Navoiyda 8 yoshli qizning oʻlimiga sababchi boʻlgan ikki haydovchi qamoqqa olindi

15:40 08 Iyul 2024 Jamiyat
266 0

Foto: Videodan kadr

Avvalroq Navoiy viloyatining Xatirchi tumanida 2-sinf oʻquvchisi avtomobil bosib ketishi oqibatida halok boʻlgani haqida xabar berilgan edi. Yoʻl harakati xavfsizligi xizmati bunga sababchi boʻlgan ikki haydovchi qamoqqa olinganini maʼlum qildi.

Maʼlum qilinishicha, 1-iyul kuni soat taxminan 18:50 larda fuqaro N.A. oʻzining boshqaruvida boʻlgan “BYD Song” rusumli avtomobilini Xatirchi tumani hududidan oʻtuvchi avtomobil yoʻlidan Zarafshon—Yangirabod yoʻnalishi boʻyicha boshqarib borayotib, oʻzi bilan bir yoʻnalishda ketayotgan (oʻziga oldindan tanish boʻlmagan) fuqaro F.A. boshqaruvidagi “BYD Song” rusumli avtomobil bilan bir-biridan quvib oʻtishga harakat qilgan.

Ushbu yoʻlning Xatirchi tuman tibbiyot texnikumi yonidan oʻtgan qismiga kelganda tartibga solinmagan piyodalar oʻtish joyidan yoʻlning oʻng tomonidan chap tomoniga piyoda kesib oʻtayotgan, 2016-yilda tugʻilgan qiz Sh.Sh.ni dastlab fuqaro N.A. boshqaruvidagi avtomobil turtib oʻtgan, soʻng, fuqaro F.A. oʻz boshqaruvidagi avtomobil bilan urib-bosib oʻtib oʻtgan.

Oqibatda qizcha mazkur yoʻl-transport hodisasi oqibatida olgan tan jarohatlari sababli hodisa joyida vafot etgan.

Holat yuzasidan shu kunning oʻzida ikkala haydovchi N.A. va F.A.ga nisbatan Jinoyat kodeksining 266-moddasi 2-qismi bilan jinoyat ishi qoʻzgʻatilgan. 4-iyul kuni ularga nisbatan ayblov eʼlon qilinib, Jinoyat protsessual kodeksining 221-moddasi tartibida ushlangan va 5-iyul kuni ularga nisbatan “qamoqqa olish” tarzidagi ehtiyot chorasi qoʻllanilgan.

Haydovchi N.A. soʻnggi bir yil davomida 12 marotaba tezlikni oshirish, 1 marotaba yoʻl chizigʻi talablariga rioya qilmaslik qoidabuzarliklarini sodir etgan. Haydovchi F.A. esa soʻnggi bir yil davomida bir marotaba transport vositasini boshqarish huquqi boʻlmagan shaxsga topshirish qoidabuzarligini sodir etgan.

YTH natijasida vafot etgan qiz Sh.Sh. 2016-yilda Xatirchi tumanida tugʻilgan. Tumandagi 14-sonli maktabning 2-sinf oʻquvchisi boʻlgan. Onasi M.Sh. “Yangirabod” MFYda yashovchi bobosinikiga bir kun oldin qizaloqni olib kelib, oʻzi Toshkent shahriga ishlash uchun ketgan.

Bobo hamda buvi 2010-yilda tugʻilgan oʻgʻli, tumandagi 14-maktabning 7-sinf oʻquvchisi N.T. hamrohligida qizaloqni istirohat bogʻiga sayrga borib kelishiga ruxsat bergan. Holatga koʻra, N.T. avval oʻzi piyodalar oʻtish joyidan oʻtgan va bir oz ortda qolgan, hali oʻtishga ulgurmagan qizaloqni chaqirgan. Qizaloq transport vositalarining harakatiga eʼtibor bermasdan, piyodalar oʻtish joyiga yugurib chiqqan va koʻngilsiz hodisa sodir boʻlgan.

Qayd etilishicha, YTH sodir boʻlgan piyodalar oʻtish joyida prezidentning 2023-yil 10-oktyabrdagi PQ-330-son qaroriga asosan Xatirchi tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi tomonidan tugmali svetofor qurilmasini oʻrnatish dasturga 2024-yil 1-chorak yakuniga qadar kiritilgan boʻlib, mablagʻ ajratilmagani sababli hozirgi kunga qadar oʻrnatilmagan.

Xatirchi tuman yoʻllardan foydalanish davlat muassasasi direktori nomiga Navoiy viloyati YHXB tomonidan 2024-yilda ikki marotaba tugmali svetofor oʻrnatish yuzasidan taqdimnomalar kiritilgan. Taqdimnoma talablari bajarilmagani uchun Xatirchi tuman yoʻllardan foydalanish unitar korxonasi rahbariga Maʼmuriy Javobgarlik toʻgʻrisidagi kodeksning 196-moddasiga asosan maʼmuriy bayonnoma rasmiylashtirilgan.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?

Ko‘p o‘qilganlar

Yangiliklar taqvimi

Кластер