Navoiyda “Oʻzbekiston” brendi ostida smartfonlar ishlab chiqarilmoqda
Navoiy shahridagi erkin iqtisodiy-industrial zonasida joylashgan “Telekom Devices PRO” MCHJ tomonidan milliy ruhda dasturlashtirilgan “Oʻzbekiston” smartfonlari ishlab chiqarilmoqda.
64 gigabayt xotira quvvatiga ega ushbu smartfonlar Aloqa vazirligi topshirigʻiga asosan MCHJning loyihani mahalliylashtirish va tashqi iqtisodiy faoliyat boʻyicha mutaxassisi Zarnigor Jumanova loyihasi asosida yaratilgan boʻlib, milliylik nuqtayi nazaridan ichki bozorga moʻljallab tayyorlandi. Bu haqda OʻzLiDeP Navoiy viloyati matbuot xizmati xabar bergan.
“Oʻzbekiston” milliy smartfonlari oʻziga xos milliy dizayn va zamonaviy koʻrinishga ega boʻlib, uning dasturiy taʼminoti oʻzbekona tusga egaligi bilan ahamiyatlidir. Mobil aloqa vositasiga Oʻzbekiston Respublikasi Prezidenti asarlari, klassik va zamonaviy oʻzbek adabiyotining nodir namunalari jamlanmasi, radioinssenerovkalar, 100 dan ortiq oʻzbek kuy va qoʻshiqlari , shuningdek, yurtimizning eng diqqatga sazovor goʻshalari tasviri tushirilgan foto-albomlar yuklangan.
Bundan tashqari, “Hukumat” dasturi ham kiritilgan boʻlib, dasturga barcha vazirliklar, toʻrt hokimiyat tizimi ishonch telefonlari joylashtirilgan. Telefon raqamlar oʻzgarishi bilan bogʻliq hollarda dastur avtomatik tarzda yangi raqamlarni kiritish xususiyatiga ham ega.
Ekran foni uchun yurtimiz tabiatiga oid suratlar jamlanmasi joylashtirilgan boʻlsa, chaqiruv qoʻngʻiroqlari va uygʻotuvchi ohanglar uchun ham oʻzbek musiqa sanʼati namunalaridan foydalanilgani kishida milliy iftixor tuygʻularini shakllantiradi.
– Ayniqsa, telefon panelining markaziy qismiga Oʻzbekiston Respublikasi gerbi tushirilishi oʻziga xos yangilik boʻldi. Shu bilan birga mahsulot milliy brend ekanligini hisobga olib, telefonlarni maxsus sovgʻabop qutilarga joyladik. Boshlanishiga 3000 dona “Oʻzbekiston” smartfonlari ishlab chiqargan boʻlsak, ayni paytda mahsulotimizning 50 foizdan koʻprogʻi sotildi. Bundan tashqari, bolalar telefon qoʻl soatlari, CDMA 450 standartidagi statsionar telefonlarni ishlab chiqarishni yoʻlga qoʻya boshlaganmiz. Oʻz oʻrnida chiqarayotgan mahsulotlarimizdagi xatolar ustida ham ishlab, texnologiyasini mukammalashtirish borasida izlanishlarni davom ettiryapmiz, – deydi “Telekom Devices PRO” MCHJ rahbari N.Rahimov.
Ushbu smartfonlar ishlab chiqarilganiga koʻp vaqt boʻlmasa-da, oʻz xaridorlarini topishga ulgurdi. Shuningdek, qoʻshni mamlakatlarga eksport qilish yuzasidan muzokaralar ham olib borilmoqda.
M.Pirnafasova.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring