Navoiyda elektr energiyasi taʼminotida muammolar boʻlmaydi

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Shu kunlarda Navoiy viloyatining ayrim hududlarida elektr energiyasi taʼminotida tez-tez uzilishlar boʻlib, aholining “ahvol halitdan shunday boʻlsa”, degan xavotiriga sabab boʻlmoqda.
Aslida viloyat energetiklari kuzning iliq kunlaridan samarali foydalangan holda 2024/2025-yil kuz qish mavsumiga tayyorgarlik jarayonlarini nihoyasiga yetkazish jarayonlarida u yoki bu hududni elektr taʼminotidan uzib qoʻymoqda.
— Joriy yilda tuman va shahar hududlarining elektr taʼminotini yaxshilash uchun 0,4-110 kVli 1 489,9 km havo elektr uzatish tarmoqlari, 7 dona 110-35 kVli podstansiya va 367 dona 0,4/6/10 kVli transformator punktlarini mukammal taʼmirlash ishlari rejalashtirilgan, — deydi “Hududiy elektr tarmoqlari” AJ Navoiy hududiy filiali bosh muhandisi Oybek Rayimov. — 1-sentyabr holatiga 1248,0 km 0,4-110 kVli havo elektr uzatish tarmoqlari, rejadagi 110-35 kVli podstansiyalarning barchasi mukammal taʼmirlandi. Ayni kunlarda 0,4/6/10 kVli transformator punktlari mukammal taʼmirlash ishlari amalga oshirilmoqda.
Viloyatdagi aholi isteʼmolchilarini elektr energiyasi bilan taʼminlashda uzilishlarning oldini olish maqsadida mahalliy byudjetdan ajratilgan 5 milliard soʻm mablagʻ hamda jamiyatimiz mablagʻlari hisobidan korxonada 90 dona turli quvvatli transformator punktlari va 35,3 tonna transformator moyi, 77 kilometr kabel, 7,76 tonna sim, 215 dona kabel muftalari, 210 dona temir beton tayanch hamda 3562 dona har xil turdagi himoya vositalarining zaxiralari yaratildi.
Shuningdek, elektr tarmoqlarida yuzaga keladigan avariyalarni bartaraf etish maqsadida 75 ta maxsus brigada tashkil etilib, 334 nafar ishchi xodim hamda ularga 98ta maxsus texnikalar biriktirildi.
— Shu kunga qadar rejadagi uylarning 90 foizida taʼmirlash ishlari yakunlanib, yoʻnaltirilgan mablagʻlarning 17,6 mlrd.soʻmi oʻzlashtirildi, — deydi Navoiy viloyati hokimining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xoʻjalik, ekologiya va koʻkalamzorlashtirish masalalari boʻyicha oʻrinbosari Erkin Kamolov. — Xususan, uylarning tom va yertoʻla hamda fasad qismi, ichki muhandislik tarmoqlarida mavsumga tayyorlash ishlari toʻliq bajarilib, ayni kunlarda kirish yoʻlaklari, framuga oyna romlari va energiya tejamkor sensor lampalar oʻrnatish, elektr taqsimlovchi shitlarni taʼmirlash ishlari nihoyasiga yetkazilmoqda.
Shular barobarida 764 dona gaz taqsimlash punktlarini taftish qilish, 74,2 km gaz quvurlarini bosim ostida sinash, 233,1 km yer osti gaz quvurlarini tekshirish 112,1 km gaz quvurlarini tartibga keltirish ishlari amalga oshirildi.
Aholining kuz-qish mavsumida bevosita kayfiyatini belgilovchi omillardan biri bu xonadon va ijtimoiy soha obyektlarida haroratning barqarorligidir. Shu maqsadlarda viloyat boʻyicha joriy yilda 2 ta sogʻliqni saqlash muassasalarini mukammal taʼmirlash rejalashtirilgan boʻlib, hozirgi kunda mazkur obyektlarda taʼmirlash ishlari olib borilayotgan boʻlsa, joriy taʼmirlash rejalashtirilgan 16 ta maktab hamda 9 ta maktabgacha taʼlim muassasalarining barchasi, 5 ta sogʻliqni saqlash muassasalaridan 2 tasi mavsumga shay holatga keltirildi.
Viloyatning avtonom issiqlik taʼminotiga ega ijtimoiy soha muassasalariga 2024/2025-yillar kuz-qish mavsumi uchun jami 30,0 ming tonna koʻmir jamgʻarilishi rejalashtirilgan boʻlib, amalda 28,1 ming tonna koʻmir yoqilgʻisi zaxirasi yaratildi. Suyultirilgan gaz taʼminotida isteʼmolchilarga kuz-qish mavsumida jami 8,8 ming tonna suyultirilgan gaz yetkazib berish rejalashtirilgan boʻlib, belgilangan grafik asosida oktyabr oyidan boshlab suyultirilgan gaz yetkazib berilishi koʻzda tutilgan.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Prezident Oʻzbekiston oʻqituvchi va murabbiylariga tabrik yoʻlladi
- Oʻzbekiston va Turkmaniston: barqaror rivojlanish yoʻlidan borayotgan davlatlar
- Toshkentda “Oʻzbekkosmos” va “NASA” agentliklari hamkorligida “NASA Space Apps Challenge 2025” Hakaton tadbiri oʻtkazilmoqda
- Tuman va shahar hokimi oʻrinbosarlari soni qisqartiriladi
- Saudiya Arabistonida “Oʻzbekiston madaniyati kunlari” davom etmoqda
- Super oy: Bugun Yerning tabiiy yoʻldoshi odatdagidan ancha katta koʻrinmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring