Navoiyda navoiyxonlik davom etmoqda

14:45 09 Fevral 2022 Jamiyat
474 0

Foto: Халқ сўзи

Soʻnggi yillarda Navoiyning boy ijodiy merosini oʻrganishda shoir nomi bilan ataluvchi viloyatda ham yangicha yondashuvlar joriy etilib, turli tanlov va navoiyxonlik kechalari tufayli Hazrat gʻazallarini yod olibgina qolmay, balki ulardagi har bir soʻzning izohi va mazmunini ilmiy asoslayotgan iqtidorli yoshlar kashf etilmoqda. Shuningdek, viloyatda “Alisher Navoiy ijodiy merosining umumbashariyat maʼnaviy-maʼrifiy taraqqiyotidagi oʻrni” mavzusidagi xalqaro ilmiy anjumani tashkil etish anʼanaga aylanib, unda nafaqat qoʻshni mamlakatlar, balki Yevropa va Amerika qitʼasining ham navoiyshunos olimlari ishtirok etishi yoʻlga qoʻyildi.

— Oʻrta asrlarga qadar musulmon mamlakatlarida diniy adabiyotda arab, badiiy ijodda fors tili hukmronlik qilgan boʻlsa, hazrat Navoiy oʻz ijodiy faoliyati bilan bu anʼana barham topishini boshlab berdi, — deydi afgʻonistonlik navoiyshunos Nurillo Aminyar. — Hazrat turkiy (oʻzbek) tilni dagʻal til, unda nozik his-tuygʻularni nafis tarzda ifodalab boʻlmaydi, degan gʻayriilmiy fikrlar hukmron bir sharoitda bu tilni himoya qilish uchun kurash bayroqdori sifatida maydonga chiqdi. Turkiy tilning boyligini, qudrat usalobatini, uning cheksiz imkoniyatlarga ega ekanligini ham manzum, ham mansur asarlar yozib, isbotlab berdi.

 

 

Bugun mutafakkir shior tavalludining 581-yilligi munosabati bilan Navoiy shahrida ham keng mundarijaga ega tadbirlar oʻtkazildi. Dastlab viloyat faollari, turli korxona va tashkilotlar vakillaridan iborat jamoatchilik, ijodkorlar shoirning shahar markazidagi muazzam haykali poyiga gulchambarlar qoʻyib, hazrat siymosiga ehtirom bajo keltirishdi.

Shundan soʻng shahardagi “Farhod” madaniyat saroyida Alisher Navoiy gʻazallariga bastalangan mumtoz qoʻshiq va kuylardan tuzilgan konsert dasturi namoyish etildi.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?