Navoiy viloyatida taʼlim va innovatsiya haftaligi oʻtkazildi
Foto: “Xalq soʻzi”
“Kreativ taʼlim va innovatsiya – Yangi Oʻzbekiston taraqqiyotining asosi” shiori ostidagi “InnoWeek-2023» haftaligida bu safar “Yoshlar”, “Startaplar”, “Ilm-fan va tijoratlashtirish” va “Kreativ taʼlim” yoʻnalishlarida tashkil qilingan haftalik doirasida viloyat hududidagi OTM va ilmiy tadqiqot institutlari, professional taʼlim muassasalari, yosh ixtirochilar va tadbirkorlar oʻzlarining innovatsion gʻoyalar, ishlanmalar hamda mahsulotlari bilan ishtirok etishdi.
Shu oʻrinda taʼkidlash joiz, innovatsiyani aholining keng qatlamiga olib kirish maqsadida hududlarda bir qator innovatsion korxonalar faoliyati yoʻlga qoʻyilib, yangi ish oʻrinlari yaratilgan va bir qator tumanlarni innovatsion makonga aylantirishning chora-tadbirlari asosida manzilli yoʻnalishlari shakllantirilgan. Chunonchi, viloyatning innovatsion hududlari maqomidagi Karmana va Qiziltepa tumanlari uchun umumiy qiymati 26,4 milliard soʻmlik 26 tijoratlashtirish, startap hamda ilmiy loyihalar shakllantirilib, Innovatsion rivojlanish agentligi tomonidan moliyalashtirilganligi shular jumlasidandir.
Bundan tashqari viloyat mahalliy byudjeti mablagʻlari hisobidan hudud iqtisodiyotidagi muammolar yechimiga qaratilgan tayyor ilmiy innovatsion ishlanmalarni amaliyotga joriy qilish uchun 8 ta loyiha tanlanib, ularga 1 milliard soʻm mablagʻ yoʻnaltirildi. Natijada viloyat boʻyicha 250 ta doimiy va 50 ta mavsumiy yangi ish oʻrinlari yaratildi.
Bevosita joriy haftalik tafsilotlariga toʻxtaladigan boʻlsak, unda Oʻzbekiston Fanlar akademiyasi Navoiy boʻlimi, NDKTU, Navoiy davlat pedagogika instituti, Navoiy innovatsiyalar universiteti olimlari, talabalari va mutaxassislarining yuzdan ortiq kreativ gʻoyalari, startaplari va innovatsion ishlanmalari koʻrgazmasi namoyish etildi.
Ayniqsa, Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti hamda Navoiy davlat pedagogika instituti jamoalari tomonidan olib borilgan bir qator tadqiqotlar koʻpchilikning eʼtiborini tortdi.
— Murakkab geotexnologik quduqlarda qumlanishga va gazlanishga qarshi kurashish qurilmasi ustida ish olib borib, Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligidan patent oldik, – deydi Navoiy konchilik va texnologiyalar universiteti dotsenti Oybek Qurbonov. – Qurilmamiz konchilik sanoatiga tegishli boʻlib, geotexnologik quduqlarni oʻzlashtirish, quduqlardagi qumlanishga va gazlanishga qarshi kurashish uchun ishlatilishi mumkin. Uskunaning vazifasi esa yuqori gazlangan va qattiq zarrachalarning miqdori nisbatan koʻp boʻlgan tarkibli suyuqlikka ega boʻlgan geotexnologik nasos va quduqlarda nasos agregatlarining ish samaradorligini oshiradi. Ushbu qurilmamizning ish jarayoni esa quyidagicha: tarkibida gaz va qattiq zarrachalar boʻlgan mahsuldor eritma filtrlangan zona orqali quduq boʻshligʻiga kiradi va gidrostatik, gidrodinamik bosim taʼsirida yuqoriga koʻtariladi. Eritmani yuqoriga koʻtarishda qattiq zarrachalarning bir qismi ogʻirlik kuchi taʼsirida qisman quduq tubiga choʻkadi.
Shuningdek, koʻrgazmada koʻpchilikning eʼtiborini tortgan loyihalardan biri “Energiya tejamkor, issiqlikka izolyatsion, siqilishga bardoshli polimer betonlar uchun mahalliy xomashyolar asosida zamonaviy plastifikatorli yelimlar olish” loyihasi boʻldi.
— Loyihamizning tashabbuskori Navoiy davlat pedagogika instituti hisoblanadi, – deydi loyiha mualliflaridan biri Shavkatjon Sultonov. – Loyihamizdan kutilayotgan natijalar shundan iboratki, polimerli chiqindilar qovushqoqligini oshiruvchilar importini qisqartirish boʻlib, bu borada respublika boʻyicha ehtiyojni kamida 65-70 foizga taʼminlash mumkin. Loyiha doirasida 32 ta yangi ish oʻrni yaratilib, ijtimoiy daftarlarga kiritilgan yoshlar ish bilan taʼminlanadi. Biz tomondan ishlab chiqariladigan komponentlar mahalliylashtirilgan boʻlib, import qilinadigan plastifikatorlarning oʻrnini toʻliq egallay oladi.
Xulosa oʻrnida taʼkidlash joiz, yuqorida keltirganimiz haftalikning dastlabki hisob-kitoblari, bir narsa aniqki uning doirasidagi koʻrgazma va tadbirlar izlanuvchan kishilar uchun oʻzaro muloqotlar maydoniga aylanib, ishtirokchilarga fikr va tajriba almashish imkoniyatlarini ham taqdim etdi.
Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.
Tavsiya etamiz
Ko‘p o‘qilganlar
- Tinchlik sulhi shartlari bajarilmoqda: Gʻazo 3 nafar, Isroil 90 nafar mahbusni vataniga qaytardi
- Shavkat Mirziyoyev aholi bandligini taʼminlash va kambagʻallikni qisqartirishga oid muhim qarorni imzoladi
- “Eng yaxshi maqolalar” tanlovi gʻoliblari aniqlandi
- Oʻzbekistonda 2025-yil 1-apreldan elektr energiyasi va gaz narxlari oshiriladi
- Harbiy xizmatni oʻtash bilan bogʻliq tartiblar yangilanadi
- Voyaga yetmaganlar o‘rtasida huquqbuzarliklar profilaktikasi tizimi takomillashtirilmoqda
Izohlar
Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?
Izoh qoldirish uchun tizimga kiring