidagi shahodatnoma, na fuqarolik pasporti bor. Chunki tugʻilganlik haqidagi guvohnoma boʻlmasa, hech birini olishning imkoni yoʻq. Ikki bola ham maktabni hujjatsiz tamomlagan. Behruzbekning taʼkidlashicha, maktabni tugatgach, hatto biror bir ishga hujjatsizligi tufayli kirolmagan. Maftuna esa yillar davomida familiyasini Axmedova deb o'ylagan. Berilgan huquqiy va amaliy koʻmak bois, opa-ukalarning tugʻilganlik guvohnomalari fuqarolik sudining qarori orqali qonuniy hal etildi. Sud qaroriga koʻra tiklangan nasl-nasab esa ularga Xoʻjayevlar familiyasini berdi.
Nafsilamrini aytganda, biz yuqorida sanagan fuqarolar ilgari FHDYO idoralarga murojaat etishgan. Javob esa doimo bir xil — u idoradan bu idoraga yoʻllash bilan yakunlangan. Boshqacharoq aytganda, masʼuliyatdan qochishgan. Bugungi tizimda joylarga chiqib, shunga oʻxshash taqdir egalariga yordam koʻrsatilmoqda. Misol uchun, mobil ofisimiz Konimex tumanining Boymurod ovulida boʻlganida umrini chorvaga bagʻishlagan 63 yoshli Keylimjan Jamanbayev tugʻilganlik haqidagi guvohnomasi yoʻqligini aytib murojaat qildi. Muammo yechildi. “Baraka topsin, mana shu avtobusdagilar”, deydi sodda mijozimiz.
Mobil ofis, yaʼni oʻsha “avtobus” bilan bogʻliq yana bir holatga eʼtibor qarataylik. Xatirchi tumanining Chilash qishlogʻida koʻzi ojiz ayol nogironlik belgilanmaganligi, pasporti yoʻqligi sabab 2008-yilda tugʻilgan farzandiga “metrika” ololmaganligi, boz ustiga hujjatlari toʻliq emasligi sabab “Ayollar daftari”ga ham kiritilmaganligini aytib, murojaat qildi. Ushbu fuqaroning ham barcha muammolari belgilangan tartibda ijobiy hal etildi.
Bu kabi misollarni yana oʻnlab keltirishimiz mumkin. Bizga nomaʼlumlari ham boʻlsa, ajab emas. Demoqchimanki, FHDYO tizimidagi raqamlashtirish nafaqat fuqaroni roʻyxatga olish, balki ularning muammolarini ochiqlashda ham oʻz samarasini bermoqda.
Temur ESHBOYEV, "Xalq so'zi".
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring