Navoiy kon metallurgiya kombinati ommaviy axborot vositalari nigohida

17:18 01 Noyabr 2023 Jamiyat
91 0

Foto: “Xalq soʻzi”

Navoiy kon metallurgiya kombinati (hozirda “NKMK” AJ) bundan 65 yil muqaddam Qizilqum kengliklarida tabiiy qazilma boyliklarni oʻzlashtirish va qayta ishlash maqsadida tashkil etilgan. Oradan besh yil oʻtib, kombinat tuzilmalarining barqaror ishlashini taʼminlash maqsadida Navoiy mashinasozlik zavodi (oʻshanda RMZ)ga asos solingan edi. Bugun tashkil etilganligining qutlugʻ sanalarini nishonlayotgan har ikki korxona mamlakatimiz iqtisodiyotining tayanch quvvatlaridan hisoblanib, ularga OAV vakillari uchun uyushtirilgan press-tur va matbuot anjumani oʻziga xos hisobot boʻldi, desak mubolagʻa emas.

OAV vakillari va jurnalistlar dastlab Navoiy mashinasozlik zavodining yirik sexlarida boʻlishib, korxonada metallni eritishdan tortib, tayyor mahsulot holiga keltirishgacha boʻlgan jarayonlar va ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish boʻyicha amalga oshirilayotgan loyihalar bilan yaqindan tanishishdi. Muhandis va ishchi-xodimlar bilan suhbatlashdilar.

Taʼkidlandiki, bugungi kunda mazkur zavod mahalliylashtirilgan va import oʻrnini bosuvchi mahsulotlar ishlab chiqarish boʻyicha respublikamizda eng yuqori oʻrinlarni egallab kelmoqda. Korxonada mehnat qilayotgan 3,5 ming nafar muhandis-texnolog, metallurg, mexanik va konstruktorlar mehnati tufayli 15 ming turdan ortiq yuqori sifatli mahsulotlar, shu jumladan, metall va yogʻochga ishlov beruvchi dastgohlar, yirik kon texnikalari uchun detallar ishlab chiqarilmoqda. Kombinat ehtiyoji uchun zarur boʻlgan ehtiyot qismlar, uskuna va jihozlarning 97 foizi ayni shu sexlarda tayyorlanmoqda.

— 2023-yilda zavod ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish doirasida “Mexanik yigʻuv sexini texnik va texnologik qayta jihozlash” loyihasi amalga oshirildi, — deydi korxona direktori oʻrinbosari Sanjar Rajabov. — Mazkur loyiha boʻyicha sexning yangi binosi qurilib, zamonaviy, samaradorligi yuqori dastgohlar ishga tushirildi. Yangi sexning ishga tushirilishi ogʻirligi 980 tonnagacha boʻlgan tegirmonlar, shuningdek, yanchish uskunalari, nasoslar, quyultirgichlar ishlab chiqarish va ularni taʼmirlash, ogʻirligi 400 tonnagacha boʻlgan yirik oʻlchamdagi jihozlarga ishlov berish imkonini yaratdi.

“Navoiy kon-metallurgiya kombinati” AJ shu bilan birga zavodning Quymachilik sexida ishlab chiqarilgan mahsulotlar hajmini oshirish maqsadida 25 tonnalik zamonaviy metall eritish pechi ishga tushirildi.Ushbu pech metall eritish quvvatini yiliga 30 foizgacha oshirish imkonini bermoqda.

Tadbir yakunida ishtirokchilar uchun matbuot anjumani tashkil etildi. Unda OAV vakillari va jurnalistlar oʻzlarini qiziqtirgan savollarga batafsil javob oldilar.

Temur ESHBOYEV, “Xalq soʻzi”.

Tavsiya etamiz

Izohlar

Hozircha hech kim fikr bildirmagan. Balki Siz birinchilardan bo'larsiz?