Navoiyda donorlar safi 202 nafarga yetdi

16:51 19 Sentyabr 2024 Jamiyat
323 0

Temur ESHBOYEV/“Xalq soʻzi”. Qonning tirik organizmdagi ahamiyatini hech bir narsa bilan taqqoslab boʻlmaydi. U tanadagi barcha organlar faoliyatini hayotiy ozuqalar bilan taʼminlab, koʻp qon yoʻqotilishining asoratlarini faqat qon quyish bilangina bartaraf etish mumkin. Shunda ham qon quyishga muhtoj boʻlgan kishiga uning oʻzigagina xos guruh va faktordagi qondan foydalaniladi. Baxtga qarshi koʻpincha kutilmagan vaziyatlarda qonga ehtiyoj tugʻilib, uning oʻrnini biror dori-darmon yoki vosita bosa olmas ekan, barqaror zaxirasini yaratish hayotiy zarurat.

— Jahon sogʻliqni saqlash tashkilotining tavsiyasiga koʻra, tibbiyot muassasalarini barqaror qon komponentlari bilan taʼminlash uchun qon topshirishlar soni aholi soniga nisbatan har 1000 kishiga kamida oʻntani yoki aholi soniga nisbatan 1% ni tashkil etishi kerak, — deydi Navoiy viloyati qon qoʻyish stansiyasi bosh vrachi Barot Normurodov. — Albatta, bu aholidan tibbiy madaniyat bilan birga saxovatpeshalik va yelkadoshlik kabi insoniy fazilatlar, jamiyatdagi kuchlarning bu yoʻlda birdamligini ham talab etadi.

Viloyatda “Yuksalish” Xalqaro harakati Navoiy viloyati boʻlinmasi tomonidan “Biz donormiz” haftaligi doirasidagi tadbirlar shular jumlasidan boʻlib, uning uyushqoqlik bilan oʻtkazilishi yaxshi samara berdi.

— Aksiya doirasida hududiy boʻlinmamiz Navoiy viloyati qon qoʻyish stansiyasi bilan oʻzaro hamkorlik memorandumi imzolanib, viloyatdagi donorlar safiga qoʻshimcha koʻngillilar jalb etildi, — deydi “Yuksalish” Xalqaro harakatining Navoiy viloyati hududiy boʻlinmasi rahbari Alijon Jalilov. — Natijada viloyatimizda donorlar soni 202 nafarga oshib, har kuni yigirma litrdan ziyod qon topshirildi.

Taʼkidlash joiz, viloyatda donorlar soni hali JSST tavsiyasidan hali ancha kam. Tabiiyki, ushbu holat kutilmagan vaziyatlarda shifokorlarni ham, bemorlarni ham birdek tang ahvolga solib qoʻyishi hamda undan hech kim istisno emasligi bor gap. Modomiki, har bir inson hayotida qon va qon preparatiga oʻzi yoki qarindoshlari ehtiyoj sezganda favqulodda tanglikning oldini olishda ular qalbida insoniy tuygʻularni uygʻotish, birovning dardiga malham tutish eng ulugʻ savob ekanligini uqdirish, tabiiyki haftaliklar bilan chegaralanib qolmasligi kerak.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?